Birgina nigohi, hatto sukuti ham “gapiradigan” bunday aktyorlar sanoqli. Shuning uchun ham bu aktyordan tomoshabin katta-katta xarakterli rollarni kutadi. Aktyor uchun muvaffaqiyat kaliti bo`lgan barcha imkoniyatlarga ega O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Behzod Muham-madkarimov bugungi suhbatdoshimiz...
— Behzod aka, O`zbek Milliy Akademik drama teatrining yuz yillik to`yiga tayyorgarlik ishlari qizg`in ketyapti. Bu jarayonda sizning hissangiz qay darajada?
— Teatrimizning yuz yillik to`yi munosabati bilan kapital ta`mirlash ishlari yakuniga etib qoldi. Mavsum ochilguniga qadar aktyorlar viloyatlar bo`ylab gastrol safarlariga yuborildik. Ochig`i, ikki-uch oylab gastrollarda yurish oson emas. Sahnada ishlashning gashti o`zgacha-da! Qolaversa, teatrdan tashqari ishlarimizni ham to`xtatib turishga to`g`ri keldi. Yuz yillik to`yimizning to`yonasiga kelsak, har bir yangi spektakl va maxsus bayram dasturi muxlislarimizga sovg`a bo`lishi aniq. Aktyorlarning shu kungacha qilgan mehnati esa teatrning yuz yillik to`yiga qo`shgan hissasi bilan teng nazarimda.
— Fe`lingizdan kelib chiqsak, rol talashadigan aktyor emassiz, yo yanglishdimmi?
— Rejissyorni urib bo`lsa ham o`zimga yoqqan rolni o`ynayman (kuladi). Agar istagan rolini ijro etmasa, ijodkor nega “aktyorman” deb yuribdi? Sahna — mardi maydon. Ikkita dublyordan qay birining ijrosi zo`r bo`lsa, marra o`shaniki. Yo`qsa, sog`lom raqobatsiz rivojlanish bo`lmaydi.
— Muxlislar sizni teatr emas, kino aktyori sifatida qabul qiladi. Bu teatrda kinodagidek o`z o`rningizni topmaganingizdan darakmi?
— Yo`q, bu muxlislarning teatrga tushmasligidan darak (kuladi). Teatrga kelib turadigan tomoshabin Alisher Navoiy, “Mirzo Ulug`bek”dagi Abdulatif, “Mehrobdan chayon”dagi Anvar kabi katta-katta rollarimdan xabardor.
— Behzod Muhammad-karimovning Zaynab Sadrievaning “Farmonbibi”, Obid Yunusovning “O`tkuriy”sidek roli qani?
— Unday rollar har doim hamma aktyorga ham nasib etavermaydi. Aslida “Parvona”, “Kelinlar qo`zg`oloni” spektakllarining qo`lyozmasini u qadar yoqtirmayman. Lekin ijodiy guruh, rejissyorning mehnati, mahorat, topilmalar bilan to`ldirilib, zo`r asar sahnalashtirilgan. Shaxsan men maroq bilan ko`raman. O`z rolingga ega bo`lish — omad. Menga esa bunday shohona rol hali nasib etganicha yo`q.
Lekin chiqmagan jondan umid (kuladi), hali bunday rollar ijro etishga ulguraman.
Kinoning imkoniyati katta-da. Yangi filmni respublika miqyosida namoyish etish mumkin. Spektakl borasida esa bunday deya olmayman. Ijodga aloqador barcha yo`nalishlarda parallel ravishda faoliyat yuritishga harakat qilaman. Nazarimda, bu borada tarozining pallasini teng ushlashning uddasidan chiqyapman. To`g`ri, bu qiyin jarayon — uyqusiz tunlar, hamma ishga vaqtni to`g`ri taqsimlash degandek (kuladi)... “Tinchgina teatrda ishlab yuraveray”, deydigan aktyorlar ham bor. Lekin unday yurishni istamayman.
— “Ikki kemaning boshini tutgan g`arq bo`lur”, degan naql ham bor. Sizning “qayiq”laringiz esa bir nechta...
— To`g`riku-ya, lekin yo`nalish bitta. Kinoda ham, teatrda ham aktyor rol ijro etishi kerak. Dublyajda esa aktyor qatnashishi kerak. Qolaversa bularning bari aktyorning mahoratini charxlab boradi. Teatr aktyorning aqlini ishlatishga, “forma”da yurishga majbur qiladi. Kino teatrda yig`ilgan tajribalarni ekran orqali ko`pchilikka ko`rsatishga xizmat qiladi. Dublyaj nutqni ravonlashtiradi va kino, teatrda nasib etmagan “xarakter”ni ijro etishga imkon beradi. Radioda esa ovoz bilangina holatni tinglovchiga etkazib berishingiz kerak. Ijodkorga hamma yo`nalishdagi faoliyat muhim. To`g`ri, charchoqdan o`zingizni qo`yarga joy topolmay qolasiz. Lekin tanlagan kasbingning mashaqqatlariga ham chidash kerak. Institutda o`qib yurgan kezlarim “Xudo xohlasa, kelajakda dublyajdan teatrga, u erdan kino, radioga yugurib, nafas rostlashga vaqtim bo`lmasin”, deb niyat qilardim. Niyatda gap ko`p ekan, etkazganiga shukr! Uyda o`tirib “Qachon biror rejissyor filmiga chaqirib qolarkin?” deyishdan o`zi asrasin. Undan ko`ra teatr, kino, dublyaj rejissyorlaridan uzr so`rab, shoshib yurishdan qo`ymasin (miriqib kuladi).
— Nahotki teatrda dramaturgiya, rejissura, “yuk”i bor asarlar borasida oqsash yo`q, deb o`ylasangiz...
— Bu borada hamma teatrda yaxshi asarlar etishmovchiligi bor. Shuning bois teatr o`zini oqlash uchun tijoratbop spektakl ham qo`yadi. Orasida yuqori saviyali spektakllarni ko`rishni istagan tomoshabinlar uchun jiddiy asarlar ham namoyish etilyapti. Aytish mumkinki, teatr — doimiy izlanishda bo`ladigan soha. Ijodkor “sindirib qo`ydim”, deb o`ziga ortiqcha ishonishi, ishidan doimiy qoniqishi — uning o`lgani. Shaxsan o`zimning ijromdan bir foizgina qoniqaman. Ba`zida kuyib-pishib o`ynagan rolimni ekranda ko`rib, hafsalam pir bo`ladi. Bu tasvirchi va rejissyorning ishlash mahorati bilan bog`liq jarayon. Teatrda esa zalda tomoshabin yo`talishni boshlasa, ijromda nimadir etishmayapti, degan o`y bilan harakat qilaman. Suv quygandek jim-jitlik bo`lsa, o`sha sukunatning o`zi ilhom, kuch beradi. Sahnadan oladigan rohat ham shunda. Ishimizning bahosini o`sha zahotiyoq olamiz.
— Bir necha yillik tanaffusingizdan so`ng ijodga qaytishingiz anchayin shov-shuvlarga sabab bo`ldi. Biroq Behzod Muhammadkarimov muxlislar kutgan natijani to`la oqlamadi...
— Rejissyor bo`lganimda nimalardir qilgan bo`lardim. Aktyorlikning menga yoqmaydigan jihati — rejissyor va ssenaristga bog`liqligi. O`zim rol so`rab bormayman-ku!
— Vaholanki, bir qancha filmlarda suratga tushdingiz. Ularning barida ham Behzod Muhammadkarimovning borligi bilinmadi...
— Hamma rol ham doim kutilganidek bo`lavermaydi. “Yuk”i bor rollarning o`zi bo`lgani yo`qda. Suratga tushgan filmlarim ham menga bildirilgan takliflarning eng yaxshisi edi. Rol tanlayversam, birorta rejissyorning taklifini qabul qilmasligimga to`g`ri kelib qoladi. Chunki ko`ngildagidek asarlar juda kam. Lekin aktyor o`zini “charxlab” turishi uchun bir-ikkita kinokartinada ishtirok etib turishi lozim. Nima, Gollivudning hamma filmlari talab darajasida deb o`ylaysizmi? Bizga ularning 3 foizgina eng yaxshi ishlangan kinokartinalari etib kelar ekan. Qolgan filmlarining birortasini ko`rib bo`lmaydi. Ijod matematika emaski, aniq hisoblab kutilgan natijaga erishish mumkin bo`lsa...
— Amir Temur, Elchin, Otabek qiyofasi qaytmadi. Nazarimda, rejissyorlar sizdek iste`dodli aktyorning imkoniyatlaridan to`liq foydalana olmayapti...
— To`ppa-to`g`ri! Men uchun rol yozib, rejissyorlar e`tibor qaratsagina, siz aytgan natija ko`rinadi. “Amir Temur” filmining keyingi fasllari suratga olinsa ham yomon bo`lmasdi (samimiy kuladi). Hozir qaynona-kelin mavzusidagi maishiy filmlar urf bo`lib qoldi. Aslida aktyorlarning hayoti kutish bilan o`tadi. Ijodkor “yuk”i bor rol uchun yo mablag`i, yo tanish-bilishni yuz xotir qilolmay filmda ishtirok etadi.
— Aslida olqish, mashhurlikdan rohatlanasizmi yo jarayonning o`zidan...
— Yashirmayman, avvallari olqish, mashhurlikka o`ch edim. Hozir esa bularga oddiy ko`z bilan qarayman. Qaytgach, kibrim yo`qoldi. Ishimni sifatli bajarish haqida qayg`uradigan bo`lib qoldim. “Menga reklama kerak emas”, desam hamkasblarim g`alati qarashadi. Bir kunlik shon-shuhratning menga keragi yo`q.
— Har bir ijodkor taniqli emas, sevimli bo`lishni orzu qiladi. Sizni yaxshi ko`rishlarini istaysizmi yo tushunishlarini?
— Qahramonimning dardini “aytganimda”, meni tushunishlarini istayman. Hayotda ko`z tegmasin, hamkasblarim meni doim tushunib, hamfikr bo`lib kelishgan. To`g`ri, ijodkorlar orasida “raqobat”, bahs, mayda gaplar bo`ladi. Menga nisbatan shunday munosabat bo`lganida, demak, yaxshi ishlayotgan ekanman, deb xursand bo`laman. Jimjitlik bo`lib qolsa, xavotirga ham tushib qolaman (kuladi). Kasbimizning yaxshi tomoni — istalgan yoshda “davr”ingiz kelib qoladi va necha yoshda bo`lmang, ijro etishga rol topiladi. Shaxsan mening “davr”im endi keladi (kuladi).
— Ko`ngil xotirjamligi sizni hech qachon tark etmasin!
Cadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi