O`zbek adabiyoti va madaniyati og`ir judolikka uchradi.
O`zbekiston xalq yozuvchisi, taniqli publisist va tarjimon Tohir Malik – Tohir Abdumalikovich Hobilov 2019 yil 16 may kuni og`ir xastalikdan so`ng 73 yoshida vafot etdi.
Tohir Malik 1946 yil 27 dekabrda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tug`ildi. O`rta maktabni tugatganidan so`ng Toshkent davlat universiteti (hozirgi O`zbekiston Milliy universiteti)da tahsil oldi.
Bo`lg`usi adib o`z mehnat faoliyatini Toshkent qurilish-montaj boshqarmasida oddiy g`isht teruvchi sifatida boshladi. Badiiy ijodga, so`z san`atiga bo`lgan kuchli intilishi tufayli keyinchalik yurtimizdagi bir qator ommaviy axborot vositalarida, jumladan, “Tong yulduzi” gazetasida, O`zbekiston radiosida, Cho`lpon, G`afur G`ulom nomidagi nashriyotlarda, “Guliston”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallarida turli vazifalarda samarali xizmat qildi.
Katta hayot va ijod tajribasiga ega bo`lgan Tohir Malik O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ham birmuncha vaqt faoliyat ko`rsatib, milliy adabiyotimizni rivojlantirish, iste`dodli yosh yozuvchi va shoirlarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha qizg`in ish olib bordi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida Davlat mukofotlari qo`mitasi mas`ul kotibi sifatida ijodkor ziyolilarning mehnatini moddiy va ma`naviy jihatdan rag`batlantirishda ishtirok etdi.
Yorqin iste`dod egasi o`zidan boy va betakror ijodiy meros qoldirdi. Uning Vatanimiz va xalqimizga, azaliy qadriyatlarimizga mehr va sadoqat tuyg`ulari mahorat bilan tarannum etilgan badiiy asarlari, kinossenariylari, dolzarb mavzulardagi publisistik maqolalari el-yurtimiz qalbidan chuqur joy oldi.
Tohir Malik o`zbek adabiyotida badiiy fantastika, sarguzasht janrlarining rivojiga katta hissa qo`shdi. “Ozod inson haqida qo`shiq”, “So`nggi o`q”, “Shaytanat”, “Mehmon tuyg`ular”, “Odamiylik mulki” kabi ko`plab asarlari milliy adabiyotimiz xazinasidan munosib o`rin egalladi.
Xalqimiz tarixining eng og`ir davrlarini badiiy yo`l bilan tasvirlash va jamoatchilikka etkazishda ham adib ibrat ko`rsatdi. Ayniqsa, uning o`zbek ma`rifatparvar ziyolilarining murakkab hayoti va faoliyatiga bag`ishlangan tarixiy asarlari katta tarbiyaviy ahamiyatga egadir.
Tohir Malik etuk tarjimon sifatida jahon adabiyotining sara namunalarini ona tilimizga mahorat bilan o`girib, kitobxonlarimizni ulardan bahramand qilish borasida ham samarali mehnat qildi.
El suygan adib jonkuyar tashkilotchi sifatida jamoat ishlarida, madaniy va ma`rifiy jarayonlarda faol ishtirok etdi. Umrining oxiriga qadar Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o`zbek tili, ma`naviyat asoslaridan saboq berib, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda jonbozlik ko`rsatdi.
Zahmatkash adibning o`zbek adabiyoti va madaniyatini rivojlantirish yo`lidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O`zbekiston xalq yozuvchisi” faxriy unvoni, “Do`stlik”, “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlangan edi.
Atoqli adib, mehribon ustoz, kamtarin inson Tohir Malikning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoev, N.Yo`ldoshev, N.Ismoilov,
A.Aripov, J.Ortiqxo`jaev, S.Saidov