AsosiyJamiyat

Afg`oniston muammosiga alohida e`tibor qaratildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2 dekabr kuni Oqsaroyda ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarning beshinchi raundida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo`yicha yordamchisi Nisha Desai Bisvalni qabul qildi, deya xabar bermoqda O`zA.
Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, mamlakatlarimiz o`rtasidagi o`zaro hurmatga asoslangan amaliy hamkorlik sur`atini ijobiy baholadi. 

Uchrashuvda ta`kidlanganidek, turli darajadagi doimiy muloqotlar tomonlarga bir-birini anglash, hamkorlikni yanada rivojlantirishning aniq yo`nalishlarini belgilab olish imkonini berayotir. Bu davlatlararo miqyosda, shuningdek, ilm-fan va ta`lim, madaniyat va san`at namoyandalari, fuqarolik jamiyati vakillari o`rtasidagi hamkorlikda ham o`z ifodasini topmoqda.
Muloqot chog`ida xalqaro masalalar, jumladan, mintaqamiz va uning tashqarisida ham xavfsizlikka tahdid solayotgan Afg`oniston muammosiga alohida e`tibor qaratildi. Davlat kotibi yordamchisi AQSh O`zbekiston rahbarining Afg`onistondagi vaziyatni o`nglash borasidagi sa`y-harakatlarini, davlatimizning ushbu mamlakat iqtisodiyotini tiklashda ko`rsatayotgan yordamini yuksak qadrlashini ta`kidladi.
Nisha Desai Bisval samimiy qabul, o`zaro hamkorlikka oid va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish imkoniyati yaratilgani uchun Prezidentimiz Islom Karimovga minnatdorlik bildirdi. Amerikalik diplomat o`z davlati rahbariyati nomidan AQSh O`zbekiston bilan ko`p qirrali va uzoq istiqbolga mo`ljallangan hamkorlikni izchil rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi.
O`zbekiston – AQSh munosabatlarida savdo-iqtisodiy va investisiyaviy sohalar muhim o`rin egallaydi. AQShning yirik kompaniyalari bilan iqtisodiyotning yuqori texnologiyali tarmoqlarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo`yicha hamkorlik davom etmoqda.
Mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o`rtasida o`zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishda Amerika – O`zbekiston savdo palatasi alohida ahamiyatga ega. Shu yilning noyabr oyida Toshkentda O`zbekiston va AQSh biznes vakillari ishtirokida ushbu palataning navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. 

    Boshqa yangiliklar