Moskvadagi markaziy ko`chalaridan biri – Katta polyanka ko`chasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi, senatorlar, deputatlar, hukumat a`zolari, O`zbekiston Qahramonlari, nuroniylar, yozuvchi-shoirlar, fan va san`at namoyandalari, mamlakatimiz va Rossiya davlat idoralari, mamlakatimiz elchixonasi, keng jamoatchilik vakillari jam bo`lgan. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Bu erda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomidagi xiyobon va haykali ochilishiga tayyorgarlik ko`rilmoqda.
Marosimda ishtirok etish uchun O`zbekistondan 100 ga yaqin kishi tashrif buyurgan.
Islom Karimov siymosi Samarqanddagi Registon majmuasi fonida qad rostlagan. Ushbu loyiha britaniyalik taniqli haykaltarosh Pol Dey g`oyasidir. Haykalda kuchli iroda sohibi, dono davlat arbobi va xalqparvar siyosatchi siymosi gavdalangan.
Islom Karimovning haykali ochilishi Rossiya Prezidentining O`zbekistonga davlat tashrifi bilan uyg`unlashib ketgani ham ahamiyatlidir. Mazkur tashrif har tomonlama manfaatli bo`lishi, xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga shubha yo`q.
Birinchi Prezidentimiz nomidagi xiyobon va haykali ochilish marosimi Toshkent vaqti 13:00 ga belgilangan.