AQSh va Xitoy o`rtasidagi iqtisodiy keskinlik ortib borayotgan bir paytda Donald Tramp yuan kursi dollarga nisbatan 2008 yilgi minimum ko`rsatkichga tushib ketishi ortidan Pekinni valyuta manipulyasiyasini amalga oshirayotganlikda ayblab chiqdi. Bu haqda Euronews.com nashri xabar berdi.
AQSh prezidenti bu haqda o`zining Tvitter sahifasida ma`lum qildi. "Xitoy o`z milliy valyutasi kursini deyarli tarixiy minimumga qadar tushirdi. Bu esa valyuta manipulyasiyasidir. Federal rezerv, eshityapsizmi? Bu jiddiy qonunbuzarlikdir", deya yozuv qoldirdi Donald Tramp.
Mazkur holatga fikr bildirgan Xitoy xalq banki rahbari I Gan esa Pekin o`zining milliy valyutasini savdo mojarolari kabi xalqaro nizolarda vosita sifatida ishlatmasligini ta`kidlab o`tdi. So`nggi marotaba Qo`shma Shtatlar Xitoyni valyuta manipulyasiyasida Bil Klinton ma`muriyati davrida 1994 yilda ayblab chiqqan edi. Mazkur jarayonlar dunyo fond birjalariga ham o`z ta`sirini ko`rsatmoqda. Ekspertlarning fikricha, bu ikki davlat o`rtasida nafaqat savdo mojarosi keskinlashib borayotganini balki moliyaviy taranglik ham kuchayotganini anglatadi.