Му5
48

Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo`yicha yangi tizim joriy etiladi

Siyosat 24.07.2019, 09:03
519
Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo`yicha yangi tizim joriy etiladi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 23 iyul kuni kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishda muhim omildir. Ushbu soha vakillarini har taraflama qo`llab-quvvatlash maqsadida oxirgi ikki yarim yilda Prezidentning ellikdan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi.

Jumladan, tadbirkorlik faoliyatini davlat ro`yxatidan o`tkazish, turli ruxsatnomalar olish va boshqa ko`plab xizmatlar tartib-qoidalari soddalashtirildi. Bu borada qulaylik yaratish uchun Davlat xizmatlari agentligi va uning joylardagi markazlari tashkil etildi. Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakil (Biznes-ombudsman) lavozimi joriy qilindi.

Barcha hududlarda tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilib, hal etishga ko`maklashadigan Bosh vazir qabulxonalari tashkil etildi. Vazirlar Mahkamasi huzurida Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash davlat jamg`armasi faoliyati yo`lga qo`yilib, unga 200 milliard so`m va 50 million dollar mablag` ajratildi.

Tijorat banklari tomonidan tadbirkorlarga ajratilayotgan kreditlar hajmi oshdi.

Bunday amaliy choralar o`z natijasini bermoqda. Kichik biznes mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining qariyb 60 foizini, sanoat mahsulotlari hajmining uchdan birini, qishloq xo`jaligi mahsulotining 98 foizini, investisiyalarning yarmini ta`minlamoqda. Ko`pgina viloyatlarda eksportning 70-90 foizi aynan kichik biznesga to`g`ri keladi.

Joriy yilning 6 oyida tadbirkorlik sub`ektlari soni 60 mingtaga ortgan.

Yig`ilishda ushbu ko`rsatkichlar islohotlarning dastlabki natijalari ekani ta`kidlanib, asosiy e`tibor hanuzgacha uchrayotgan muammolarni hal etishga qaratildi.

Davlatimiz rahbari viloyat, tuman, shahar hokimlari va ularning birinchi o`rinbosarlari mutlaqo yangicha ishlab, 70 foiz vaqtini hududda tadbirkorlikni rivojlantirishga sarflashi kerakligini ta`kidladi.

Har bir viloyat, tuman va shahar hokimlari va ularning birinchi o`rinbosarlari faoliyatiga yangi tashkil etilgan yoki faoliyati qayta tiklangan kichik korxonalar va ularda yaratilgan ish o`rinlari sonidan kelib chiqqan holda baho berib, rag`batlantirish bo`yicha yangi tizim joriy etish vazifasi qo`yildi.

Baho berishda korxonalarning yashovchanlik ko`rsatkichi asosiy mezonlardan biri bo`lishi kerakligi belgilandi. Ya`ni, tashkil etilayotgan korxonalarning kamida 50 foizi keyingi 3 yil davomida ishlasa, hokim va uning tadbirkorlik bo`yicha birinchi o`rinbosari, Savdo-sanoat palatasining hududiy bo`limlari rahbarlarini qo`shimcha moddiy rag`batlantirish nazarda tutilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga ushbu yangi tizimni joriy qilish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Yig`ilishda Prezident Shavkat Mirziyoevning Sirdaryo viloyatiga o`tgan haftadagi tashrifi doirasida Xovos tumanini “Tadbirkorlik hududi”ga aylantirish bo`yicha taklif etilgan tashabbusni amalga oshirish masalasi ham ko`rib chiqildi.

Iqtisodiyot va sanoat vaziri boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi har bir tumanning salohiyatidan kelib chiqib, kichik biznesni rivojlantirish yo`nalishlari bo`yicha takliflar ishlab chiqishi zarurligi qayd etildi. Ushbu takliflar asosida tadbirkorlarga ularni amalga oshirish, kredit, er va bino ajratish, infratuzilmaga ulash kabi barcha masalalarda ko`maklashiladi.

Videoselektorda sanoat sohasidagi kichik biznes sub`ektlari va yirik korxonalar o`rtasida sanoat kooperasiyasini keng yo`lga qo`yish zarurligi ta`kidlandi.

Masalan, avtomobilsozlik va qishloq xo`jaligi mashinasozligi tarmoqlari o`rganilganda tadbirkorlik sub`ektlari va yirik sanoat korxonalari o`rtasida kooperasiya deyarli yo`qligi, oqibatda yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va butlovchi qismlar import qilinayotgani ma`lum bo`lgan. Achinarlisi, ayrim sanoat korxonalari kichik ishlab chiqaruvchilar u yoqda tursin, xaridorlar talabi bilan ishlashni ham bilmaydi.

Shu bois Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga o`nta yirik sanoat tarmog`i, jumladan, qishloq xo`jaligi mashinasozligi, elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, avtosanoat korxonalari bilan kichik biznes o`rtasida sanoat kooperasiyasini yo`lga qo`yish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda kooperasiya yarmarkalari o`tkazish, mahsulot va xizmatlar o`z egasini topishi uchun “Yagona elektron kooperasiya birja portali”ni tashkil etish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Yig`ilishda tadbirkorlik rivojiga to`siq bo`layotgan yana bir muammo – loyihalarni joylashtirish uchun er ajratish masalasiga alohida e`tibor qaratildi.

Bu tizim hanuzgacha ochiq-oshkora ishlamayotgani ko`rsatib o`tildi. Misol uchun, 3 ming 500 gektar maydon “Er-elektron” axborot tizimiga taqdim etilgan bo`lsa-da, shundan 1 ming 300 gektari yoki 37 foizi savdoga qo`yilgan, xolos.

Shu bois, mutasaddilarga er ajratish masalasini idoralar bilan kelishish, binoni ro`yxatdan o`tkazish jarayonlarini tubdan soddalashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Banklarning tadbirkorlik sub`ektlariga xizmat ko`rsatishini yaxshilash va ajratilayotgan kreditlar samaradorligini oshirish masalasiga ham e`tibor qaratildi.

Hozirda kredit olish istagidagi tadbirkorning murojaati 3 bosqichda, ya`ni tuman-viloyat-respublika darajasida ko`rib chiqiladi. Bankning markaziy idorasi rozilik bermasa, tadbirkor kredit ololmaydi. Oqibatda, bu jarayon ayrim hollarda oylab cho`zilib ketyapti.

Shu bois, banklarda kredit ajratish masalalarini bir va ikki pog`onaga o`tkazish, 70-100 nafar xodim ishlaydigan filiallar o`rniga 10-15 nafar shtatdan iborat ixcham bank xizmatlari markazlarini ko`paytirish lozimligi ta`kidlandi.

Tadbirkorlarning kredit foiz stavkalariga oid fikrlari muhokama qilinar ekan, kreditlar bo`yicha kafolat berish va foizlarni qisman qoplash maqsadida tashkil qilingan Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash davlat jamg`armasi faoliyatini kuchaytirish muhimligi aytildi.

Tadbirkorlarning bino-inshootlarini buzish va buning uchun kompensasiya to`lash borasida tizimli yondashuv yo`qligi tanqid qilindi.

Albatta, joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari davomida ayrim binolarning buzilishi tabiiy hol. Biroq, aholi punktlarini istiqbolda rivojlantirish rejalarini hisobga olmasdan, katta hududlarda joylashgan inshootlar buzib yuborilayotgani oqibatida juda ko`p miqdorda kompensasiya to`lovlari kelib chiqmoqda.

Hokimliklar buziladigan binolarning o`rnida yangi korxonalarni qurish bo`yicha investorlarni topib, kompensasiya to`lovini ularning hisobidan to`lanishini ta`minlamayotgani sababli ushbu xarajatlar davlat byudjeti zimmasiga tushmoqda.

– Barcha hokimlarni qat`iy ogohlantiraman – asosli zarurat bo`lmagan holda tadbirkorlarga tegishli mol-mulkni buzishga umuman yo`l qo`yilmasligi zarur va shart, – dedi davlatimiz rahbari.

Adliya va moliya vazirliklari, Savdo-sanoat palatasiga Biznes-ombudsman ishtirokida mol-mulkni buzish va kompensasiya to`lash tartiblarini yanada takomillashtirish yuzasidan taklif kiritish vazifasi qo`yildi.

Yig`ilishda sud tizimining kichik biznes sub`ektlari murojaatlariga yondashuvi xususida ham so`z bordi.

Ma`lumki, xorijiy tajribada 70 foiz nizolar sudgacha hal etiladi. Chunki ishlarni sudda ko`rib chiqish katta xarajat va ko`p vaqt talab etuvchi jarayon hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan, tadbirkorlar bilan bevosita ishlaydigan davlat idoralarida nizolarni sudgacha hal etish tuzilmalarini tashkil etish zarurligi ta`kidlandi. Adliya vazirligi, Oliy sud va Savdo-sanoat palatasiga muqobil hakamlik sudlari faoliyatini va mediasiya institutini kengaytirish masalalarini nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tizimida Tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish agentligi tashkil etish taklifi bildirildi. Mazkur agentlik ko`rsatilgan sohani yuksaltirish bo`yicha davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mas`ul bo`ladi. Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash davlat jamg`armasi faoliyatini ham muvofiqlashtirib boradi.

– Faqat katta korxonalar qurib, aholi bandligini va daromadini oshirish, byudjet tushumlarini ko`paytirish masalalarini to`liq hal eta olmaymiz. Turmush darajasini oshirishning eng muhim yo`li tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirishdir, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlar so`zga chiqdi.


Шарҳлар