Долзарб мавзулар Foto

Olmos qirralar jilvasi

Бўлимлар: Mutolaa
Теглар:
Добавлено: 01.11.2018, 10:10

Kuni kecha O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan jahon adabiyoti, xususan, Lev Nikolaevich Tolstoyning ijodi ixlosmandlari uchun ajoyib tuhfa tayyorlandi ulug` adibning qalamiga mansub “Bechora Ivan Ilich” hamda “Sergiy ota” qissalari Hakim Sattoriy tarjimasida “Ikki qissa” umumiy nomi ostida nashr etildi.

Jahon adabiyotining daholaridan biri Lev Tolstoy asarlarining boshqa tilga tarjima qilinishi o`sha adabiyot uchun chinakam bayram bo`lgan. Bizning ona tilimizda ham buyuk so`z san`atkorining barcha yirik asarlari nashr etilgan. Mazkur tarjimalar esa yozuvchi tavalludiga 190 yil to`lishi munosabati bilan amalga oshirildi. Uning tavallud kunlari hamisha muxlislari va umuman, jamoatchilik tomonidan tantanalar bilan munosib nishonlangan, yangi tadqiqotlar, tarjimalar, kashfiyotlar e`lon qilingan. Zero, bu adibning nomi va ijodi butun insoniyat uchun e`zozli. Har kun, hatto har soatda Er yuzining qaysidir puchmog`ida kimdir uning asarlarini mutolaa qiladi, ular asos bo`lgan filmlarni ko`radi yoki shunchaki xayolida uning siymosini jonlantiradi.

Lev Tolstoy yuksak badiiy salohiyat bilan tarannum etgan umuminsoniy g`oyalari orqali bashariyatning ardoqli farzandiga aylanib qolgan. Agar adabiyot odamzodning mangu makoni bo`lmish Er kurrasi bilan qiyoslanadigan bo`lsa, so`z mulkining ham tog`lari, daryolari, cho`qqilari, jilg`alari – tabiiy qiyofasi bor. Lev Tolstoy esa olam ichida alohida olamni tashkil etuvchi, o`z shamoyiliga ega bir qit`adir. Qaysidir bir rassom hazil surat chizgan ekan. Unda Lev Tolstoy yonboshlab yotibdi, uning azamat gavdasida – elkasida, ko`kragida, soqoli orasida, burnining ustida, qo`l-oyog`ida dunyoning boshqa shoir-yozuvchilari xuddi chumolidek g`imirlab yurishibdi. Uni ana shunday mahobatli tasavvur etadilar va u shunga loyiq.

Tolstoy ijodi badiiy janrlarga ko`ra rang-barang – romanlar, qissalar, hikoya­lar, pesalar, san`at haqidagi risolalar, ko`plab publisistik va adabiy-tanqidiy maqolalar, minglab xatlar, jildlab kundaliklar... Go`yo ulkan badiiy so`z fab­rikasi o`n yillar davomida tinim bilmay muttasil ishlab turgan va uning dastgohlarida eng nodir mahsulotlar yaratilgan. Ular bir-biridan ohorli, ko`rkam.

Jumladan, «Bechora Ivan Ilich» qissasi o`z vaqtida Lev Tolstoy badiiy dahosining eng yorqin kashfiyotlaridan biri sifatida e`tirof etilgan edi va bu baho hamon qadrini tushirgani yo`q. Bir umr o`z qobig`ida yashagan, hatto qarta o`yinidan ham zavq tuymay, fikri-xayoli xizmat vazifasini qoyil qilib uddalashu, har narsadan yashash qoidasi qilib olgani «yoqimli, go`zal, ko`ngilochar» qirralarni izlaydigan odam banogoh tiriklikning eng buyuk mantig`i – o`lim bilan yuzma-yuz bo`ladi, bemorlikda o`tgan damlari davomida butun umrini sarhisob qiladi. Xatolarini tushunib etadi.

Yozuvchi ta`biri bilan aytganda, «Faqat o`zni o`ylab yashash mumkin emas, bu – o`lim. Xudbinlik – tentaklik» ekanligini anglagan Ivan Ilich qazo ostonasida ilk marta atrofida odamlar borligini, ularni ham o`ylash, ular uchun ham nimadir yaxshilik qilish lozimligini tan oladi: o`g`liga va xotiniga «rahmi keladi», ular uchun biror yaxshilik qilishni xohlaydi, afsuski, buning iloji yo`q: ajal giribonidan olib turibdi. Shunda u yorug` olamni tark etish bilan o`g`li va xotinining mushkulini oson qilishi mumkinligini e`tirof etadi: «Ularga shafqat qilish lozim, shunday qilish kerakki, ular qiynoq azobini chekishmasin».

Vaqt zid, uning qo`lidan bor-yo`g`i shu keladi.

Asarning olamshumul g`oyasi inson imkoni qo`ldan ketmay umrining qimmatiga etishi, balki hayoti davomida har bir lahzani qadrlashi, dunyo yaxshiliklar bilan go`zal-u, xudbinlik baribir tanazzulga olib borishini tasdiqlashga qaratilgan.

1882–1886 yillar orasida yaratilgan asar e`lon qilingach, jamoatchilikning va badiiy ziyolilarning diqqatini tortdi. Mashhur kompozitor Pyotr Chaykovskiy uni o`qib, «Men qachonlardir ishonganman, eng buyuklarning buyugi, bu – Lev Tolstoy. Rus kishisi uning bitta asari misolida Evropa insoniyatga nima tuhfa etganini his qilib, boshini mag`rur tutib yurishi mumkin», deb yozdi. Yozuvchining mashhur portretini chizgan rassom Ilya Kramskoy esa qissa haqida «Bu har qanday san`atni xira torttiradigan mo``jiza, bu bemisl ijod», degan. Fransuz yozuvchisi Romen Rollan esa qissani «rus adabiyotining fransuz kitobxonlarini o`ta hayajonga solgan asarlaridan biri», deb e`­tirof etgandi.

Qissaning yozilishi qanday sharoitda boshlangani haqida ma`lumot saqlanmagan ekan. Guvohlarning kundaliklarida 1882 yil bahorida Tolstoyning yaxshi kayfiyat bilan ishlayotgani, yangi asaridan parchalar o`qib bergani muhrlangan. Asar ustida ish esa u nashr qilinayotganda ham davom etgan. Ba`zi lavhalar qisqartirilgan, o`ninchi bob eng oxirida qo`shilgan.

Qissaga Tula okrug sudi prokurori bo`lib ishlagan va qirq besh yoshida, 1881 yil 2 iyunda vafot etgan Ivan Ilich Mechnikovning hayoti asos qilib olingan. U mashhur kimyogar olim Ilya Ilich Mechnikovning akasi bo`lgan.

«Sergiy ota» qissasi ham Lev Tolstoyga xos nodir xazinaning bir namunasi. Dalillarning guvohlik berishicha, yozuvchida asarni yaratish fikri 1889–1890 yillar atrofida paydo bo`lgan. Ma`lumki, bu davrda Lev Tolstoy ijodining cho`qqisi hisoblangan «Urush va tinchlik» epopeyasi, «Anna Karenina» romani singari shoh asarlari e`lon qilinib, ular yozuvchiga katta shon-shuhrat olib kelgandi.

Lev Tolstoy qissasida, boshqa ko`plab asarlarida bo`lgani kabi, ideal tanlashdagi xatolikning kasrini juda ishonchli ochib bergan. Bosh qahramon qismati orqali o`z ichki mayllarini engolmaslik, imkoniyatlariga ortiqcha baho berish, hayot zarbalariga qasdma-qasd unga qarshi zarba berishga urinish odamni qay ko`yga solishi o`zining teran badiiy ifodasini topgan. Shuningdek, voqealar intihosida «Insonni o`ldirish mumkin, biroq uni engib bo`lmaydi» (E. Xeminguey) degan fikrning tasdig`i ham bor. Ikkinchi bir tomondan esa oyoqni ko`rpaga qaratib uzatish lozimligi, behuda chiranish belni sindirishi mumkinligi uqtirilganga ham o`xshaydi.

Buyuk yozuvchining asarlarida olmos qirralaridek jilva ko`zga tashlanadi. Ularning hammasi ezgulikka xizmat qiladi. Tolstoyning o`zi aytmish «Odam kasr songa o`xshaydi. Odamning o`zi kasr surati bo`lsa, maxraji esa o`zi іaqidagi fikridir. Maxraj qanchalik kattalashgani sari son shunchalik kichiklashadi». Uning «Bechora Ivan Ilich», «Sergiy ota» qissalari inson manzaralarini butun sinoati bilan aks ettirishga qaratilgan. Shunday ekan, mazkur qissalar o`zni va o`zgani anglashga intilayotgan chinakam adabiyot ixlosmandlariga manzur bo`ladi, degan umiddamiz.

“O`zbekiston” NMIU

Matbuot xizmati

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

SUG'DIYONA