O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bugun Rossiyaning "Rosatom" atom energiyasi bo`yicha davlat korporasiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi O`zbekiston-Rossiya o`zaro manfaatli hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni ro`yobga chiqarish doirasida ilg`or texnologiya va bilimlarni jalb etgan holda mamlakatimizda birinchi atom elektr stansiyasini qurish loyihasini tayyorlash va amalga oshirish bo`yicha yaqindan hamkorlik qilinmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Hukumati huzurida "O`zatom" agentligi tashkil etilgan va faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizda atom energetikasini rivojlantirish bo`yicha o`n yilga mo`ljallangan konsepsiya qabul qilingan.
Bo`lajak AES uchun maydon tanlash bo`yicha muhandislik tadqiqotlarining birinchi bosqichi yakunlandi, xalqaro talablarga muvofiq loyihaning atrof-muhitga ta`siri baholanmoqda va texnik hujjatlar tayyorlanmoqda.
Aholini atom energetikasi va yadroviy texnologiyalarning rivoji to`g`risida keng xabardor qilish maqsadida bugun "O`zatom" agentligi binosida Atom texnologiyalari axborot markazi ochildi.
Bundan tashqari, yangi o`quv yilidan Toshkentda “MMFI” milliy tadqiqot yadroviy universitet filiali o`z ishini boshlaydi.
Uchrashuvda mamlakatimizda qabul qilingan "yo`l xaritasi" asosida AES qurilishi loyihasini sifatli tayyorlash va amalga oshirishni ta`minlash bo`yicha hamkorlikni davom ettirish masalalari ko`rib chiqildi. Mamlakatimizda yangi tarmoqni rivojlantirish uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga alohida e`tibor qaratildi.
"Rosatom" davlat korporasiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorlik bildirdi. Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida erishilgan kelishuvlarni o`z vaqtida va keng ko`lamda amalga oshirish borasidagi intilish qat`iy ekani ta`kidlandi.