Ташкент +4° Tue 19:14
Долзарб мавзулар Foto

Zamonaviy agrologistika markazlari barpo etilib, qishloq xo`jaligida kooperasiya kengaytiriladi

Бўлимлар: Siyosat
Теглар:
Добавлено: 05.07.2019, 09:48

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 4 iyul kuni qishloq xo`jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat tovarlari sifatini oshirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

Mamlakatimizda yiliga 20 million tonna meva-sabzavot etishtiriladi. Lekin ularni sanoat usulida qayta ishlash darajasi atigi 15 foiz bo`lib, shundan 7-8 foizi eksport qilinmoqda. Infratuzilma etarli emasligi tufayli yig`ishtirish va saqlash jarayonida 30 foiz mahsulotlar yo`qotilmoqda.

Bu sohadagi imkoniyatlardan oqilona foydalanib, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash kengaytirilsa, oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish va eksport hajmini oshirish mumkin.

Davlatimiz rahbari buning uchun, avvalo, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini yig`ish, tashish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilish jarayonlarini qamrab oladigan zamonaviy agrologistika markazlarini ko`paytirish zarurligini ta`kidladi.

Bugungi kunda yurtimizda 31 ta agrologistika markazi, 1 ming 500 ta sovutkich omborlar bor. Ularda jami etishtiriladigan meva-sabzavotning 4,5 foizinigina saqlash mumkin. Bu juda kam, albatta.

Shavkat Mirziyoev oziq-ovqat mahsulotlari narxini barqaror saqlash, bozorga doimiy etkazib berish uchun keng infratuzilma yaratish zarurligini ta`kidladi.

2025 yilga qadar sovutkichlar sonini 4 ming 500 taga, agrologistika markazlarini 140 taga etkazish vazifasi qo`yildi. Osiyo taraqqiyot bankining imtiyozli krediti ishtirokida Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlarida agrologistika markazlari barpo etish, Jizzax, Surxondaryo va Farg`ona viloyatlarida ham shu boradagi ishlarni boshlash yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yig`ilishda mahsulot etishtiruvchilar bilan qayta ishlovchi korxonalar o`rtasida hamkorlik yo`lga qo`yilmagani ko`rsatib o`tildi.

Masalan, meva-sabzavotning 65 foizi, go`sht va sut mahsulotlarining 93-95 foizi dehqon xo`jaliklari va aholi tomorqalarida etishtirilmoqda. Biroq, shu mahsulotlarni qayta ishlovchi korxonalar 50-60 foiz quvvatda faoliyat yuritmoqda. O`tgan yili meva-sabzavotning 19 foizi, go`sht va sut mahsulotlarining 16 foizigina sanoat darajasida qayta ishlangan, xolos.

– Kooperasiya aholi etishtirgan qishloq xo`jaligi mahsulotlarini sanoatga jalb qilishning eng samarali yo`li. Bu orqali, birinchidan, aholi daromadli bo`ladi, ikkinchidan, sanoat uzluksiz xomashyo bilan ta`minlanadi, – dedi Prezident.

Shu borada yana bir misol. Odatda uzum, qovun, tarvuz, qovoq va anorning urug`i tashlab yuboriladi. Xorijda bu urug`lar qayta ishlanib, tansiq mahsulotlar tayyorlanadi. Xususan, bir kilogramm tarvuz urug`i yog`i jahon bozorida 28 dollar, anor urug`iniki esa 350 dollar turadi. Yurtimizda ham ushbu mahsulotlarni yig`ib olish va qayta ishlash yo`lga qo`yilsa, yiliga 250 million dollarlik eksportbop mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Qishloq xo`jaligi vazirligi, Veterenariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga har bir tumanda kamida beshtadan qishloq xo`jaligi kooperasiyalarini tashkil etish, ularni moliyaviy qo`llab-quvvatlash vazifasi qo`yildi.

Qishloq xo`jaligi korxonalari qo`shilgan qiymat solig`iga o`tayotgani ishlab chiqarish va ulgurji savdoni rivojlantirish bilan birga kooperasiyani kengaytirishga ham zamin yaratishi qayd etildi.

Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, eksportdagi raqobatbardoshligi malakali laboratoriya tekshiruviga ham bog`liq. Yig`ilishda bu borada ham qilinadigan ishlar ko`pligi ko`rsatib o`tildi. Oziq-ovqat mahsulotlarini sinash bo`yicha Jahon savdo tashkilotining talablariga mos 775 ta standart bo`lsa, mamlakatimizda ularning 100 tasi joriy qilingani, 100 dan ortiq laboratoriyadan atigi 10 tasi xalqaro darajada akkreditasiyadan o`tgani tanqid qilindi. Bu korxonalarimiz mahsulotlarini eksport qilish, import tovarlarning esa sifatini tekshirishda qiyinchiliklar tug`dirmoqda.

Shu bois “O`zstandart” agenligi, Sog`liqni saqlash vazirligi va tegishli inspeksiyalarga oziq-ovqat sifati bo`yicha xalqaro standartlarni 500 taga etkazish, to`liq sinovlar o`tkazish imkoniga ega laboratoriyalar tashkil etish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Agrosanoatni jadal rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash uchun qishloq xo`jaligi sohasida mega loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish zarurligi ta`kidlandi.

Muhokama qilingan chora-tadbirlar yuzasidan mutasaddilar o`z taklif va mulohazalarini bildirdi.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Shou-biznes

SUG'DIYONA