41

Yana qish, yana tomoq og`rig`i...

Salomatlik 17.12.2018, 14:03
3932
Yana qish, yana tomoq og`rig`i...

Tomoq og`riganida, ko`pchilik nima qilishini bilmay darrov dorixona tomon oshiqadi yoki uning o`tib ketishini kutib, salomatligiga befarq qaraydi. Vaholanki, bunday paytda xalqona tavsiyalardan foydalanish mumkin. Qo`l ostimizda shunday dorivor mahsulotlar borki, ularni qabul qilib, tomoq og`rig`i, yo`tal va shamollash kasalliklarini bartaraf etsa bo`ladi. Xo`sh, siz ular bilan tanishmisiz?

Asal

Iliq suvga solingan bir choy qoshiq asal tomoqdagi og`riqni engillashtiradi. Shuningdek, uning shamollash kasalliklaridagi foydasi beqiyos.

Limon

Sitrus meva S vitaminiga boy bo`lib, tomoq og`rig`i, yo`tal va shamollash kasalliklarida juda foydali. S vitamini organizmning himoya kuchi – immunitetni oshirib, turli kasalliklarga qarshi kurashishda benazir. Tomoq og`rig`i boshlanganida, 1 ta limon sharbati va 3-4 qoshiq asalni aralashtirib, kun davomida 1 choy qoshiqdan 3-4 mahal qabul qilinadi.

Sitrus mevalari hamda asalga allergiyasi borlar uchun ushbu mahsulotlar tavsiya qilinmaydi.

Piyoz

Quruq yo`talni davolashda 2 dona piyoz sharbati va yarim piyola shakar sirli idishga solinib, 10 daqiqa o`rta olovda qaynatiladi. So`ng sovitilib, 50 gr. asal qo`shiladi. Ushbu shifobaxsh aralashmadan kun davomida 4-6 mahal 1 choy qoshiqdan eyiladi. Mayda to`g`ralgan piyoz (1 dona) 3 osh qoshiq tabiiy asal bilan aralashtiriladi. 1-1,5 soatdan so`ng piyoz suvi ajralib chiqadi. Uni yana bir bor aralashtirib,kun davomida 5-6 mahal 1 osh qoshiqdan qabul qilinadi.

Qora turp

Eng foydali va mashhur usul: turp yaxshilab yuvilib, o`rtasi o`yiladi va asal solinadi. Shu holatda 24 soatga olib qo`yiladi.So`ng turp ichidagi asal kun davomida 3-4 mahal 1 choy qoshiqdan eyiladi.

Sarimsoqpiyoz

5 dona sarimsoqpiyoz bo`lagini 300 ml. sutga solib, biroz qaynating. Sutdan sarimsoqpiyoz bo`lakchalari olib tashlangach, kun davomida 50 ml.dan 5-6 mahal qabul qilishingiz mumkin.

Evkalipt moyi

Nafas olishni engillashtiradi, nam va quruq yo`tallarni davolaydi. Kerakli natijaga erishish uchun evkalipt va moychechak moyi bilan teng miqdorda olinib, aralashtiriladi. Undan kun davomida 3-4 mahal qabul qilinadi. Nam yo`talni davolashda esa ushbu aralashmaga rozmarin moyini qo`shish mumkin. Ingalyasiya qurilmasidan foydalanishda ham ushbu moydan foydlalansa bo`ladi.

Maymunjon murabbosi

Tomoq og`rig`i boshlanganida, iliq choyga bir choy qoshiq may unjon murabbosini solib ichish foydali. Shuningdek, bunday usul tinchlantiruvchi va yallig`lanishga qarshi ta`sirga ega.

Anjir qoqi

2 dona anjir qoqi 200 ml sutda 10 daqiqa qaynatiladi. Tayyor bo`lgach, oz-ozdan kuniga 3 mahal qabul qilish mumkin.

Og`izni g`arg`ara qilish uchun

Tomoq og`rig`ini uy sharoitida turli dorivor o`tlar va yallig`lanishga qarshi hamda antiseptik vositalar yordamida ham bartaraf qilish mumkin.

* 4 dona yangi uzilgan bargizub bargi yoki uning 2 osh qoshiq quritib maydalanganini 200 ml suvga solib, damlanadi va yarim soatga tindirishga qo`yiladi. Iliq holatdagi tindirma bilan tomoq kun davomida chayib turiladi. Muolaja tuzalgunga qadar davom ettiriladi.

* 20 gr. marmarak 300 ml qaynagan suvda damlanib, 1 soat tindiriladi. Belgilangan muddat o`tgach, suzib olinadi. Damlama bilan tomoq chayilsa, angina, tonzillit va faringitda juda qo`l keladi.

* 1 choy qoshiq kalendula guli 1/3 stakan qaynoq suvda damlanadi. Bu damlama ham tomoq chayishda foydalaniladi.

Terapevt Xurshida Karimova tavsiyalari asosida

FAZILAT tayyorladi.

Комментарии