Долзарб мавзулар Foto

Buxorodan o`g`irlangan noyob bitikli koshin Buyuk Britaniyadadan o`z joyiga qaytariladi

Бўлимлар: Moziydan sado
Теглар:
Добавлено: 25.01.2019, 20:42

Vobkentdagi “Chashmai Ayyub” maqbarasi peshtoqidan bundan 8 yil (!) avval o`g`irlab ketilgan noyob koshin o`z joyiga qaytariladi.

Tarixga nazar soladigan bo`lsak, IX-XII asrlarda Movarounnahrda ilm-fan, ma`naviyat nihoyatda rivoj topganini ko`ramiz. Shu sababli, bu davr dunyo mutafakkirlari, ilm ahli tomonidan sharqning Uyg`onish davri deb yuritiladi.

XIII asrning boshida Movarounnahr, Xuroson va Xorazmni vayronaga aylantirgan mo`g`ullar hujumi Uyg`onish davri tamadduniga qaqshatqich zarba berdi. Shahar va qo`rg`onlar, saroy va yodgorliklar, suv inshootlari, ko`priklar vayron etildi, ko`plab xalqlar, olimu fuzalo qirg`in qilindi. Allomalar turli o`lkalarga tarqab ketdilar. Mo`g`ullar bosqini davrida tanazzulga uchragan o`lkamiz madaniyatining ayrim sohalari keyinchalik qayta jonlana boshladi. Shahar xarobalari qayta tiklanib, tarixiy tarhi asosida masjid, madrasa, xonaqoh va maqbaralar qurishga kirishildi.

Qadim Buxoroga olib boruvchi karvon yo`llari chorrahasida, hozirgi Vobkent tumani hududida joylashgan Xargo`sh va Xayrobod qishloqlari orasidagi ko`hna qabriston yonida qurilgan, bizgacha saqlanib qolgan “Chashmai Ayyub” maqbarasi ham ana shu davr me`morchiligining noyob namunalaridan biri hisoblanadi.

Maqbara kechmishiga nazar tashlasak, ushbu yodgorlikning “Chashmai Ayyub” deb nomlanishining o`zi ham bir tarix. Bu erda zamin ostidan chiqqan shifobaxsh chashma ulug`lanib, mashhur payg`ambar Ayyub alayhissalom nomi bilan bog`langan. Rivoyatlarga ko`ra, Ayyub alayhissalom Buxoroga kelgan. U muborak zot hassasini qaerga ursalar, shu erdan buloq otilib chiqqan ekan. Mazkur chashmaga ham u kishining hassasi tekkan joy sifatida nisbat beriladi.

“Chashmai Ayyub” maqbarasida milodiy 1017 yilda vafot etgan hadisshunos olim Abu Sa`d al-Xarjushiy dafn etilgan. Tarixiy ma`lumotlarga ko`ra, ushbu maqbara yaqinida masjid va darveshlar xonaqosi ham bo`lgan. Yodgorlik atrofidagi qabriston keyinchalik xalqning u kishiga yuksak e`tiqodi tufayli yuzaga kelgan.

Maqbara asrlar davomida qanchadan-qancha talon-toroj, to`s-to`polonlarni boshdan kechirgan. Ayniqsa, mustabid sho`rolar davrida butkul unutilib, e`tiborsiz qoldirilganligi bois tashlandiq holga kelib qolgandi. Bir so`z bilan aytganda, o`tgan 800 yillik tarixiy davr “Chashmai Ayyub”ning umumiy holatiga ta`sir ko`rsatmasdan qolmadi. Yodgorlikning faqat peshtoq qismi hamda unga tutash devorning bir bo`lagi bizgacha etib kelgan, xolos.

Mazkur noyob obida peshtoqiga bitilgan muqaddas yozuvning bir parchasi bundan 8 yil muqaddam bir guruh kimsalar tomonidan ta`mirlash ishlari bahonasida o`g`irlab ketilgan.

O`tgan vaqt ichida mamlakatimiz huquq-tartibot idoralari mazkur o`g`irlab ketilgan koshinni topish va aybdorlarni jazoga tortish yuzasidan tegishli tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirdi. Natijada jinoyatchilar ushlanib, odil sudlovga tortildi.

Ma`lum bo`lishicha, 2011 yilning yoz oylarida Z.G. tomonidan yollangan ishchilar yordamida yodgorlik peshtoqidagi “Payg`ambar alayhissalom aytdilar: Avvallari sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Bas, endi ularni ziyorat qilaveringlar”. Bu imorat hijriy olti yuz beshinchi yili qad rostlagan”, deya arab yozuvida bitilgan hikmatli jumlaning “olti yuz beshinchi” raqami bitilgan koshin bo`lagi o`g`irlanib, yodgorlikka shikast etkazilgan. Uni qayta restavrasiya qilish bahonasida, o`g`irlik ekanini sezdirmay, Toshkent shahriga olib kelishgan va koshin bo`lagi A.A.ga berilgan.

Shundan so`ng koshinni turkiyalik (kimligini aniqlashning imkoni bo`lmagan) shaxsga sotish uchun “O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasida bort kuzatuvchisi bo`lib ishlagan I.A. bilan jinoiy til biriktirib, qonun hujjatlarini buzgan holda mamlakat hududidan olib chiqishgan.

“Chashmai Ayyub” yodgorligining o`g`irlab ketilgan koshin bo`lagi Germaniya Federativ Respublikasi orqali Buyuk Britaniyaning “Mayfair” galereyasida 2017 yilda sotuvga qo`yiladi...

O`zbekiston Respublikasi hukumatining aralashuvi bilan koshin bo`lagi respublikamizga qaytarildi. Ayni paytda koshin O`zbekiston davlat san`at muzeyida saqlanmoqda. Yaqin kunlar ichida “jahongashta” koshinni Vobkentga olib kelib, o`z joyiga qo`yish rejalashtirilgan.

Xalqimizda “Qing`ir ishning qiyig`i qirq yilda ham chiqadi”, degan hikmatli naqlbor. Jinoyat sodir etgan kimsalar ayni mana shu naql mohiyatiga e`tibor qaratishganida, sudning qora kursisiga o`tirishmagan bo`lardi.

Xulosa o`rnida ta`kidlash lozim. “Chashmai Ayyub” maqbarasi va unga tutash ko`hna qabriston hududida “Adolat” SDPning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a`zosi Qodir Jo`raevning mazkur obida atrofini obodonlashtirish hamda uni respublikamizdagi turistik marshrutlar ro`yxatiga kiritish to`g`risida mutasaddi tashkilotlarga yuborgan deputatlik so`rovi asosida 2017-2018 yillarda maqbara va unga tutash hududlarda obodonlashtirish ishlari olib borildi. Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi esa yaqin orada ushbu obidani mamlakatimizning turistik manzilgohlari ro`yxatiga kiritishni rejalashtirmoqda.

Yana bir yangilik — YuNESKO ishlari bo`yicha Milliy komissiyasi va Madaniyat vazirligi tomonidan mazkur obidani “Buyuk Ipak yo`li durdonalari”, deb nomlangan katta loyihaning tarkibiy qismi sifatida YuNESKOning Butunjahon merosi ro`yxatiga kiritish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Yaqinda partiyadoshlar bilan birgalikda Xayrobodga safar uyushtirib, “Chashmai Ayyub” jome` masjidi imom-xatibi Omon Rahimov va xayrobodlik oqsoqollar bilan suhbatlashdik. Ular noyob bitikli koshin topilganidan, aybdorlar o`z jazosini olayotganidan xursand ekanliklarini qayd etishdi. Koshin o`z joyiga qaytarilsa, nur ustiga nur bo`lar edi, deya tilak bildirishdi.

Yuksak mahorat bilan bunyod etilgan ushbu nodir yodgorlikni asrab-avaylash, uni asl holida qayta qurish va ta`mirlash, maqbara atrofida turistik infratuzilmani rivojlantirish asosiy vazifalarimizdan biridir.

photo5357217999880301040.jpg

photo5357217999880301041.jpg

photo5357217999880301043.jpg


Mohigul Abdullaeva,

“Adolat” SDP,

Buxoro viloyat kengashi

matbuot kotibi

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

SUG'DIYONA