my5
Sevimli

“ShOIR BO`LSANG, MANGU OShIQSAN”

Mutolaa 07.10.2018, 14:19
“ShOIR BO`LSANG, MANGU OShIQSAN”

Yaqinda “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan nashrdan chiqqan shoir va tarjimon Muhiddin Omonning “O`rtamizda ishqning gulxani” nomli she`riy to`plami O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi e`lon qilgan “Vatan uchun yashaylik!” tanlovi sovrindoriga aylandi. Biz sevimli shoirimizni qutlagan holda quyida adabiyotshunos Hulkar Hamroevaning ushbu kitob haqidagi tahliliy maqolasini keltirib o`tishni lozim topdik.

O`ylaymizki, muallifning so`nggi yillarda bitgan dil rozlaridan iborat mazkur guldasta she`riyat ixlosmandlarining ko`ngil mulkiga evriladi.

O`zMAA “O`zbekiston” NMIU

Matbuot xizmati

Iste`dodli shoir Muhiddin Omon shoirlikni so`zga mangu oshiqlik deb biladi. Bolalik yillarida ko`ngilda tug`ilgan, o`quvchilik davrida havas, talabaligida mehr deb atalgan she`r ishqi yillar o`tib shoirlik qismatiga, haqiqiy e`tiqodga aylandi. Uning samimiyat, joziba va falsafiy teranlik uyQunlashgan ijodining mahsuli sifatida qator she`riy to`p­lamlari, tarjimalari nashr etildi. Shoir hamisha o`zining mangu oshiqlik e`tiqodiga sodiq, har bir she`rida yangi fikr aytishga intiladi, buning uchun yangi shakl va uslub, ishora va tashbehlar, ramzlar izlaydi. Muhiddin shoirga iste`dodning o`zi etarli deb hisoblamaydi: tinimsiz izlanadi, nihoyatda ko`p o`qiydi. O`zbek mumtoz adabiyoti bilan bir qatorda jahon adabiyotini ham sinchkovlik bilan, o`ziga xos badiiy did bilan o`rganadi. Uning she`rlari qalb amrigina emas, qalb ehtirosi hamdir. Ular shunchaki o`qilmaydi, balki hayot haqida mushohada yuritishga, o`zingni va qalbingni tahlil qilishga da`vat etadi.

Muhiddin Omonning shoir ko`nglida tabiat bilan hamohanglik, qismatdoshlik, go`zallikka ishtiyoq tuyg`usi kuchli. U inson ruhiyatidagi silsilalarni tasvirlar ekan, tabiatdagi hodisalarda ularga qondoshlikni ko`radi:

Bo`tako`zning ko`zlari tiyrak,

Qizg`aldoqqa hamroz bo`lay der.

Boychechaklar boladek ziyrak,

Gul tilida irod qilar she`r.

(“Bahorni sog`inib”)

Bahorni sog`ingan bedor ko`ngil kechinmalari o`xshatish, jonlantirish kabi san`atlar vositasida kitobxon qalbiga muhrlanadi. Bo`tako`zning qizg`aldoqqa hamroz bo`layotganligiga, “boladek ziyrak boychechak”ning “gul tilida” she`r o`qiyotganligiga kitobxonni ishontiradi. Shoirning “Navro`z kelib” she`rida tabiat hodisalari bilan uyQunlashgan ruhiy mantiq yana kuchayadi:

Navro`z kelib adirlarda nish urdi yalpiz,

Xizr bobo libosiga burkandi bog`lar.

Uning yashil qanotida uchib kelgan his,

Sen onangni yo`qladingmi, deya so`roqlar.

Bahor tashrifini hamma birdek intiq kutadi. Kimningdir ko`ziga birinchi bo`lib adirda nish urgan yalpiz ko`rinsa, yana kimdir “Xizr bobo libosiga burkangan bog`lar”ga boqib zavqlanadi. Shoirga esa bahor “Sen onangni yo`qladingmi?” deya so`roqlayotganday tuyuladi. She`r sog`inchning surati bo`lib kitobxon ko`ngliga ko`chadi:

Tushlarimda: qadim hovli, bag`ri keng osmon,

Faryod chekar, bo`g`zin buzib bo`zlar bo`zto`rg`ay.

Chorlar meni, qaytgin deya, yolvorib giryon,

Bolaligim – mehrga zor, etim bolakay...

Biz mo``tabar ota-onamizni sog`inganimizda, ular ziyoratiga otlanganimizda tabiat butun borlig`i bilan bizga hamroh bo`ladi: yalpizu maysalar, turfarang gullar bizning sog`inchimizni, mehrimizni etkazuvchi tilmochga aylanadilar. Shunday beg`araz tilmochki, ulardan ajralgimiz kelmaydi. Muhiddin Omon “Yana bahor haqida” she`rida ham go`zal tashbehni katta mahorat bilan ishlatadiki, unga e`tibor bermaslikning iloji yo`q:

Bahor nozli yordek qaysar va shaddod,

Zumda chimiradi abro` qoshini.

Bo`lar-bo`lmasga ham ranjigay, hayhot,

Keyin to`xtatolmas ko`zdan yoshini.

Shoir osmonda bulutlar to`planib, yomg`ir quyishini bag`oyat nafosat bilan, nihoyatda jozibali tasvirlaydi. Natijada bu manzara tabiatning oddiy hodisasi emas, balki inson ko`nglida kechayotgan silsilayu evrilishlarning in`ikosidek tasavvur uyg`otadi. O`zimizni go`yo bulutli osmon va shig`alab yog`ayotgan bahor yomg`irining nusxasi ko`chirilgan kartina oldida turganday his qilamiz. Yomg`irdan junjikib, qo`limizni shunday uzatsak, bulutlarga tegadiganday... Muhiddin Omonning bu kabi rangin she`rlari inson ruhiyatidagi nozik tebranishlarning tabiatdagi aks-sadosiga, nafosat va samimiylikning maftunkor qo`shig`iga o`xshaydi:

Ipakdek serjilo maysalar qo`shib,

Qirlar to`qimoqda qirmizi gilam.

(“Bahor nashidasi”)

Inson eng benazir farog`atni, qalb xotirjamligini faqat o`z Vatanida, oilasi baQrida, tillaridan shukronalik tushmaydigan ota-onasining duolarida tuyishi mumkin. Bolajon o`zbek xalqi uchun shuning o`zi baxt. Shoirning “Bobodehqonga qasida” she`rida aynan shu tug`yonning yangi tashbehiga duch kelamiz:

Otam derdi: ona erning taftin bil,

Ul Vatandir, erga mangu bog`la dil.

Men-ku, seni jigarbandim atayman,

Mendan avval sen tuproqqa bo`l o`g`il...

Otamdayin vazmin, xoksor qo`rg`onim,

O`ar o`giti hikmatga yor, Dehqonim!

“Kuz xayollari” she`rida tabiatdagi o`zgarishlarning inson kayfiyati va ruhiyatiga ta`siri, inson va borliq munosabatlari talqini, inson ko`nglidagi ichki ziddiyatlarning tabiat bilan bog`liqligi mujassam.

Har lahza – mangulik qo`shig`iga bayt,

Xayol rishtasidek chuvalgay mezon,

Fikrating yoritgay nogahon shu payt,

Sabr-la oltinga aylangan xazon...

She`rda donishmand xalqimizning “Sabr tagi oltin” degan dono maqolining tabiatdagi sokin suratini ko`ramiz. Bu suratga uzoq tikilib qolamiz, mezondek chuvalgan xayol rishtalaridan o`zimizni va o`zligimizni izlaymiz. Hayotning mangulik qo`shig`i ekanligi, uning har lahzasida ishq borligini, uning qadri nechog`liq aziz ekanligini har doimgidan chuqurroq anglaymiz. Anglaganimiz sayin ruhiyatimiz poklanib boraveradi:

Hayot bu ishq, ishq esa bahor,

Bahor mangu tugamas ertak.

Sen oshiqsan, tiriksan demak!

To`g`ri, tabiat go`zalligini madh etmagan ijodkor kam. Ayniqsa, bahor tasviri, uning ajib nafosati har bir ko`ngilni go`zallik olamiga etaklaydi, ko`tarinkilik, jo`shqinlik, quvnoqlik va hayotga muhabbat, ertangi kunga umid tuyg`ularini baxsh etadi. Muhiddin Omon ijodida bahor va kuz haqidagi she`rlar ko`pdek tuyuladi. Shoir fasllarni shunchaki madh etmaydi yoki ularni bir-biriga qarshi qo`ymaydi, balki har biridan ko`ngil ohangiga mos holatlar, manzaralar topadi. Bular mahorat, izlanish mashaqqati evaziga dunyoga kelgan, qalb qo`ridan yaralib, oq qog`ozga ko`chgan misralardir. Shoir tinimsiz ravishda davrni va inson ko`nglini poetik kashf etishga intiladi. Uning Vatan haqidagi she`rlarida tafakkur va samimiy tuyg`uning mujassamligi tufayli poetik mazmun teranligi yuqori pardalarga ko`tariladi.

Barini o`yladim, ayladim tahlil,

Senga bo`lgan ishqim bemavrid g`uncha.

Menga nasib etmas baxt degan manzil,

Xazon faslim etar gul ochilguncha.

... Seni ko`rganimda yuzimda kulgu,

Lablarda tabassum, baxtim nishoni.

Sen ham ko`ringaysan beg`am, beqayg`u...

Yashayapmiz... bitib yolg`on inshoni...

(“Yashayapmiz”)

“Xayr” degan so`zni yomon ko`rasan,

Biroq... aytmoq kerak, aytar vaqt bo`ldi

Balki so`zlarimni eslab yurarsan,

So`zlarim gul edi, hammasi so`ldi...

(“Xayr” degan so`zni... ”)

Iste`dodli shoir Muhiddin Omonning so`z tanlash, so`z qo`llash mahorati, ifoda uslubidagi o`ziga xoslik haqida ham alohida to`xtalish mumkin. Shoir ona tilining ichki imkoniyatlari va tovlanishlarini, badiiy so`z qimmati, qudrati va mas`uliyatini, davr va odamlar uchun muhim bo`lgan badiiy estetik ehtiyojlarni, boqiy qadriyatlarni yurakdan his qiladi. U xuddi ilmi tolibdek hamon izlanishda, hamon so`z ishqida bedor, hamon o`zini o`zi shafqatsiz savollarga tutadi:

Balki kimdir yo`qlar, kimdir so`ragay,

“Qanday yashab o`tdi, Muhiddin Omon?”

Shunda aytavering xijolat bo`lmay,

Uning har satrida umri namoyon. . .

Shoir ham biz kabi tug`ildi, o`sdi,

Unga ham insoniy barcha qusur xos.

Faqat haqiqatning edi chin do`sti,

Faqat u oshiqdek yashadi, xolos.

Muhiddin Omonni elga tanitgan, adabiyot ixlosmandlariga sevimli qilgan haqiqiy e`tiqod, chin shoirlik va chin oshiqlik aslida shu.

Hulkar Hamroeva,

filologiya fanlari nomzodi

Шарҳлар