Axborot makonining muhim va etakchi bo`g`iniga aylangan internet esa ushbu tahdidlarni tarqatuvchi eng qulay vosita bo`lib xizmat qilmoqda.
Internetda salbiy va zararli, qabih niyatli, tarbiyaga zid saytlar hamda yoshlarni o`ziga “asir” qilib qo`yayotgan turli-tuman o`yinlarning mavjudligi ham fikrimiz isbotidir. Bu bilan internet faqat buzg`unchi g`oyalarni tarqatadi, demoqchi emasmiz, chunki internetning afzal tomonlari juda ko`p.
Guruch kurmaksiz bo`lmaganidek, hozirgi kunda ayrim yoshlar virtual olamga tushib, beandisha saytlarga sho`ng`ib ketmoqda va har xil o`yinlarning ta`siriga tushib qolayotgani achinarli hol. Zero, bu jarayon ularning axloqiga salbiy ta`sir ko`rsatmay qolmayapti.
Talabalar shaharchasida ettita internet-kafe bor. Men ulardagi holatni o`rganish maqsadida internetdan foydalangan kishi bo`lib, “kuzatuv ishlarini” olib bordim.
Foydalanuvchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Internet-kafelarning hammasida kompyuterdan foydalanish soatiga 1200 so`m, internetda ishlash esa soatiga 1400 so`m miqdorida belgilangan. Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada esa kompyuterdan foydalanish tekin, internetdan foydalanish esa bir soatiga 300 so`m. Oradagi farqni ko`rib turibsiz. Kuzatuv davomida internet-kafeda ishlaydigan Erkin akani suhbatga chorladim.
— Internet kafeni ochishingizga nima sabab bo`lgan?
— Bugungi kunda texnika-texnologiya kundan-kunga rivojlanib bormoqda va bu ko`p imkoniyatlar eshigini ochyapti. Yoshlar shundan foydalansin, o`rgansin, ularning bilim saviyasi oshsin, deb internet-kafelar ochilgan, deyishimni kutayapsiz. Bu ham to`g`ri, lekin men shaxsiy biznesimni shakllantirish uchun bu ishga qo`l urganman. Xorijda shunday tamoyilga amal qilinadi.
— Ish vaqtingiz chegaralanganmi?
— Ish tartibimizga ko`ra, ertalab soat 8:00 dan, kech soat 22:00 gacha ishlaymiz. Ba`zan kech soat 23:00 gacha, ayrim hollarda iltimoslarga ko`ra, undan ham kechroqqacha ishlashimiz mumkin.
— Mijozlaringiz internetdan asosan nima maqsadda foydalanadi?
— O`zingiz ko`rganingizdek, bu erga sakkiz yoshdan qirq yoshgacha bo`lganlar kiradi va ularning 97 foizi yigitlar. Qizlar kamdan-kam kiradi. Internetdan foydalanuvchilarning 25-30 foizi ma`lumot qidirib, elektron kutubxonalarga kirishi mumkin, qolgan 70-75 foizi kino, klip ko`rish, o`yin o`ynash uchun kelishadi.
— Bir foydalanuvchi internetda necha soatgacha o`tiradi?
— Odatda, ma`lumot qidirish uchun kelganlar uchun bir soat kifoya. Lekin kino, klip ko`rish uchun yoki o`yin o`ynash uchun kirganlar 3 soatdan 12 soatgacha o`tiradi.
Endi mushohada qilib ko`raylik:
Agar bir bola 10 soatlik vaqtini kompyuter qarshisida o`tkazsa, 12000 so`m sarflar ekan-da. Yaqinda “Sharq ziyokori” kitoblar do`koniga bordim. A.Qodiriyning “O`tkan kunlar” romani 12000 so`m, Cho`lponning “Kecha va kunduz” romani 10000 so`m, P.Qodirovning “Humoyun va Akbar” romani 13000 so`m, M.Yusuf “Xalq bo`l, elim” she`rlar to`plami 9000 so`m, O`.Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar” romani 7500 so`m. Bir kunda internetga sarflangan pulga kitob (badiiy asar, ilmiy adabiyot yoki chet tillari bo`yicha lug`at) sotib olish mumkin ekan. Xarid qilingan kitob har doim yonimizda bo`lib, bizni yorug`lik sari boshlaydi. Bundan tashqari, yoshlar ko`rayotgan kino, kliplar ular ongiga salbiy ta`sir o`tkazmaydi, deb ayta olmaymiz. O`yinlar-chi, bu haqda matbuotda qancha materiallar, tahliliy maqolalar e`lon qilinsa-da, “tadbirkorlar” bunga loqayd. Maqsadi biznesini yuritish. Biroq bu to`rga o`zlarining ham farzandlari ilinib qolishini xayoliga keltirmasalar kerak.
O`yin o`ynab o`tirgan bolalarga nima uchun qimmatli vaqtingizdan unumli fodalanish o`rniga o`yin o`ynaysiz, deganimda ulardan biri uyda zerikaman, deb javob bergan bo`lsa, yana biri kecha sinfdoshim Furqatga o`yinda yutqazib qo`ygandim, bugun boplab alamimdan chiqib, uni yutaman, dedi.
Internetdagi o`yinlarning turi juda ko`p va ularning aksariyati jamoa bo`lib o`ynaladi. Jumladan, “Counter strike”,“Butter field”, “Lineage”, “Generals zero hour”, “Call of duty”, “Left four dead” kabi jangarilikni targ`ib qiluvchi o`yinlarning ixlosmandlari maktab o`quvchilaridir. Bu kabi o`yinlar bola ruhiyatiga salbiy ta`sir ko`rsatib, ularda shafqatsizlik, zo`ravonlik kayfiyatini uyg`otadi.
Internet-kafelarda muomala madaniyati allaqachon yo`qolib ulgurgan. Achinarlisi, bu erda humorbosdi o`yinlar o`ynalavergani bois, shunga yarasha so`zlashuv, ya`ni haqoratomuz so`zlar ishlatiladi. Mana ulardan ayrimlari: “senimi, to`xtab tur, qoningni ichaman hali”, “men otgan o`qdan hech kim tirik chiqolmagan”, “boshingni uzaman”, “shu oddiy o`g`irlikni ham eplolmading-a”, xullas, bu gaplarning adog`i yo`q. Bolalar bularni juda hissiz va beparvolik bilan aytishadi.
Xo`sh, yuqoridagi holatlarning avj olib borayotganiga sabab nima? Nega ayrim yoshlarimiz yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanishmayapti? Axir internet faqat kino, klip yoki o`yin, degani emas-ku. Internetning qulayliklari cheksiz. Jumladan, elektron kutubxonalar, minglab ma`lumotlar bazasi, masofaviy ta`lim va boshqalar.
Yoshlarning yaratilgan imkoniyatlardan to`g`ri foydalanmasliklariga sabab — bizningcha, ota-onalar farzandlariga ko`p vaqt ajratmayotganligida va bolalarda internetdan foydalanish madaniyati shakllanmaganidadir.
Xo`sh, bu kabi salbiy holatlarning oldini olish chorasi qaerda?
Tibbiyotda har qanday kasalning oldini olish uchun, eng avvalo, inson organizmida ushbu kasallikka qarshi immunitet hosil qilish kerakligi aytiladi. “Ommaviy madaniyat”, turli xil axborot xuruji va ma`naviy tahdidlarga qarshi esa yosh-avlodning ongida mafkuraviy immunitetni shakllantirish orqali kurashishimiz lozim.
Xulosa qilib aytganda, biz hech qachon o`zligimizni va bebaho milliyligimizni unutmasligimiz kerak. Shundagina “o`rgimchak to`ri”ga ilinmaymiz!
Adolat G`AFUROVA, O`zMU Jurnalistika fakulteti 4-bosqich talabasi
manba: uchildiz.uz