Ташкент +4° Mon 08:21
Долзарб мавзулар Foto

Makonlar va zamonlar osha yoxud “Temur tuzuklari”ning olti asrlik sayohati xususida

Бўлимлар: Moziydan sado, Madaniyat
Теглар:
Добавлено: 03.12.2018, 19:02

Buyuk davlat arbobi Amir Temur (1336-1405) o`zining o`tkir aql-zakovati, noyob etakchilik qobiliyati, harbiy mahorati bilan jahon tarixida munosib o`rin tutadi. Sarkardaning hayot yo`li, davlat boshqaruvi, o`z faoliyati davomida erishgan muvaffaqiyatlari bir qator tarixiy asarlarda, jumladan uning“Temur tuzuklari” kitobida ham yaqqol aksini topgan.

Sohibqiron kitob yozganmi?

Mazkur shoh asar olti asrdan beri dunyo jamoatchiligi e`tiborini tortib kelmoqda. Ayni paytda uning turli qo`lyozma nusxalari va tarjimalari dunyoning turli nuqtalarida, bir qator nufuzli kutubxona, muzeylar va shaxsiy to`plamlarda saqlanmoqda. Ko`plab taniqli olimlar “Temur tuzuklari” ustida tadqiqotlar olib borishgan.

O`tgan davr ichida mazkur asar Amir Temur tomonidan yozilmagan, uning vafotidan ancha keyin yaratilgan, degan taxminlar ham ilgari surildi. Ammo, asarningtili va uslubi,pand-nasihatlarning Amir Temur siyratiga mosligi, chuqur idrok, o`tkir zehn va donishmandlik bilan yozilgani, asardagi voqealarning Amir Temur hayoti haqida hikoya qiluvchi bir qator ishonchli manbalar (Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si, Ibn Arabshohning “Ajoyib at-taqdur fi axbori Taymur” asari va hokazo)dagi ma`lumotlarga mos kelishi va boshqa bir qator tarixiy faktlar asar bevosita Amir Temur tomonidan yozilganini tasdiqlaydi.

Tarixiy ma`lumotlarga ko`ra, asar dastavval Amir Temurning ona tili – eski o`zbek tilida yozilgan. Sharafiddin Ali Yazdiy ham yuqorida nomi tilga olingan asarida Amir Temur davrida uning hayotidagi muhim voqealarni o`z ichiga olgan turkiy va forsiy asarlar mavjud bo`lganini aytadi. Shu paytga qadar Amir Temur faoliyati haqida uning hayotligida bitilgan turkiy tildagi asar bizgacha etib kelmaganidan, bu o`rinda so`z “Temur tuzuklari” haqida borayotgani taxmin qilish mumkin.

Ushbu kitob asrlar davomida bir qator hukmdorlar uchun dasturil-amal vazifasini o`tagan. Ehtimol, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Abulg`ozi Bahodurxonning “Shajari turk” singari asarlarini yozishlariga ham aynan sohibqironning mazkur “Tuzuklar”i tutki bergan bo`lishi mumkin. Ammo, afsuski, asarning turkiy tilda bitilgan ilk qo`lyozmasi hanuzgacha topilgani yo`q. Bu durdona asar topilganida, tariximizning bizga ma`lum bo`lmagan sahifalari ochilishi barobarida, o`zbek mumtoz adabiyoti ham yana bir go`zal durdona bilan boyigan bo`lar edi.

Yamandan topilgan “Tuzuklar”

Bugun bizgacha etib kelgan xilma-xil qo`lyozmalar hajmi, tarkibi, uslubi nuqtai nazaridan bir-biridan farqlanadi. Bizga etib kelgan qo`lyozmalarning eng qadimgisi XVII asrga mansub bo`lib, u Boburiylar hukmronligi davrida, Hindistonda ko`chirilgan. Kitob muqaddimasida bitilishicha, Agrada Boburiylar saroyida xizmat qilgan shoir va tarjimon Abu Tolib al-Husayniy al-Oriziy at-Turbatiy Makkai mukarramada haj amallarini bajarib, ortga qaytayotganida, Yaman hukmdori Ja`far poshoning kutubxonasida turkiy tilda bitilgan bir noyob qo`lyozmaga duch keladi. Tarjimonning yozishicha, bu asar Sohibqiron Amir Temurning etti yoshdan etmishyoshgacha bo`lgan davrida boshidan kechirgan sarguzashtlari, davlat boshqaruvi usullari, vazir va amirlari, farzandlariga hukmronlik borasida bergan maslahatlari va yo`l-yo`riqlari o`rin olgan.

At-Turbatiy bu bebaho qo`lyozmani o`zi bilan olib kelgan va uni sekin-astalik bilan forsiy tilga tarjima qila boshlagan. 1637 yilda asar tarjimasini to`la-to`kis bitkazib, uni Boburiyzoda hukmdor Shoh Jahonga (1628-1659) tuhfa etgan.

Shoh Jahon asar bilan tanishib chiqqach, undagi voqealarni Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnomasi” bilan taqqoslab chiqishni Dekan muzofoti favjdori Muhammad Afzal Buxoriyga topshirib, xattot va muarrixlar o`zlaridan qo`shgan ortiqcha tafsilotlarin o`chirib tashlashni buyuradi.

Mazkur asarning shu paytgacha etib kelgan barcha qo`lyozma va toshbosma nusxalari uchun aynan Abu Tolib al-Husayniy at-Turbatiyning tarjimasi asos bo`lib xizmat qilgan.

Qayta-qayta o`girilgan

Markaziy Osiyoda hukm surgan xonliklar davrida ham bu asarga juda katta qiziqish bildirilgan. Shu bois, mazkur asarning forscha qo`lyozmasi bir necha bor ko`chirilgan. Asli o`zbek tilida bitilgan bu asarni taqdir taqozosi bilan yana shu tilga tarjima qilishga ehtiyoj tug`ilgan. So`nggi ikki asr davomida “Temur tuzuklari” bir necha bor tilimizga o`girilgan. 1836 yilda Qo`qon xoni Muhammad Alixon (1822-1841)ning buyrug`iga ko`ra, Xo`jand qozisi Nabijon Mahdum Hotif mazkur asarni qisman tarjima qilgan. 1856-1857 yillarda Xiva xonligida mazkur asarni Muxammad Yusuf Rojiy qisqartirilgan holda o`zbekchalashtirgan. Oradan bir yil o`tib, Xivada yanabir tarjimon Pahlavon Niyoz Devon – Komil Xorazmiy asar asosida, Muhammad Rizo Ogahiy tavsiyasiga ko`ra, yangi asar yaratgan. Mazkur asarlarning qo`lyomalari bugungi kunda Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo`lyozmalari institutida saqlanmoqda.

1967 yil taniqli alloma Alixonto`ra Sog`uniy (1885-1976) asarning O`rta Osiyo va Qozog`iston musulmonlari bosh idorasining kutubxonasida saqlanayotgan forsiy qo`lyozmadan o`zbek tiliga tarjima qilib, uning bir qismini «Guliston» jurnalida e`lon qilgan.

Istiqlol yillarida Amir Temur shaxsiga bo`lga munosabat tubdan o`zgardi. 1996 yilda buyuk sarkardaning 660 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida Amir Temurga muhtasham haykallar o`rnatildi. O`zbekistonda ulug` sarkarda nomi bilan ataladigan “Amir Temur ordeni” ta`sisetildi. Bularning bari o`zbek xalqining buyuk Sohibqironga bo`lgan so`nmas ehtiromi namunasi bo`ldi.

Mustaqillik yillarida “Temur tuzuklari” bir necha bor nashr etildi. Asarning turli faksimile nusxalari ham o`quvchilar e`tiboriga havola etildi.

Bebaho tuhfa

Ayni paytda biz taqdim etayotgan qo`lyozma matni nisbatan to`liqligi, qadimiy va mo``tabarligi bilan ajralib turadi. RFA ShQIda “Temur tuzuklari”ning fors tilidagi sakkizta qo`lyozmasi mavjud bo`lib, ularning eng mukammali 1846 yil may-iyun oylarida Buxoroda, Amir Nasrullo hukmronligi davrida Haqquli Dodxoh ismli amaldorning buyurtmasiga ko`ra nasta`liq xatida, Qo`qon qog`ozida ko`chirilgan..

Mazkur qo`lyozma at-Turbatiyning muqaddimasi bilan boshlanadi. Biroq, qo`lyozmaning tarkibiy tuzilishi shu paytgacha asarning O`zbekistonda chop etilgan o`zbek, forsiy va rus tillaridagi nashrlaridan keskin farqlanadi. Mazkur tafovutlarni o`rganish temurshunos olimlarimiz oldida turgan muhim vazifalardan biridir.

O`tgan haftadamamlakatimizda o`tkazilgan “Zamonlar chorrahasi: o`tmishning buyuk merosi – ma`rifatli kelajak poydevori” deb nomlangan xalqaro media-forumdoirasi “Temur tuzuklari”ning ushbu qo`lyozmasidan olingan faksimile ham yurtimizga keltirildi.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Shou-biznes

SUG'DIYONA