AsosiySiyosat

Geologiya sohasini xalqaro talablar asosida rivojlantirish bo`yicha vazifalar belgilandi

'Geologiya sohasini xalqaro talablar asosida rivojlantirish bo`yicha vazifalar belgilandi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 1 iyul kuni geologiya sohasini yanada rivojlantirish, geologik qidiruv va qazib olishni kengaytirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

Mamlakatimizda sanoatlashtirish mumkin bo`lgan 73 turdagi foydali qazilma zaxirasiga ega 2 mingdan ziyod kon bor. Shundan 437 tasi o`zlashtirilmagan. Yangi istiqbolli konlarni o`rganish etarli darajada emas. Qidiruv ishlariga jalb qilinayotgan texnikalarning 70 foizi eskirgan.

Sohaga investisiyalar jalb qilib, qayta ishlashni yo`lga qo`yish ishlari ham sustligi qayd etildi. Bugungi kunda 111 ta istiqbolli konning atigi 14 tasida to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar ishtirokida 39 million dollarlik 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda, xolos.

Yig`ilishda geologorazvedka va qazib olish ishlari uchun belgilangan soliq stavkalarini optimallashtirish, byudjet mablag`lari samaradorligini oshirish, tarmoqqa xususiy investisiyalarni keng jalb qilish bo`yicha vazifalar belgilandi.

Geologiya-qidiruv ishlarini moliyalashtirish tizimini isloh qilish, xorijiy ekspertlarni jalb etib, eng ilg`or tajribalarni amaliyotga joriy qilish zarurligi ta`kidlandi. 2020-2021 yillarga mo`ljallangan mutlaqo yangi formatdagi qidiruv ishlari dasturini shakllantirish, sohaning moddiy-texnik bazasini yangilash bo`yicha topshiriqlar berildi.

Mineral xomashyo bazasini xalqaro standartlar asosida baholash, jumladan, konlar zaxiralarini JORC kodeksi talablari asosida hisoblash va ma`lumotlar ochiqligini ta`minlash muhimligi qayd etildi.

Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo`mitasiga yangi investisiya loyihalari portfelini shakllantirish hamda ularni o`z veb-saytlariga joylashtirish, xorijda biznes tadbirlar va roud-shoular tashkillashtirish orqali salohiyatli investorlarni jalb qilish vazifasi qo`yildi.

Volfram, grafit kabi talab yuqori xomashyolar bo`yicha investisiya jalb qilib, kamida 20 ta loyihani amalga oshirish yuzasidan topshiriq berildi.

Sohadagi bugungi holat va yig`ilishda qo`yilgan vazifalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

    Boshqa yangiliklar