Му5
44

"O`tkan kunlar" romani ingliz tiliga tarjima qilindi

Jamiyat 11.01.2019, 13:09
1052
"O`tkan kunlar" romani ingliz tiliga tarjima qilindi

Islom Karimov Fondi atoqli o`zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy qalamiga mansub "O`tkan kunlar" romanini ingliz tiliga tarjima qilish va nashr etish loyihasini amalga oshirdi. Bu haqda mazkur fondning rahbari, Islom Karimovning qizi Lola Karimova-Tillaeva instagram‘dagi sahifasida ma`lum qildi.

Ushbu sovg`abop nashrning badiiy bezak suratlari taniqli o`zbek rassomi Bobur Ismoilov tomonidan ishlandi.

“Abdulla Qodiriy – XX asrning atoqli adibi, ma`rifatparvari va publisisti. U 1922 yilda yozgan “O`tkan kunlar” asari bilan o`zbek milliy romanchilik maktabiga asos soldi. Mazkur asar haqli ravishda o`zbek adabiyoti durdonasi deya e`tirof etiladi. Yuksak badiiyat namunasi sanalgan roman bir necha avlod o`zbek kitobxonlarining sevimli asari bo`lib kelayotgani ham bejiz emas, albatta.
Taassufki, yozuvchining hayoti fojiaviy yakun topdi. Mash`um qatag`on yillarida Qodiriy “xalq dushmani” degan soxta ayblov bilan qamoqqa olindi va 1938 yilda qatl etildi.

“O`tkan kunlar” romanini ilk marotaba qo`lga olganim hali-hamon yodimda. Asar meni shu qadar o`ziga rom etgan ediki, uni bir kechada o`qib tugatgan edim. Ushbu muhabbat qissasi meni – o`sha kezlar 14 yoshda bo`lgan o`smir qizni o`tmish olamiga olib kirdi. Tarixiy davr, turfa qahramonlar taqdiri, xarakteri va hayot tarzini yuksak ijodiy mahorat bilan, batafsil tasvirlagan muallif o`z asariga umrboqiylik bag`ishladi, kelgusi avlodlarga ham ota-bobolari kechmishi bilan yaqindan tanishish imkonini tuhfa etdi.

Ushbu sovg`abop nashrni teran ramziy ma`noga ega suratlari bilan bezagan rassom Bobur Ismoilov o`sha davr nafasini etkazib bera olgan, deb o`ylayman. Buning uchun unga alohida minnatdorligimizni izhor etamiz.
Karimov Fondi ko`magi bilan ushbu kitob Nouveau Monde Editions nomdor fransuz nashriyotida chop etildi.

O`zbek adibi romani o`ttizdan ziyod badiiy asarni tarjima qilgan britaniyalik adabiyotshunos va mutarjim Kerol Ermakova tomonidan ingliz tiliga o`girildi. Tarjimaga Juli Uikenden muharrirlik qildi”, deyiladi xabarda.

Шарҳлар