Sevimli

2017 yilga qadar Jizzax shahrida yangi telekanallar soni 48 taga etadi

Jamiyat 21.11.2014, 12:34
2017 yilga qadar Jizzax shahrida yangi telekanallar soni 48 taga etadi

Ayni paytda viloyat aholisining 70 foizi raqamli televidenie dasturlari bilan qamrab olingan hamda respublika televideniesining 12 kanalini ko`rmoqda.

O`zbekiston Milliy Axborot agentligi ma`lum qilishicha, “O`zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining Jizzax filiali tomonidan viloyatda raqamli televideniega bosqichma-bosqich o`tish maqsadida “Qo`ytosh” radio televizon stansiyasiga Yaponiyaning JBIC bankining imtiyozli krediti evaziga 2013 yil noyabr oyidan boshlab raqamli teleuzatgichlar o`rnatilib, test rejimida ishlashni boshlagan.

Viloyat shahar va tumanlaridagi “Yagona oyna” markazlarida aholiga servis xizmati va abonentlarga IP-TV interaktiv xizmatini ko`rsatish joriy etilgan. Imkoniyati kengligi bois IP-TV interaktiv xizmatiga ulanish ko`rsatgichi o`tgan yilga nisbatan 2 barobar oshdi. IP-TV interaktiv xizmatida 62 telekanal mavjud bo`lib, unda 3 kunlik arxivni ortga qaytargan holda ko`rish imkoniyati mavjud.

Jizzax shahar Zargarlik mahallasidagi 15 dan ortiq ko`p qavatli uylarga optik tolali kabel yotqizilib, yuqori tezlikdagi internet hamda IP-TV interaktiv xizmatlari ko`rsatish yo`lga qo`yildi.

Yaponiya xalqaro hamkorlik banki va Yaponiya tijorat banklarining imtiyozli krediti evaziga 2013-2017 yillarda Jizzax shahri va “Qo`ytosh” radio televizon uzatish markaziga yangi teleuzatgichlar o`rnatilishi rejalashtirilgan. Yangi teleuzatgichlar o`rnatilishi bilan Jizzax shahrida telekanallar soni 48, tumanlarda 24 taga etadi.

Шарҳлар