AsosiyJamiyat

Eng yaxshi innovasion g`oyalar uchun boshlang`ich kapital sifatida 2.5 million so`m beriladi

Shu yilning 21 noyabrida poytaxtning Xalqaro Hamkorlik Markazida «Eng yaxshi innovasion fikrlash – 2014» Respublika tanlovining so`nggi – final bosqichi bo`lib o`tadi, deb yozmoqda kun.uz.

Ushbu tanlov Britaniya kengashi, hamda O`zbekiston Respublikasi o`rta-maxsus kasb-hunar ta`lim markazi, O`zbekiston Respublikasi savdo-sanoat palatasi, «Kamolot» YoIH va BMT taraqqiyot dasturi hamkorligida o`tkaziladi.
Mazkur tanlov 16 yoshdan 18 yoshgacha bo`lgan o`rta-maxsus kollej talabalari uchun ishlab chiqarilgan bo`lib, yoshlarning innovasion fikrlash, turli masalalarni hal etishda ijodiy yondashuv va tadbirkorlik kabi ko`nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan. Tanlov mobaynida talabalar jamoada ishlash, etakchilik hamda moliyaviy savodxonlik tajribasiga ega bo`lib, ijtimoiy masalalarni hal etishga qaratilgan o`z biznes g`oyalarini taqdim etadilar. Eng yaxshi g`oyalar esa hayotga tadbiq etiladi. Ushbu tanlov milliy bo`lib, unda 1400dan ziyod kollej va 20 mingdan ortiq talabalar ishtirok etadilar.

Tanlov joriy yilning sentyabr oyida boshlanib, quyidagi uch bosqichda o`tdi: 1-bosqich. Har bir kollejda, besh kishidan (to`rtta talaba va bitta o`qituvchi) iborat bo`lgan jamoalar shakllandi. Ushbu bosqichda har bir jamoa o`zining innovasion g`oyasini taqdim etib, eng yaxshi g`oyalarni taklif etgan jamoalar viloyat miqiyosida ishtirok etish uchun yo`llanmani qo`lga kiritdilar.

2-bosqich. Ko`rik tanlovning viloyat bosqichi natijalariga ko`ra har bir viloyat, Qoraqolpog`iston Respublikasi va Toshkent shahridan 14ta jamoa final bosqichiga yo`lanma oldi. Bundan tashqari, har bir viloyatda BMT mutahassislari ishtirokchi jamoalarga o`z innovasion g`oyalarini yaratish, takomillashtirish va ilgari surish bo`yicha seminar mashg`ulotlarni o`tkazib, o`zbek va rus tilida o`quv-uslubiy ko`llanmalarni taqdim etdilar.

3-bosqich. 14ta g`olib jamoa final bosqichiga, Toshkentga taklif etilib, o`z biznes g`oyalarini takomillashtirgan holda xay`at a`zolari oldida himoya qilishlari lozim. Ko`rik tanlovning saralash bosqichlari natijalariga ko`ra, jamoalar o`z innovasion g`oyalarini keng ommaga taqdim etish maqsadida video lavhalar suratga oldilar. Mazkur video lavhalar onlayn ovoz berish uchun www.markaz.uz saytiga joylashtirildi. Shunday qilib, g`olibni aniqlashda onlayn ovoz berish natijalari umumiy bahoning 20 foizini tashkil etdi.

Viloyat bosqichlarida jamoalarning ishlarini baholash uchun O`rta-maxsus kasb-hunar ta`lim markazi, O`zbekiston Respublikasining savdo-sanoat palatasi, BMT taraqqiyot dasturi va «Kamolot» YoIH tomonidan maxsus xay`at guruhi tashkil qilindi. Respublika bosqichi ham turli vazirlik, hamkor tashkilotlar va biznes vakillaridan iborat bo`lgan 11 kishilik hakam a`zolari tomonidan baholanadi.

Tanlov yakuniga ko`ra, uchta g`olib jamoa, o`z g`oyalarini amalga oshirish uchun boshlang`ich kapital sifatida 2,5 million so`mga ega bo`ladilar.

    Boshqa yangiliklar