Avgust oyining birinchi dam olish kuni AQSh bir sutkada uchta ommaviy otishma ro`y berdi. Buning natijasida29 kishi halok bo`ldi, yana o`nlab insonlar esa tan jarohati olishdi. Bu haqda Euronews.com. nashri xabar berdi.
Uchinchi avgust kuni tongda 21 yoshli Patrik Kruzius isimli yigit Texasning El-Paso shahridagi Walmart do`konida kutilmaganda o`q otar quroldan o`t ochdi. Buning natijasida 20 kishi halok bo`ldi, yana 20 dan ortiq inson esa turli darajada jarohatlandi. Yaralanganlarning uch nafari bolalar ekanligi aytilmoqda. Polisiya tomonidan ushbu xunrezlikni amalga oshirgan shaxs qo`lga olingan. Ayrim ma`lumotlarga ko`ra, uning ikki nafar sherigi voqea joyidan qochib berkinishga muvaffaq bo`lgan.
Ushbu voqeadan bir sutka vaqt o`tmasdan yakshanba kuni kechqurun 24 yoshli Konnor Betts Ogayo shtati Deyton shahridagi savdo ko`ngil ochar markaziga tashrif buyurganlarga qarata o`q uzishni boshladi. Buning natijasida 9 kishi voqea joyida halok bo`ldi, yana 27 nafar odam esa yaralandi. Otishmani sodir etgan shaxs esa qo`lga olish jarayonida polisiya tomonidan otib o`ldirildi. Shu kuni kechqurun noma`lum shaxs Illinoys shtati Chikagodagi istirohat bog`laridan birida odamlarga qarata o`q uzdi. Buning oqibatida etti kishi yaralandi, ulardan birining ahvoli og`ir ekanligi aytilmoqda. Hujumni amalga oshirgan shaxs voqea joyidan yashirinishga muvaffaq bo`lgan. Mazkur voqealar ortidan AQSh fuqarolari mamlakatda qurol savdosi ustidan nazoratni kuchaytirishni talab etishmoqda.