Ташкент +4° Wed 02:14
Долзарб мавзулар Foto

Amir Temur otining laqabi "O`g`lon" edi

Бўлимлар: Moziydan sado
Теглар:
Добавлено: 18.09.2018, 11:28

Ko`hna moziyni yilqisiz tasavvur etish qiyin.

To`g`rirog`i, ne-ne qirg`inlarni bag`riga bosib yotgan o`tmish sahifalarida ko`plab jahongirlar qatorida tarix mulkiga aylangan otlar izi bor. Deylik, hazrati Muhammad soliollohu alayhi vassalam Buroq, halifa Ali Duldul, fotih Iskandar Busefal kabi arg`umoqlar bilan eslanadi. Otchilik tarixi tadqiqini ushbu qadimiy otlar silsilasida tahlil qilganda qo`hna dunyo yilqichiligi nomayon bo`ladi. Ya`niki, Busefalu Buroqlar timsolida arab va friz otlarining o`tmish qa`riga singib ketgan seleksiyasi bo`y ko`rsatadi. Har ikki tarixiy zotning nechog`lik qadimiy ekanligini dalillaydi.

Ana shu eski zotlar sirasida o`zbek elining ko`pming yillik qadrdoni hisoblanmish qorabayir otlari ham borki, quyida sohibqiron Amir Temurning suyukli O`g`lon laqabli oti timsolida o`rta asr qorabayirlari haqida so`z yuritamiz.

Dastlabki ta`kid shuki, jahongir bobomizning suyukli va nomdor otlari ko`p bo`lgan. Lashkar eli muntazam toza qonli jangchi otlar bilan ta`minlab turilgan. Buning uchun sohibqiron davlati devonida “sipohsolar”, “miroxur” kabi lavozimlar joriy etilib, ular atrof-javonibdan eng kuchli, eng sara sinchi-sayislarni lashkar o`rdasiga jamlagan. Sinchilar uyurlardan kelajagi porloq toylarni sinlab keltirsa, sayislar ana shu toylardan uchqur arg`umoqlar chiqargan. Har bir otning qadamiyu jilovi qat`iy nazoratda bo`lgan. Sarkarda bobomizning Eronu Turon, Hindistonu Gurjiston orasida shamoldan tez, qushdan ilg`or harakatlanishida sinchi-sayislar mehnati yotadi aslida.

O`rta asr solnomalarida Amir Temur va temuriy hukmdorlarning muhorabalari, turmush tarzi bilan bog`liq kechmishlarida ot bilan bog`liq juda ko`p xotiralar qayd etilgan. Shulardan biri O`g`lon haqidagi qaydlardir. U haqdagi dastlabki va nisbatan to`liq ma`lumot Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” sida quyidagicha keladi:

– Amir Sohibqiron ul viloyatning podshohligini To`qtamish (To`xtamishxon nazarda tutilgan – A. S) podshohga taqdim etdi, asbob-anjomlarni muhayyo qilib, uni o`sha mamlakatda qoldirdi, uchqurlikda shamoldan o`zuvchi, tezlikda suvdan ham o`t chaqnatuvchi O`g`lon nomli bo`z otini unga in`om qildi...

Bu voqealar 1379 yilda sodir bo`ladi. Amir Temur ko`magi bilan Oq O`rda taxtiga o`tirgan To`xtamishxon (bir oz o`tib) yana bir chingiziy Temur Malik o`g`lon hujumiga dosh bera olmaydi. Yana Samarqand sari ot qo`yadi. “Zafarnoma” da bu jarayonlar mana bunday aks etgan:

– Ko`p jang va muhorabadan keyin To`qtamish ortiga yuz o`girdi va odamlariyu lashkaridan uzoqlashib qoldi. Shundan so`ng amir (Amir Temur nazarda tutilmoqda – A. S) bergan otga minib tanho o`zi Amir Sohibqiron huzuriga yo`l oldi... Ul davlat sohibining uzoqni ko`radigan muborak nazari (sharofati) bilan ul nomdor ot sababli xalos topdi...

Demak, To`xtamishxonni muqarrar o`limdan ana shu ot saqlab qolgan. Shu arg`umoq uni g`animlariga etkazmay Samarqandga – sohibqiron huzuriga olib kelgan. Demak, uzoqni ko`ra biladigan davlat sohibi yosh hukmdorga mustahkamlanib olishi uchun chopganda qushdan o`tadigan noyob yilqi hadya etgan. Ko`rinadiki, Amir Temur uni chindan ham saltanatining shimoliy sarhadlariga ishonchli voliy etib qo`ymoqchi bo`lgan. Bepoyon shimol dashti tinch bo`lsa, duru javohirga boy janubni zabt etish ishlari oson kechgan. Shu bois bag`ir bosib qolgan toza qonli arg`umog`ini tortiq etgan. Hofiz Abruning yozishicha, sarkarda To`xtamishga O`g`lonni tortiq qilayotib shunday degan ekan:

– Bu otni avaylab saqlagin. Kun kelib yarab qoladi...

Afsuski...

Avvaliga ota-o`g`il kirishgani yosh tojdor payt kelib mustaqil hukm yuritishni xohlab qoladi. Bu ham etmagandek Amir Temur raqiblari bilan hufyona til biriktiradi. Eng ayanchlisi, sohibqiron qo`shini Eron sari otlanganda Mavoraunnahrga bosqinchilik qiladi.

Natijada (g`azabga kelgan) sohibqiron 1395 yili Terek daryosi bo`yidagi muhorabada To`xtamishxon nomini tarix sahnasidan supurib tashlaydi. Nadomatlar bo`lsinki, o`tmishning keyingi sahifalarida O`g`lon haqida biror xabar uchramaydi.

Balkim, keyingi tarixtoparlar qaydalaridan chiqib qolar...

Anvar Suyunov,

O`zbekiston yilqichilik va ot sporti federasiyasi matbuot kotibi

PS: Material O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi granti doirasida tayyorlandi.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Shou-biznes

SUG'DIYONA