Dushanbe shahridagi «Navro`z» saroyida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengashning beshinchi sammiti boshlandi.
Unda kengashga a`zo va kuzatuvchi mamlakatlar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillaridan iborat 30 dan ziyod delegasiya ishtirok etmoqda.
Tadbir oldidan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon samimiy qutladi.
So`ng barcha delegasiyalar rahbarlari birgalikda suratga tushish marosimida qatnashdi. Tojikiston rahbari sammitni kirish so`zi bilan ochdi.
OHIChK qit`amizda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash, hamkorlikni mustahkamlash, mamlakatlar va xalqlar farovonligini oshirishga qaratilgan xalqaro forumdir.
Kengashga bugungi kunda mintaqa hududi va aholisining 90 foizini qamragan 27 davlat a`zo. Sakkiz mamlakat va beshta nufuzli xalqaro tuzilma - Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi, Xalqaro migrasiya tashkiloti, Turkiy tilli mamlakatlar Parlament assambleyasi uning kuzatuvchilaridir.
O`tgan yillarda ushbu tuzilmaning Qozog`iston, Turkiya va Xitoy raisligida to`rtta sammiti bӯlib ӯtgan. Bu galgi uchrashuv “Xavfsiz va yanada ravnaq topgan mintaqa sari yagona yondashuv» mavzusida o`tkazilmoqda.
Majlis kun tartibidan mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash bo`yicha o`zaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish, terrorizm va ekstremizmga, narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish, a`zo davlatlar o`rtasida savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda, atrof-muhitni muhofaza qilish bo`yicha hamkorlikni kengaytirishga doir dolzarb masalalar o`rin olgan.