AsosiyShou-biznes

​Avaz Oxun 8 soat to`xtamay gapira oladi

'​Avaz Oxun 8 soat to`xtamay gapira oladi'ning rasmi

O`zining «Ettidan etmishgacha» deb nomlangan yangi konsert dasturini havola etish istagida bo`lgan Avaz OXUN shu kunlarda juda band. Shunga qaramay, suhbatlashishga bajonidil rozi bo`ldi. Nooadatiy savollarimiz bilan cho`chita olmagan bo`lsak-da, u haqida hech kim bilmagan ma`lumotlardan xabar topdik.

Atay kimnidir kulguga olgan paytingiz bo`lganmi?

— Sahnada ha, hayotda yo`q! Sahna chiqishlarida kimdandir murojaat kelib tushsa, aytaylik, bu tomoshabinlardan biriyoki hamkasblar bo`lsa, hazil tariqasida kulguga olishim mumkin. Bu mening javobim bo`ladi-da. Lekin hayotda atay kimnidir kulgu qilmayman.

— Bir kun kelib hazil qilish uchun mavzu qolmasa...

— Qaerdadir qolib ketgani bo`lar, qidiramiz! Har konsertdan so`ng mavzular qopi bo`shab qoladi, uni qayta to`ldirish uchun yangilarini izlab topish kerak. Qisqasi, mavzu axtarish bu Avaz Oxunning har doimgi ishi.

— Rostini ayting, boshqa so`z ustalarining repertuaridan ko`chirmakashlik qilganmisiz?

— Yo`q! Repertuarni tomosha qilib ilhomlangan bo`lishim mumkin, lekin ko`chirmakashlik qilmaganman. Boshqa san`atkorlar tomonidan ijro etilgan latifalardan foydalanib turaman, negaki ular xalq mulki. Biroq hech kimning mualliflik ishidan nusxa olmayman.

— Avaz Oxun qachon yolg`on gapiradi?

— Aytadigan so`zim yaxshilikka xizmat qilishi mumkinligini bilsam, yolg`on ishlataman. Ammo yolg`onchilarga hushim yo`q.

— Sizdan qarz so`raydiganlar ko`pmi?

— Qarz olganlar ko`p (kuladi). Olishga olishgan-u, hali qaytarib berishmayapti.

— Nechta hazilni yoddan bilasiz?

—To`g`risini aytsam, hisoblab ko`rmagan ekanman. Shu yilgisi bilan bu to`rtinchi konsert dasturim bo`lsa, to`xtamay, bir gapni ikkinchi marta takrorlamay sakkiz soat gapirishim mumkinligini bilaman.

Qiziqchilar «duel»i tashkil qilinsa, sizning raqibingiz kim bo`lishi mumkin?

— Bilmasam... Kim bilan «duel»ga chiqishimning ahamiyati yo`q. Raqobatlashishga qarshi emasman.

— Bolta sho`rva tayyorlab ko`rganmisiz?

— Ha! Talabalik davrimiz bolta sho`rva, piyoz sho`rva kabi tansiq taomlarimiz bo`lardi. Buxanka nondan tort ham tayyorlaganmiz.

— Mashhurlik pand beradimi?

— Ba`zan... Tanila boshlaganingizdan so`ng atrofingizdagi insonlarning sizdan ranjib qolishlari oson bo`larkan. Kimningdir biror iltimosini bajara olmasangiz yoki muomalangizni go`yoki o`zgarib qolgandek qabul qilishsa, darrov xafa bo`lishadi. Vaholanki, siz o`sha-o`shasiz. Nega shunday, hayron bo`laman.

— Siz bilan xizmat haqini savdolashish mumkinmi?

— «Falon so`mga boraman, tamom-vassalom» deydigan odatim yo`q. Hurmat qilib taklif qilishyaptimi, albatta, to`y egasining imkoniyatini hisobga olaman. Shu bilan birga, me`yorni ushlashga ham harakat qilaman.

— Avaz Oxun qo`shiq kuylabdi deyishsa, ishonaveraylikmi?

— Besh-oltita qo`shiqlarim bor, ishonavering.

Chin aytyapsizmi? Nega hech qaerda eshitmaganmiz?

— To`y yoki tadbirlarga qo`shiq aytishim uchun chaqirishmaydi-ku. «Kuylab bering» deyishsa, bajonidil, bunisini ham do`ndiramiz.

— Avaz aka, o`n yildan keyin sizning o`rningizda kim bo`lishi mumkin?

— Bashoratlardan juda qo`rqaman. Taqdirdan bari. Bugun Avaz Oxun bo`lib elga tanilishimni ham bir paytlari tasavvur qilolmasdim. Xayol qilganim rost, ammo bunchalik bo`ladi deb o`ylamagandim. «Yigit kishining omadi bilan hech qachon hazillashmang» deyishgani to`g`ri ekan. Samarqandlik shogirdim bor, Diyorjon Faxriev. U bilan astoydil shug`ullanyapman, nasib qilsa, siz aytgan savolning javobini shu yigit berar degan niyat ham yo`q emas.

Demak, ustozlik qilyapsiz?

— Ha! Asli shogirdlarim ko`p. Diyorjonni aytganim, undan umidim katta. Hali bu yigit haqida eshitasiz.

Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar