my5
Sevimli

Dunyo onalariga yo`llangan maktub: Farzandingizni duoibad qilmang!

Mutolaa 09.11.2018, 15:11
Dunyo onalariga yo`llangan maktub: Farzandingizni duoibad qilmang!

Bu gaplarga ham ancha yillar bo`ldi. Yoshligimda, bir kuni uyni tozalayotgan edim. Uyda onamdan qolgan yodgorlik – eski billur bir shisha idish bor edi. Uni menga onam hadya qilgandi, uni juda yaxshi ko`rar edim, ko`z qorachig`imdek asrar edim.

Kunlardan bir kuni o`g`lim o`ynoqlab yurib, shisha idishni sindirib qo`ydi. Idish ko`z o`ngimda erga tushib chil-chil sindi. Bu onamdan qolgan ardoqli, aziz buyum edi. Shunda men bexosdan farzandimni “Shoyadki seni ham devor bosib suyaklaring shu idish kabi maydalansa” deb qarg`ab yubordim. Oradan vaqtlar o`tdi, men u gapimni unutib yubordim. Farzandlarimiz voyaga etishdi. O`g`lim ham keyingi farzandlarim kabi o`sib-ulg`aydi. Biz unga bir shabbodani ham ravo ko`rmas edik. Hatto, har qanday kichik zararlardan ham xavfda bo`lardik. Bizning bu mehribonchiligimiz sabab, farzandlarimiz ichida bizga eng mehribon va eng suyuklisi shu o`g`limiz edi.

O`g`lim kunlar o`tib o`qishni bitirib ishga joylashdi va men unga soliha bir kelin qidira boshladim. O`g`lim otasining ishxonasiga bordi. Ularning ishxonalari yonida bir eski bino bo`lib, o`sha kunlari uni buzib, o`rniga yangi inshoot qurish rejasi bilan quruvchilar ishlashayotgan ekan. Eski binoning orqa tarafida ishchilar buzish ishlari bilan mashg`ul bo`lgan bir paytda binoning orqa tomonidan o`tayotgan o`g`limning, ha, aynan o`g`limning ustiga binoning devori ag`anab, uni bosib qolibdi. Quruvchilar uni o`tayotganini sezishmagan ham. O`g`lim qattiq bir ovoz chiqaribdi-da, boshqa hech narsa demabdi. Buni ko`rganlar tezlik bilan yiqilgan devorni kavlab o`g`limni tortib chiqarishibdi. Tez yordam chaqirilganda, yon-atrofdan ancha-muncha odam to`plangan ekan. Bu haqida turmush o`rtog`im menga xabar berish uchun keldi. Bo`lib o`tgan voqeani eshitib hushimdan ketdim. Bir ozdan keyin ko`zimni ochsam shifoxonada yotgan ekanman. Birinchi aytgan gapim o`g`lim haqida bo`ldi va uni ko`rsatishlarini so`radim.

Oh! Qani endi uni ko`rmasam edi. Ko`z oldimda yotgan o`g`limning butun badanidagi suyaklari xuddi o`sha idish kabi maydalib ketgan edi. Buni ko`rgandim-u, go`yoki yuragim urishdan to`xtadi. Men bir necha yillar avval qilgan o`sha duo Alloh taolo huzurida ijobat bo`lganini va uni, aynan shu kunda sodir bo`lishini bilmagan edim. Go`yoki “Mana sen qilgan duoibadning ijobati, shuncha yil uni saqlab turgan edim. Bugun ro`yobga chiqardim” degandek edi. Bolam so`nggi nafasini chiqardi.

Qani endi, o`sha singan idishdan minglab bo`lsa-yu, bolajonim ularni qayta-qayta sindirsa! Qani endi, o`shanda men bir umrga tildan qolib, o`sha duoni qilmasam edi. Qani endi, qani endi, qani endi!..

Afsus, bu kabi qani endilardan aslo foyda yo`q...

Dunyodagi onalarga mening maktubim! Farzandlaringizni duoibad qilmang. Juda qattiq jahlingiz chiqqanida shaytonning yomonligidan Allohdan panoh so`rang. Mayli uring, ammo aslo duoibad qilmang. Aslo...

Шарҳлар