Alyansning amaldagi bosh kotibi Anders Fog Rasmussen NATO sammiti ishtirokchilariga tashkilotning yangi bosh kotibi Yens Stoltenbergni tanishtirdi, deb xabar beradi Euronews.
55 yoshli Stoltenberg bosh kotib lavozimidagi faoliyatini 1 oktyabrdan boshlaydi.
Yens Stoltenberg 2000-2001 va 2005-2013 yillardagi Norvegiya bosh vaziri bo`lgan. Aynan uning davrida Norvegiya tarixidagi eng katta halokatli terroristik harakatlar amalga oshirilgan. 2011 yilning iyul oyida norvegiyalik Anders Breyvik Osloda qo`poruvchilik harakatini amalga oshirgan va Utyoya orolidagi o`smirlar oromgohiga borib, o`nlab yoshlarni otib tashlagan. Umumiy hisobda Breyvik amalga oshirgan harakatlar oqibatida 77 kishi vafot etgan.
Norvegiya bosh vaziri lavozimida Stoltenberg muntazam NATO operasiyalarini ma`qullab kelgan. Xususan, 11 sentyabrdan so`ng AQShning terrorizmga qarshi kurashishi va NATO harbiylarini Afg`onistonga yuborishni qo`llab-quvvatlagan. Shuningdek, Stoltenberg “Global isish”ga qarshi kurashchi nomi bilan ham mashhur. U BMTning iqlim bo`yicha maxsus vakili lavozimida ham faoliyat yuritgan.
Uelsda bo`lib o`tgan sammit Anders Fog Rasmussen uchun so`nggisi bo`ldi. 2016 yili Varshavada bo`lib o`tadigan navbatdagi sammitga tayyorgarlik ishlarini endi Yens Stoltenberg olib boradi.
Qayd qilib o`tamiz, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi O`zbekiston Respublikasi delegasiyasi Uelsdagi NATO Sammitining Afg`oniston masalasi bo`yicha maxsus yig`ilishda ishtirok etdi.