AsosiyJamiyat

Joriy yilning 9 oyida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 23,1 va xalq iste`moli mollari ishlab chiqarish 23,5 foizga o`sdi

“O`zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasida joriy yilning 9 oyida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 23,1 va xalq iste`moli mollari ishlab chiqarish 23,5 foizga o`sdi, deya yozmoqda O`zA.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi to`qimachilik va tikuvchilik-trikotaj sanoati korxonalarining aksariyati “O`zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiradi. Ayni paytda kompaniya tarkibida 305 sanoat korxonasi faoliyat ko`rsatmoqda. Ularning 253 tasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlaridir.
“O`zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi ma`lumotlariga ko`ra, shu yilning o`tgan uch choragida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2 trillion so`mdan ortgan, xalq iste`moli tovarlari ishlab chiqarish esa 828,9 milliard so`mni tashkil qilgan. Ayni paytda ip va mato, trikotaj polotno va undan tayyorlangan buyumlar, noto`qima materiallar, xom ipak kabi asosiy turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi o`sdi.
Ta`kidlash joizki, engil sanoat korxonalari mahsulot eksportini kengaytirishga alohida e`tibor qaratmoqda. Shu yilning o`tgan 9 oyida eksport hajmi 637,1 million dollarni tashkil etdi. Bu o`tgan yilning shu davriga nisbatan 7 foiz ko`pdir. O`tgan davrda eksport qiluvchi korxonalar soni 38 taga ko`payib, 250 taga etdi.

    Boshqa yangiliklar