Му5
48

Qozog`istonda “Eurasian Book Fair-2019” xalqaro kitob ko`rgazma-yarmarkasi boshlandi

Jamiyat 25.04.2019, 21:56
1572
Qozog`istonda “Eurasian Book Fair-2019” xalqaro kitob ko`rgazma-yarmarkasi boshlandi

Kitob — turli madaniyat va tamaddunlarni birlashtiruvchi ko`prikdir. Shu bois 1996 yildan boshlab har yili 23 aprelda Jahon kitob va mualliflik huquqlari kuni dunyo bo`ylab keng nishonlanadi.

2001 yildan boshlab bir shaharga Jahon kitoblari poytaxti degan unvon beriladi. Hozirgacha Madrid (Ispaniya), Aleksandriya (Misr), Nyu-Deli (Hindiston), Monreal (Kanada), Bogota (Kolumbiya), Bayrut (Lubnon), Lyublyana (Sloveniya), Buenos-Ayres (Argentina), Erevan (Armaniston), Bangkok (Tayland), Port-Xarkort (Nigeriya), Vroslav (Polsha), Afina (Gresiya) kabi shaharlar ana shu unvonga sazovor bo`lganlar.

Ushbu sana munosabati bilan bugun Qozog`iston Respublikasi Nur-Sulton shahrida joylashgan “ Korme” ko`rgazmalar markazida “Eurasian Book Fair-2019” IV Evroosiyo xalqaro kitob ko`rgazma-yarmarkasi o`z ishini boshladi.

Mazkur nufuzli tadbir kitobxonlikni ommalashtirish, nashriyotlar, yozuvchilar, madaniy-ma`rifiy muassasalar, kitob savdosi bilash shug`ullanadigan tashkilotlarning o`zaro hamkorligini mustahkamlash, jahon noshirlik va matbaa sanoati tajribasini o`rganish, etakchi nashriyotlarning eng yaxshi zamonaviy kitoblar to`plamini o`quvchilar va xaridorlarga etkazish, kitob mahsulotlarini yangi texnologiyalar asosida ishlab chiqarish va tarqatishga doir istiqbolli vazifalarni belgilash hamda xalqaro madaniy aloqalarni yaxshilash maqsadida tashkil etilmoqda.

Ko`rgazmada Rossiya, Xitoy, Eron, Turkiya, Polsha, Belgiya, Ozarboyjon, Latviya, Ukraina, Armaniston, Tojikiston, Qirg`iziston kabi mamlakatlardan jami 90 ta tashkilot, jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tizimidagi nashriyotlar ishtirok etmoqda. Ko`rgazma doirasida 150dan ortiq tadbir tashkillashtirilgan. Barcha ishtirokchi-davlatlar vakillari tomonidan kitob taqdimotlari, badiiy kechalar, muallif, noshir, rassom va matbaachilar bilan uchrashuvlar o`tkazish ko`zda tutilgan. Xalqaro kitob ko`rgazma-yarmarkasi doirasida “Eng yaxshi darslik”, “Eng yaxshi o`lkashunoslik kitobi”, “Bolalar va o`smirlar uchun kitob”, “Madaniyat va san`at”, “Fan va innovasiya”, “Gran-pri” nominasiyalarida an`anaviy “Yilning eng yaxshi kitobi” tanlovi o`tkaziladi. G`olib va nomzodlarga maxsus diplom beriladi.

“Eurasian Book Fair-2019” IV xalqaro kitob ko`rgazma-yarmarkasi 27 aprelga qadar davom etadi.

“O`zbekiston” nashriyoti-matbaa ijodiy uyi

Matbuot xizmati

Шарҳлар