Internet, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlar zarur axborot, muloqot maydoni bo`libgina qolmay, ayrim uydirmachilar makoniga ham aylanib bormoqda.
Shundaylardan biri – Q.S. “Odnoklassniki.ru” ijtimoiy tarmog`ida o`zining nomiga ochilgan profilga “Adolat izlab”, “Adolat qachon?” deb nomlangan video ma`lumotlarni joylashtirgan.
Unda go`yoki tuman hokimi davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan til biriktirib, uni va akasi E.S.ni aybsiz bo`lsalar-da, ularga nisbatan noqonuniy dalillar to`platib qamatib yuborgani, fermer xo`jaligi er maydonlarini noqonuniy tortib olib, pora evaziga boshqa bir fuqaroga berib yuborgani aytilgan. Uning so`zlariga qaraganda, tuman hokimi 15-20 gektar erni 5-10 ming AQSh dollaridan sotib yuborgan. Bu gaplar bilan u tuman hokimini juda ko`p miqdorda pora olganlikda ayblab, bila turib uni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatib, qasddan tuhmat qilgan.
Q,S. bu qilmishi bilan cheklanib qolmay, firibgarlik bilan ham shug`ullanib, ikkita odamning ish haqini bermay kelgan.
- Inson har qanday qilmishi uchun javob beradi, albatta, – deydi Jinoyat ishlari bo`yicha Xonqa tumani sudi raisi Maqsudbek Qilichev. – Ayniqsa, birovga asossiz tuhmat qilish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo`ladi. Q.S. tomonidan amalga oshirilgan ishlar, videomateriallarda tilga olingan holatlar tegishli tartibda o`rganib chiqildi. Natijada bu fuqaro aytgan gapi, keltirgan faktlarini dalillar bilan isbot qilib bera olmadi. Q.S. qilgan tuhmati va firibgarligi uchun 1 yilu 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
O`zA