Му5
48

O`zbekiston — Turkmaniston: o`zaro manfaatli hamkorlik rivoj topmoqda

Jamiyat 28.10.2014, 16:53
2003
O`zbekiston — Turkmaniston: o`zaro manfaatli hamkorlik rivoj topmoqda

O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasidagi o`zaro aloqalar tahlili ularning yuqori sur`atlarda, jumladan, ikki mamlakat Prezidentlari o`rtasidagi ishonchga va samimiyatga asoslangan holda rivojlanib borayotganini ko`rsatmoqda. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi buni yaqqol ko`rsatib berdi.

O‘zLiDeP  matubot xizmatidan ma`lum qilishlaricha,  Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi  fraksiyasi a`zolari ushbu voqeani chuqur tahlil qilib, o`z fikr-mulohazalarini bildirmoqdalar.

— O`zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining ushbu uchrashuvi oliy darajadagi samarali va faol muloqotning mantiqiy davomi bo`lganini ta`kidlab o`tmoqchimiz, — deydi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a`zosi Surayyo Odilxo`jaeva. — Bu muloqot, ayniqsa, Afg`oniston muammosiga doir munosabatlarda aniq namoyon bo`lmoqda. O`zbekiston va Turkmaniston Afg`onistonning yaqin qo`shnisi sifatida bu mamlakatda temir yo`llar va ko`priklar qurilishi, muhim infratuzilma ob`ektlarini tiklash, elektr energiyasi va boshqa mahsulotlar etkazib berish bo`yicha ko`plab loyihalarni amalga oshirmoqda va shu orqali mazkur mamlakatda tinchlik va osoyishtalik o`rnatilishiga salmoqli hissa qo`shmoqda.

O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasidagi o`zar savdo ayirboshlash hajmi 2013 yilda 353,9 million AQSh dollarini tashkil etgan bo`lsa, joriy yilning yanvar-avgust oylarida 246 million dollarga etdi. Biroq, mamlakatlarimiz bu sohada ulkan salohiyatga ega, deb hisoblaymiz. Masalan, transport kommunikasiyasini rivojlantirishni alohida ajratib ko`rsatish mumkin. Ikki mamlakatning yaxshi integrasiyalashgan avtomobil va temir yo`llari nafaqat O`zbekiston va Turkmaniston, balki uchinchi davlatlar uchun ham tranzit kompleksi bo`lib xizmat qiladi. Muhim geostrategik ahamiyatga ega bo`lgan, Prezident Islom Karimov tashabbusining amaliy ko`rinishi hisoblanadigan O`zbekiston — Turkmaniston — Eron — O`mon yangi xalqaro transport-kommunikasiya koridorini barpo etish bo`yicha 2011 yili imzolangan bitim buning yaqqol dalilidir.

Umuman, qo`shma loyihalar investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga yangi turtki berishiga ishonamiz. Bu galgi tashrif o`zaro hurmat, ishonch va manfaatdorlikka asoslangan oliy darajadagi samarali muloqotning davomi bo`ldi, o`zaro aloqalarni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalarini, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega muammolarni muhokama qilish uchun qulay imkoniyat yaratdi.

“Turkiston-press”

Шарҳлар