O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 1 avgust kuni ertalab Minsk shahridagi Mustaqillik saroyiga keldi.
Bu erda oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimi bo`lib o`tdi. Shundan so`ng Shavkat Mirziyoev va Aleksandr Lukashenko tor doirada muzokara o`tkazdi.
Belarus Prezidenti O`zbekiston rahbarini mazkur tashrif bilan qutlab, ushbu voqea muhim ahamiyatga ega ekanini ta`kidladi.
- Oxirgi ikki yilda Siz bilan birgalikda mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlarni butunlay o`zgartirib yubordik, mohiyatan, ularni yangidan yo`lga qo`ydik. Shu vaqt ichida amalga oshirgan ishlarimiz o`tgan 25 yil davomida qilinganidan ham ortiq bo`ldi. Davlatlarimiz o`rtasidagi tovar ayirboshlash hozirgi kun talablariga javob bermaydi, uni izchil oshirib borish lozim. Sizning hududlarni hamkorlik bilan o`zaro bog`lash borasidagi tashabbusingiz – ushbu tashrifning o`ziga xos jihati. Hududlar rahbarlarining o`zaro tashriflari bo`lib o`tdi, ko`rgazmalar va madaniyat kunlari tashkil etildi. Bularning barchasi Belarusga tashrifingiz ahamiyatini yanada oshiradi. Eng asosiysi, mahalliy ma`muriyatlar boshliqlari hamkorlikka doir ko`plab shartnomalar imzoladi. Bizning ishimiz – yo`lni ochib berish, va biz buning uddasidan chiqdik, – dedi Aleksandr Lukashenko.
Shavkat Mirziyoev, o`z navbatida, taklif va ko`rsatilgan mehmondo`stlik uchun minnatdorlik bildirib, O`zbekiston Belarus bilan sheriklik munosabatlarini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratishini qayd etdi.
- Sizning O`zbekistonga amalga oshirgan tarixiy tashrifingizdan, muzokaralarimizdan so`ng mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda yangi va aniq mazmun bilan boyidi, va bu o`z mevalarini bermoqda. Davlatlarimiz hududlari o`rtasida sermahsul aloqalar yo`lga qo`yilgani bunga yorqin misoldir. Biz o`zaro almashinuvlar uchun yaxshi poydevor yaratdik. Barcha darajalarda hamkorlik qilishga istak bor. Bugun biz erishilgan natijalarni tahlil qilishimiz, shuningdek, istiqbolda muvaffaqiyatli hamkorlik qilish mumkin bo`lgan o`sish nuqtalarini birgalikda belgilab olishimiz muhim, - dedi Shavkat Mirziyoev.
O`zbekiston va Belarus munosabatlari keyingi yillarda ancha jonlandi. Davlat rahbarlarining muntazam muloqoti bunga muhim asos bo`ldi. Toshkentda va turli xalqaro sammitlar doirasida o`tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlarda hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlari belgilab olingan edi.
Mazkur tashrif ikki tomonlama aloqalar tarixida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Belarus Respublikasiga ilk rasmiy tashrifi ekani alohida ta`kidlandi.
Muzokaralarda o`zaro hamkorlikning dolzarb masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Davlat rahbarlari uchinchi mamlakatlar bozorlarini o`zlashtirish maqsadida kooperasiyani kuchaytirish lozimligiga alohida e`tibor qaratdilar. Shuningdek, belaruslik sheriklar tajribasini hisobga olgan holda O`zbekiston bilan Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi hamkorligidagi istiqbollar ko`rib chiqildi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.