AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev ShHT doirasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga doir muhim tashabbuslarni ilgari surdi

'Shavkat Mirziyoev ShHT doirasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga doir muhim tashabbuslarni ilgari surdi'ning rasmi

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar rahbarlarining keng doiradagi muzokaralari bo`lib o`tdi. Unda tashkilotga a`zo mamlakatlar bilan birga kuzatuvchi maqomidagi davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegasiyalari rahbarlari ishtirok etdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev o`z nutqida mintaqaga doir dolzarb masalalarga e`tibor qaratib, ularni hal etish bo`yicha amaliy takliflar bildirdi. Jahon bozorida raqobat keskinlashib, ekologik va demografik muvozanatsizlik yuzaga kelayotgani, terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilik xavfi saqlanib qolayotganini qayd etdi.

- Bugun xavfsizlikni ta`minlash bo`yicha muvofiqlashgan siyosat yuritish, mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar shakllantirish muhim, - dedi davlatimiz rahbari.

Markaziy Osiyodagi barqarorlik va ochiqlik keng hamkorlik hamda muhim mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratayotgani ta`kidlandi. "O`zbekiston-Qirg`iziston-Xitoy" temir yo`li qurilishi shunday muhim loyihalardan biri bo`lib, savdo aloqalari va investisiya oqimiga kuchli turtki beradi.

Mintaqaviy xavfsizlik masalasiga e`tibor qaratar ekan, Prezidentimiz bu ko`p jihatdan Afg`onistondagi vaziyatga bog`liq ekanini qayd etdi. Ushbu sammit doirasida «ShHT - Afg`oniston» muloqot guruhining «yo`l xaritasi» qabul qilinishi, ushbu mamlakatning mintaqaviy hamkorlikka faol jalb etilishi muhimligini ta`kidladi.

«Aqlli» qishloq xo`jaligi va agroinnovasiyalarni tatbiq etish sohasiga doir konsepsiya ishlab chiqish, resurs tejaydigan va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida ShHTning «yashil belbog`i» dasturini qabul qilish taklifi bildirildi.

Shavkat Mirziyoev xalqlarimizning tarixiy-madaniy merosi targ`ibotini kuchaytirish, turizm salohiyatini to`la ro`yobga chiqarish muhimligini ta`kidlar ekan, har yili a`zo mamlakatlar shaharlaridan birini ShHTning turistik va madaniy poytaxti deb e`lon qilishni taklif qildi.

Davlatimiz rahbari ShHT doirasida iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, iqlim o`zgarishiga qarshi kurashish, yashil texnologiyalarni joriy etish, axborot texnologiyalari sohasida hamkorlikni mustahkamlashga doir takliflar bildirdi.

    Boshqa yangiliklar