Долзарб мавзулар Foto

Islomni qabul qilgan va qilmagan buyuklar

Бўлимлар: Mutolaa
Теглар:
Добавлено: 16.06.2019, 22:48

Odatda dinimizning ulug`ligi, kuch-qudrati haqida so`z ketganda, ba`zilar turli mo``jizalar, turfa xil afsonalar, tasdiqlanmagan ma`lumotlarga yuzlanadi. Afsuski, ana shunday tasdiqlanmagan gap-so`zlarni ko`pchilik haqiqat o`rnida qabul qiladi. Ularning asossizligi aniqlanganida bu haqda so`z ochganlar noqulay ahvolga tushib qolishlari mumkin. Jumladan, Nil Armstrong, Lev Tolstoy, Napoleon, Gyote, Jak Iv Kusto singari insonlarning islomni qabul qilgani haqidagi gap-so`zlar qanchalik haqiqatga yaqin? Bugun ana shu masala haqida to`xtalib, xulosamizni oxirida aytamiz.

Iogann Volfgang Gyote

Dunyo she`riyatining atoqli vakillaridan biri Iogann Volfgang Gyote (1749-1832) o`z hayoti davomida islom falsafasi, islom adabiyotiga ko`plab marotaba murojaat qiladi. U o`zininig “g`arbu sharq devoni” to`plamini Sharq she`riyati va falsafasi ruhida yaratgan. U do`sti Ekkermanga bitgan nomalarida ham islomning insoniyat hayotida tutgan o`rni haqida bir necha marotaba to`xtalib o`tgan. U 20 yoshida Qur`onning lotin tilidagi tarjimasini o`qib chiqqan. Keyin uning arabcha matni bilan ham qiziqib, bu ilohiy kitobning fasohati, tilining va uslubining go`zalligidan hayratga tushgan. U keyinchalik Hofiz Sheroziy she`riyatinning haqiqiy oshig`iga aylanadi.

Gyotening islomga munosabati haqida ko`plab maqolalar bitilgan. Xususan arab olimi va faylasufi Abdulqodir al-Murobit Gyote ijodini chuqur o`rganib, uni “Evropada islomni qabul qilgan ilk ziyoli” deb ta`riflaydi. Ammo uning aynan islom dini qabul qilib, diniy ahkomlarni bajargani haqida ishonchli ma`lumotlar mavjud emas.

Napoleon Bonapart

Buyuk fransuz siyosat arbobi Napoleon Bonapart (1769-1821) o`zining siyosiy va diniy qarashlari bilan ko`pchilikni hayratga solgan. U Evropaning qadimiy madaniy markazlaridan biri Korsikada tug`ilgan, katolik mazhabiga e`tiqod qilgan. U 1815 yil Vaterloo jangidagi mag`lubiyatidan so`ng taxtdan voz kechishga majbur bo`ladi va inglizlar tomonidan Atlantika okeanidagi muqaddas Elena oroliga surgun qilinadi. Bu erda u islom ahkomlarini puxta o`rganadi.

Ma`lumotlarga ko`ra, u o`z xotiralarida islom dini butun insoniyatni halokatdan qutqara olishi, agar yana hokimiyatni egallay olsa, islom ahkomlariga asoslangan davlat qurishini bildiradi. Ammo uning islom diniga kirgani haqida aniq ma`lumot yo`q. Uning jasadi qoldiqlari o`limidan 19 yil o`tib, Fransiyaga olib kelingan va o`zining vasiyatiga binoan Parijdagi Nogironlar qasrida nasroniylar udumiga ko`ra dafn qilingan.

Lev Tolstoy

Buyu rus adibi Lev Tolstoy (1828-1910) o`zining qator asarlarida islomdan misollar keltiradi. Bu dinning insonparvarlik g`oyalarini targ`ib qiladi. Jumladan, u o`zining “Iqrornoma”sida islom dinining afzal ihatlariga alohida e`tibor qaratadi.

Ma`lumki, Tolstoy Qozon universitetida ikki yil sharq tillari fakultetida o`qigan, arab va turk tillarini o`rgangan. Taniqli islom ma`rifatparvari Mirzo Kozimbekdan tahsil olgan. Uch yil Kavkazda, musulmonlar orasida yashagan. “Hojimurot”, “Kavkaz asiri”, “Kazaklar” singari asarlarida musulmonlar hayotini yoritishga uringan. Misr muftiysi Muhammad Abdo bilan yozishmalar olib borgan.

U nasroniylik diniga nisbatan tanqidiy fikrlari uchun 1901 yilda parvoslov cherkovi ta`qibiga ham uchraydi. Ammo Lev Tolstoy aynan islomni qabul qilgani haqida ishonchli manbalar yo`q. U 1910 yil 9 noyabrda o`zi tug`ilib o`sgan Yasnaya Polyana qishlog`ida nasroniy udumlariga mos ravishda dafn qilingan.

Jak Iv Kusto

Jak iv Kusto (1910-1997) suv osti dunyosini o`rgangan eng mashhur olim, rejissyor, fotograf va ixtirochi sanaladi. U dunyo okeanini tadqiq qilarkan, ma`lumotlarga ko`ra, o`zining dengizdagi sayohatlaridan birida O`rtaer dengizi va Atlantika okeani chegarasidagi suvning tarkibi ikki xil ekanini, dengiz va ummon o`rtasida ko`rinmas to`siq borligini payqab qoladi. Bu jumboqli hodisa haqida u islomni qabul qilgan fransuz shifokori Moris Bukayyaga aytib beradi. Shunday shifokor bu jumboq 14 asr muqaddam musulmonlarning muqaddas kitobida aks etganini aytib, “Furqon” surasining 25-oyatini o`qib beradi: “U ikki dengizni-bunisi chuchuk-shirin, unisi sho`r-achchiq qilib oqizib qo`ygan va oralariga ko`rinmas to`siq hamda ochilmas sarhad qilgan Zotdir”. (Qur`on 25:53). Bu ilohiy haqiqatdan lol qolgan Kusto darhol islomni qabul qiladi.

Albatta, bu oyatning haq ekani, ilmiy jihatdan isbotlanganiga shubha yo`q. Ammo Kustoning musulmon bo`lgani haqiqatdan yiroq. Bu xabarni uning oila a`zolari bir necha bor rad qilishgan. Shuningdek, olimning o`zi katolik urf-odatlariga binoan Parijdagi Notr-Dam cherkovi yaqinidagi nasroniy qabristonida dafn qilingan.

Nil Armstrong

Nil Armstrong (1930-2012) Oyga ilk bor qadam qo`ygan inson sifatida dunyo tarixida o`ziga xos nom qoldirdi. Bir paytlar dunyo matbuotida go`yoki Nil Armstrongning islom dini qabul qilgani haqidagi gap-so`zlar urchigandi. Xabarlarga ko`ra, 1978 yilda u Misrdagi bir anjumanda o`tirgan paytida tashqaridan g`alati ovozni eshitadi va rangi oqarib ketadi. Yonidagilardan so`raganida, bu ovoz kuniga besh marta musulmonlarni ibodatga chorlovchi azon tovushi ekanini tushuntirishadi. Nil esa hayrat ichida bu ovozni u ilk bor oyda eshitganini aytadi. Shundan so`ng, butun dunyoga “Nil Armstrongning oyda azon eshitgani va islom dinini qabul qilgani” haqida xabarlar yoyiladi.

Keyinchalik fazogirning o`zi ham bu masalaga oydinlik kiritdi. Ma`lum bo`lishicha, u Oy sathida azon eshitmagan. Ammo islom diniga juda katta hurmat bilan qaragan. U o`zi bilan birga Oyga Injil va Qur`on oyatlari bitilgan sahifalarni olib chiqqan. Ayrim “shov-shuv”ga o`ch nashrlar Armstrongning go`yoki islomni qabul qilgani haqidagi mish-mishni to`qib chiqarganlar. Arsmtrongga bu masalada bir necha bor savol berishganida, u islom va musulmonlarga ehtiromi baland ekani, ammo o`zi nasroniy e`tiqodiga egaligini bildirgan.

Maykl Jekson

Jahon mashhur pop musiqasi yulduzi Maykl Jeksonning (1958-2011)ning diniy e`tiqodi masalasi ham ancha yillar jahon matbuotining diqqat markazida bo`lib keldi. Mayklning onasi Ketrin o`g`lini xuddi o`zidek “Yegova shohidlari” tariqati ruhida tarbiyalashga uringan. 1987 yilda pop qiroli bu tariqatni tark etganini e`lon qiladi. Uning akasi Jermen Jekson esa allaqachon islomni qabul qilgan, ukasini ham shu dinga da`vat qilgandi. 2008 yilda yilda bir qator mashhur nashrlar, jumladan “RIA-Novosti” agentligi ham The Sun nashriga tayanib, Maykl Jeksonning islom dinini qabul qilgani haqida xabar tarqatdi. Ammo bu mavzuda Maykl Jekson biror marta ochiq gapirmagan. U o`limidan bir necha kun avval do`sti Andre Krauch bilan nasroniy cherkoviga borib, diniy qo`shiqlarni ijro etgan. Uning shaxsiy advokati Lndlen Makmillan ham Jeksonning islomga kirgani haqidagi xabarni qat`iyan rad etgan.

Rouen Atkinson

2013 yil 1 oktyabr Mister Bin siymosi orqali dunyoga tanilgan britaniyalik komik aktyor Rouen Atkinson (1955) islom dinini qabul qilgani haqidagi xabar ko`plab islomiy saytlarda tarqalib ketdi. Ma`lumotlarga ko`ra, Rouen Atkinson yoshligidan barcha din, irq va millat vakillariga chuqur hurmat ruhida tarbiya topgan. U uzoq yillar o`zining islomofobiya (islomni yomon ko`rish)ga qarshi qarashlari bilan ham tanilgan. U internetda Payg`ambarimiz (s.a.v.)ni tahqirlovchi “Musulmonlar gunohsizligi” filmi tarqalganidan keyin islom haqida xolis va haqqoniy axborot to`plashga kirishgan va islomni haq din sifatida qabul qilgan.

Ammo ko`p o`tmay bu xabarni hazil tariqasida www.israellycool.com sayti tarqatgani ma`lum bo`ldi. Bunga chippa-chin ishongan juda ko`p islomiy OAVlar bu xabarning yashin tezligida tarqalishiga katta hissa qo`shishdi. Oradan ikki kun o`tib, aktyorning shaxsiy agenti bu xabarning asossiz ekanini ma`lum qildi.

Xuddi shuningdek...

Co`nggi yillarda juda ko`p taniqli sportchilar, siyosat arboblari, kino yulduzlari, mashhur setara yulduzlarining islom dinini qabul qilgani haqidagi feyk xabarlar tarqaldi. Ular orasida Jan Reno, Jeki Chan, Uill Smit, Mel Gibson singari dunyoga mashhur ismlarni misol keltirish mumkin. Ko`p o`tmay bu xabarlarning bari yolg`on ekani ma`lum bo`ldi. Xo`sh, bunday xabarlarni kimlar tarqatmoqda? Bunday yolg`on “piar”lar ortida nima yotibdi? Umuman, bu borada shov-shuv ko`tarishning nima keragi bor? Bu savollarga albatta, aniq javob berish mushkul. Kimdir “bunday xabarlar ortida shunday “feyklar”ni tarqatishdan maqsad musulmonlarni ishontirib, ularning ustidan kulish, desa, yana kimdir aksincha, “musulmonlar dunyoga mashhur insonlarni go`yoki islomga kirgani haqida shov-shuv ko`tarib, o`z saflarini kengaytirishmoqda” deguvchilar ham uchraydi.

Kimlar rostdan ham qabul qilgan?

Albatta, G`arb olamida mashhur shaxslar orasida islomni qabul qilganlar ko`pchilikni tashkil qiladi. Masalan, jahonga mashhur bokschilar Malik Abdul`aziz (Mayk Tayson), Muhammad Ali (Kassius Marsellus Kley), basketbolchi Karim Abduljabbor (Lyuis Alsindor), ingliz bastakori Yusuf Islom (Ket Stivens), amerikalik repper Kamol Jon Farid (Jonatan Devis)... Bu ro`yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Albatta, bu insonlarning islom dinini qabul qilishi - ularning mustaqil shaxs sifatidagi irodasi, e`tiqod erkinligi. Ammo ularning nomi bilan islom yanada sharaflanib, kengroq yoyiladi, deb o`ylash mutlaqo noto`g`ri. Dinimiz bandalarning nomi-yu shon-shuhratiga muhtoj emas. Zero, buyuk insonlarning musulmon bo`lishi islomning foydasiga emas, islom uni qabul qilgan insonlarning foydasiga xizmat qiladi.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

SUG'DIYONA