41

O`z SSP yana bir me`yoriy-huquqiy hujjat loyihasini ekspertizadan o`tkazdi

Iqtisodiyot 15.08.2019, 12:51
572
O`z SSP yana bir me`yoriy-huquqiy hujjat loyihasini ekspertizadan o`tkazdi

Tadbirkorlik sub`ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifoda etuvchi, shu jumladan, ular faoliyatiga me`yoriy-huquqiy hujjatlar ta`sirini baholovchi vakolatli organ sanaladi. Shu nuqtai nazardan Savdo-sanoat palatasi tomonidan Jamoatchilik ekspertizalari o`tkazilib, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi xulosalar berib kelinmoqda. Joriy yilning o`tgan davri mobaynida 571 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Ekspertlar kengashlari tomonidan ko`rib chiqildi, ulardan 304 tasiga salbiy xulosa berildi.

Misol uchun, O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy meros ob`ektlaridan foydalanish tartibini tasdiqlash to`g`risida”gi Qarori loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o`tkazilib, u yuzasidan quyidagicha xulosa qilindi:

1. Loyiha 1-ilovasining 6-bandida moddiy madaniy meros ob`ektlarining qisqa muddatli ijara shartnomasi bir yil muddatga, uzoq muddatli ijara shartnomasi esa bir yildan o`n besh yilgacha bo`lgan muddatga tuzilishi belgilangan.

Bundan kelib chiqadiki, uzoq muddatli ijara shartnomasi ham qisqa muddatli ijara shartnomasi kabi bir yillik muddatga imzolanishi mumkin va shu bilan ular orasidagi tafovut yo`qoladi.

Ammo, o`z mohiyatiga ko`ra, uzoq muddatli ijara shartnomasi haqiqatda uzoq vaqtga tuzilishi lozim, ya`ni uning eng pastgi muddati ham uzoq muddati bo`lishi to`g`ri bo`lar edi.

Shu bois, uzoq muddatli ijara shartnomasini kamida besh yildan o`n besh yilgacha bo`lgan muddatgacha, qisqa muddatli ijara shartnomasini esa besh yilga tuzilishini belgilash maqsadga muvofiq.

2. Loyiha 1-ilovasining 19-bandiga ko`ra, “Ijaraga beriladigan ob`ektlar bo`yicha e`lon majburiy tartibda davriy nashrlarda, shuningdek, ishchi organ, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining rasmiy veb-saytlarida e`lon qilinadi”, - deb belgilangan.

Ammo, bunda e`lon tanlov o`tkazilishidan qancha vaqt oldin berilishi hamda takliflar qancha muddat davomida qabul qilinishi mumkinligi aniq nazarda tutilmagan.

Bu esa, ijaraga beriladigan ob`ektlar bo`yicha o`z vaqtida e`lon qilinmasligiga va natijada tadbirkorlik sub`ektlarining bundan xabardor bo`lmay qolishiga olib keladi.

Shu sababdan, loyiha ilovalarida ijaraga va tekin foydalanishga beriladigan ob`ektlar bo`yicha tanlov o`tkazish haqidagi e`lon tanlov ishtirokchilarining takliflarini qabul qilish muddati tugashidan kamida necha kun (tavsiya etiladi: 30 kun) oldin berilishini aniq belgilash maqsadga muvofiq.

3. Loyiha ilovalarida ijaraga va tekin foydalanishga beriladigan ob`ektlar bo`yicha tanlov o`tkazish belgilangan.

Biroq, ilovalarda tanlov ishtirokchilarining takliflarini ko`rib chiqish va baholash muddati, shuningdek tanlov ishtirokchilari aynan qanday mezonlar asosida baholanishi aniq belgilanmagan.

Bu esa, mazkur muddatning cho`zilib ketishiga, tanlov ishtirokchilarini baholashda esa mezonlarning turlicha belgilanishi va bu orqali korrupsiya holatlari kelib chiqishiga olib kelishi mumkin.

Shu bois, loyiha ilovalarida takliflarni ko`rib chiqish va baholash muddati hamda takliflar aynan qanday mezonlar bo`yicha baholanishini aniq belgilash tavsiya etiladi.

4. Loyiha 1-ilovasining 40-bandi birinchi xatboshiga ko`ra, “Ijaraga beriladigan ob`ektlar hisobini yuritish maqsadida ijaraga oluvchi ijara shartnomasi tuzilganidan keyin reestrga yozuvni kiritadi, ijara shartnomasi asl nusxasining har biriga hisobga olish yozuvining sanasi va raqamini ko`rsatgan holda hisobga olish to`g`risida belgi qo`yadi, uni muhr bilan tasdiqlaydi”, - deb belgilangan.

Ammo, ushbu masalalar ijaraga oluvchining emas, balki ijaraga beruvchining vakolat doirasidagi vazifalar hisoblanadi.

Shu sababli, ushbu xatboshidagi “ijaraga oluvchi” so`zlarini “ijaraga beruvchi” so`zlariga o`zgartirish tavsiya etiladi.

5. Loyiha 2-ilovasi nomlanishiga ko`ra, moddiy madaniy meros ob`ektlarini tekinga foydalanishga berish tartibini belgilaydi

Ammo, unda moddiy madaniy meros ob`ektlarini ijaraga berish bilan bog`liq qoidalar va tushunchalar kiritilgan. Xususan, ijaraga oluvchi, ijaraga beruvchi, ijara ob`ekti va boshqalar.

Fuqarolik kodeksi 617-moddasida tekin foydalanish shartnomasi tushunchasi berilgan bo`lib, unga ko`ra, “Tekin foydalanish (ssuda) shartnomasi bo`yicha bir taraf (ssuda beruvchi) ikkinchi tarafga (ssuda oluvchiga) ashyoni vaqtincha tekin foydalanish uchun berish majburiyatini oladi yoki beradi, ikkinchi taraf esa bu ashyoni qanday olgan bo`lsa, normal eyilishni hisobga olib xuddi shunday holatda yoki shartnomada nazarda tutilgan holatda qaytarib berish majburiyatini oladi”, - deb belgilangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, loyiha 2-ilovasini tekin foydalanishga berishni tartibga soluvchi qonunchilik normalariga moslashtirish tavsiya etiladi.

6. Loyiha 2-ilovasining 25-bandiga ko`ra, “Moddiy madaniy meros ob`ekti va unga tutash hudud investisiya majburiyatlari olingan holda ijaraga berish bo`yicha tanlovga qo`yilgandan keyin bir oy mobaynida qiziqish bo`lmagan va tanlov bo`lib o`tmaganligi e`tirof etilgan taqdirda ijaraga beruvchi uni ishchi organ tomonidan belgilangan shartlarda va ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda to`g`ridan-to`g`ri muzokaralar olib borish (ommaviy oferta) yo`li bilan tekin foydalanishga berish to`g`risida matbuotda e`lon beradi”, - deb belgilangan.

Ammo, bunda amaldagi qonunchilik va mazkur norma o`rtasida o`zaro qarama-qarshilik kelib chiqqan. Ya`ni, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 6-martdagi 53-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Moddiy madaniy meros ob`ektlarini va ularga tutash hududlarni ularni obodonlashtirish va zarur holatda saqlash bo`yicha investisiya majburiyatlari olgan holda ijaraga berish tartibi to`g`risida”gi Nizomning 25-bandida yuqoridagi holatda moddiy madaniy meros ob`ektlari ijaraga berilishi mumkinligi belgilangan.

Mazkur normalar amaliyotda tushunmovchilik va turlicha talqin qilinishlarga olib kelmasligi maqsadida, yuqoridagi me`yorlarga aniqlik kiritish tavsiya etiladi.

7. Loyiha 2-ilovasining 35-bandi sakkizinchi xatboshiga ko`ra, tekin foydalanishga oluvchining majburiyatlaridan biri sifatida “ob`ektda restavrasiya-tiklash ishlarini va boshqa ishlarning loyiha-smeta hujjatlarining o`rnatilgan tartibda ishlab chiqilishi va davlat ekspertizasidan o`tkazilishini tashkil etish” belgilangan.

Biroq, bunday majburiyatlar Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qaroriga asosan, moddiy madaniy meros ob`ekti va unga tutash hudud investisiya majburiyatlari olingan holda ijaraga berilganda yuklatiladi.

Shu bois, loyiha 2-ilovasining 35-bandidan 8-10 xatboshilarni, 36-bandidan 4-xatboshini hamda 32-bandi 3-xatboshidan “investisiya takliflarini baholash tartibi”so`zlarini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.

O`z SSP Axborot xizmati

Комментарии