my5
Sevimli

Birinchi yarim yillikda naqd pulga bo`lgan talab oshdi

Iqtisodiyot 16.08.2018, 10:58
Birinchi yarim yillikda naqd pulga bo`lgan talab oshdi

2018 yilning yanvar-iyun oylarida muomaladagi naqd pullar miqdori, pul aylanmasi tarkibidagi o`zgarishlar hamda mavsumiy omillar ta`sirida shakllanib bordi. Bu haqda Markaziy bank axborot berdi.

Xususan, joriy yilning I choragida muomaladagi naqd pullar hajmi 1,2 trln. so`mga qisqargan bo`lsa, II choragida 3,4 trln. so`mgacha ortishi kuzatildi. Natijada, 2018 yilning I yarim yilligida naqd pul massasi 2,2 trln. so`mga oshdi.

Naqd pulga bo`lgan talabni shakllantiruvchi asosiy omillar

Yuqorida ta`kidlanganidek, naqd pulga bo`lgan talabning o`zgarishi asosan mavsumiy omillar bilan izohlanadi. Bunda mamlakatimizga xalqaro pul o`tkazmalari hajmlarining asosan yilning ikkinchi va uchinchi choraklarida boshqa choraklarga nisbatan ko`proq bo`lishi va natijada, aholi tomonidan tijorat banklariga xorijiy valyutani sotish hajmlarining oshishi mos ravishda naqd pulga bo`lgan talabning ortishiga olib kelmoqda.

Banklar tomonidan aholidan sotib olingan xorijiy valyutalar va pul o`tkazmalari miqdori (mln. dollarda)


Xususan, agar joriy yilning I choragida mamlakatimizga xalqaro pul o`tkazmalari orqali 950 mln. dollar miqdoridagi valyuta mablag`lari kirib kelgan bo`lsa, II chorakda ushbu ko`rsatkich 1,4barobarga oshib 1 335 mln. dollarni tashkil etdi.

O`z navbatida, tijorat banklari tomonidan I chorakda aholidan
420 mln. dollar miqdoridagi (3,4 trln. so`m) xorijiy valyuta sotib olingan bo`lsa, II chorakda ushbu ko`rsatkich 2 barobarga oshib 868 mln. dollarni (6,9 trln. so`m) tashkil etdi. Mazkur holat naqd pulga bo`lgan 3,5 trln. so`mlik qo`shimcha talabni yuzaga keltirdi.

Shu bilan birga, aholi tomonidan chet el valyutasini milliy valyutaga ayirboshlashga bo`lgan talabning oshishi milliy valyuta kursining joriy yil boshidan mustahkamlanib borishi bilan ham izohlanishi mumkin.

Banklar tomonidan aholidan sotib olingan xorijiy

valyutalar miqdori (mlrd. so`mda)


Shuningdek, aholining naqd pulga bo`lgan talabini to`liq qondirish maqsadida bankomatlar va terminallar tarmog`i kengaytirilishi hisobiga plastik kartalardan naqd pullar echib olish hajmlari oshdi.

Xususan, 2018 yilning II choragida aholi tomonidan plastik kartadagi mablag`lar hisobidan naqd pul echib olish hajmi I chorakdagi ko`rsatkichdan 1,4 barobarga ortib, 2,2 trln. so`mni tashkil qildi.

Bu esa, aholi tomonidan savdo va pullik xizmatlar uchun to`lovlarda naqd pullardan foydalanish darajasini oshishiga olib keldi.

Xususan, joriy yilning yanvar-iyun oylarida savdo va pullik xizmatlar uchun naqd pulda to`langan to`lovlar hajmi o`tgan yilning mos davriga nisbatan 2,7 barobarga oshgan bo`lsa, terminallar orqali to`langan to`lovlar miqdori o`tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli o`zgarishsiz qolgan.

Umuman olganda, bank plastik kartalaridan naqd pulni echib olish hajmlarining oshib borishi hamda savdo va xizmat ko`rsatishdan tushgan tushumlar tarkibida naqd pullar ulushining ko`payishi aholi uchun naqd pullarning qulay to`lov vositasi bo`lib qolayotganligidan dalolat beradi.

Shuningdek, jismoniy shaxslar plastik kartalaridagi mablag`lari qoldig`i 2018 yilning yanvar oyidagi 1,6 trln. so`mdan 16 foizga oshib iyun oyida 1,8 trln. so`mni tashkil etdi.

Bu o`z navbatida, aholi tomonidan plastik kartochkalardagi mablag`larni istalgan paytda bank xizmatlaridan foydalangan holda naqd shaklda hech qanday to`siqlarsiz echib olishga bo`lgan ishonchining ortib borayotganligini va plastik karta xisobvaraqlarida bo`sh pul mablag`larini saqlashga qiziqishning ortayotganligi bilan izohlanishi mumkin.

Shu bilan birgalikda, pul-kredit sohasidagi amalga oshirilayotgan tarkibiy o`zgarishlar ta`sirida bank kassalari orqali naqd pullar aylanmasi hajmining ortib borishi kuzatilmoqda.

Xususan, 2018 yilning yanvar-iyun oylarida naqd pullarning bank kassalari orqali o`rtacha oylik aylanmasi hajmi 11,7 trln. so`mni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan (4,7 trln. so`m) 2,5 barobarga oshishi kuzatildi.

Bank kassalari orqali amalga oshirilgan naqd pul aylanmalari hajmi (mlrd. so`mda)

Шарҳлар