Долзарб мавзулар Foto

Ohangaron tumanida qadimiy arxeologik topilmalar topilmoqda

Бўлимлар: Moziydan sado
Теглар:
Добавлено: 12.10.2018, 10:07

Toshkent viloyati O`zbekistondagi madaniy meros ob`ektlariga boy hududlardan biri hisoblanadi. Mana, bir necha kundirki, viloyatda madaniy meros ob`ektlarini xatlovdan o`tkazish ishlari davom etmoqda. O`zMTDP viloyat Kengashi Devoni rahbari Shuhrat Nasimov, Mintaqalararo madaniy meros ob`ektlarini muhofaza qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi Farhod Mirxo`jaev va arxeolog Server Ashirov hamda shu soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi madaniy meros ob`ektlarini xatlovdan o`tkazish ishlarida ishtirok etmoqda.

O`rganishlar jarayonida ishchi guruhi “O`zbekiston” mahalla fuqarolar yig`ini hududidagi Qoraxitoy qishlog`ida qiziq voqea ustidan chiqdi. Qishloqda Davlat dasturi doirasida namunali uylar qurilmoqda. Qurilishda qazish ishlari olib borilayotgan erning ustki qismidan 1,5-2 metr chuqurlikda qadimiy arxeologik topilmalar, ko`za, xumlar va turli xo`jalik buyumlari topilmoqda. Ma`lum bo`lishicha bunday buyumlar quruvchilar tomonidan ko`plab topilgan. Ammo shu paytgacha hech kimga xabar qilinmagan.

Mahalliy aholidan ushbu xabarni eshitgan ishchi guruh a`zolari qurilish maydoniga borib vaziyat bilan tanishishdi. Natijada bitta katta xumdon: bo`yi 120 sm, aylanasi 232 sm, bir necha kichik ko`zalar va tegirmon toshlari topildi.

— Bu arxeologik topilmalar milodiy asr boshlariga to`g`ri keladi. Chunki topilmalar orasida tegirmon toshlarini ham uchratish mumkin. Bunday tegirmon toshlari milodiy asr boshlarida ixtiro qilinib, xo`jalikda qo`llanila boshlangan. Topilgan sopol xumdon va ko`zalarning qora angor qilinganligi (sirlanganligi) ham yuqoridagi fikrimizga dalil bo`la oladi. Chunki sopol idishlarning angor qilinishi (sirlanishi) ham milodiy asr boshlariga to`g`ri keladi. Qadimda odamlar don mahsulotlarini turli xil kemiruvchilardan asrash maqsadida yirik xumlarda saqlagan, ushbu xumlarda ham don mahsulotlari saqlanganligini taxmin qilish mumkin, - deydi, arxeolog Server Ashirov .

Bu arxeologik topilmalarni mutaxassislar o`rganishi va yanada ko`proq ma`lumotga ega bo`lish maqsadida, O`zbekiston Fanlar akademiyasi Yahyo G`ulomov nomidagi Arxeologik tadqiqotlar institutiga topshirish rejalashtirilmoqda.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

SUG'DIYONA