Sevimli

Islom Karimov: Ukrainadagi janglarda g`olib bo`lmaydi

Jamiyat 22.11.2014, 12:17
Islom Karimov: Ukrainadagi janglarda g`olib bo`lmaydi

Ukrainadagi janglarda g`olib bo`lmaydi, kelishmovchiliklarni faqatgina muzokaralar yo`li bilan hal etish kerak.

Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 21 noyabr kuni Oqsaroyda Shveysariya Konfederasiyasi Prezidenti, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (EXHT) amaldagi raisi Dide Burkxalter bilan bo`lib o`tgan uchrashuvda ma`lum qildi.

“2008 yili Buxarestda bo`lib o`tgan NATO sammitida O`zbekiston afg`on muammosini faqatgina harbiy yo`l bilan hal qilish mumkin emasligini ma`lum qilgan edi. Mana vaqtning o`zi bizning haq ekanligimizni ko`rsatdi. Shuning uchun ham Ukrainadagi kelishmovchiliklarni faqat muzokaralar yo`l bilan hal etish kerak, - deya qayd etdi Islom Karimov.

Shuningdek, Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O`zbekiston Shveysariyaga ishonchli hamkor, jahon siyosatida muhim o`rin tutuvchi, umume`tirof etilgan xalqaro iqtisodiy va moliyaviy markaz sifatida qarashini ta`kidladi.
Muloqot chog`ida O`zbekiston – Shveysariya munosabatlarining muhim masalalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Mamlakatlarimiz o`rtasida turli sohalardagi hamkorlik bo`yicha katta tajriba to`plangani, mustahkam shartnomaviy-huquqiy asos yaratilgani ta`kidlandi.
O`zbekistonda Shveysariya kapitali ishtirokida 77 korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 22 tasi to`liq ushbu mamlakat sarmoyasi hisobiga tashkil etilgan. Joriy yilda ham savdo sohasida ijobiy tendensiya kuzatilmoqda.
Shu bilan birga, har ikkala mamlakatning mavjud salohiyati o`zaro manfaatli bo`lgan barcha sohalarda hamkorlikni izchil kengaytirish imkonini berishi qayd etildi.
Uchrashuvda ta`kidlanganidek, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi siyosatga oid ko`plab masalalar bo`yicha mamlakatlarimizning pozisiyasi yaqin yoki o`xshash ekani BMT, EXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik uchun qulay sharoit yaratmoqda.
O`zbekiston Shveysariyaning 2014 yilda EXHTga raisligini qo`llab-quvvatlagan edi. Prezident Dide Burkxalter EXHTga raislikning dastlabki yakunlari bo`yicha o`z fikrini bayon qildi.
Uchrashuvda dolzarb xalqaro masalalar ham muhokama qilindi.

Шарҳлар