Му5
46

​Sobiq oqsoqolning soyasi

Mutolaa 16.08.2019, 11:37
2345
​Sobiq oqsoqolning soyasi

(Feleton)

...Ayrim hokimlarning o`zlari bosh bo`lgan hududda qonunlarni mensimay, o`zboshimchalik bilan ko`ngliga kelgan ishni qilishayotgani fuqarolar noroziliklariga sabab bo`layotgani haqida ko`p yozishyapti. Endi hokim – hokim-da! O`z nomi bilan, inon-ixtiyori bilan, qo`l ostidagi idoralar rahbarlarining “Labbay!” deb qo`l qovushtirib turishlari bilan. Chidaymiz-da! Ammo, ana shu “labbay”chilardan biri haddidan oshsa... odamlar chidamas ekan.

Isbotmi? Eshiting! Kamina ham buni ana shunday norozi bo`lgan ikki fuqaro suhbatiga quloq tutib, eshitib, ularning qo`llaridagi, o`zlarining iboralaricha “bir pulga qimmat bo`lib qolgan hujjatlar”ni ko`rib, keyin qog`ozga tushirdim.

Ollabergan Ernazarov ancha yillar Xorazm viloyati, Yangiariq tumanidagi Ostona qishloq fuqarolar yig`ini raisi bo`lib ishlagan, shu davrda oqsoqol deb nom olgan. Avvallari ham kolxozda brigadirlik qilib, elning...yo`g`-e erlarning pastu balandini yaxshi bilgan. Imkoni kelganda...

Ana boshladik.

...Ostona qishlog`ining “Chaqir” mahallasida joylashgan 27-son umumta`lim maktabi hududiga kiruvchi er maydonida fuqarolar Alisher Ernazarov, Malohat Ernazarova va Anvar Yo`ldoshevlar o`zboshimchalik bilan noqonuniy qurilishlar qilishadi. (Ajablanmang, mazkur maktab hududini belgilovchi ikkita kadastr hujjatining mavjudligi oqsoqolga qarindosh bu fuqarolarga qonunni buzish uchun imkon yaratib bergan). Bu masala viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o`rganiladi. Ushbu noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish bo`yicha tuman arxitektura bo`limi tomonidan 2018 yil 4 yanvarda tuman aholi punktlarini kompleks qurishda shaharsozlik normalarini va qoidalarining qat`iy bajarilishini nazorat qilish bo`yicha doimiy komissiya rais nomiga taqdimnoma kiritadi va bu noqonuniy qurilmalarini buzish to`g`risida hal qiluv qaror chiqarib berish uchun fuqarolik ishlari bo`yicha Bog`ot tumanlararo sudiga da`vo arizasi beriladi. Ammo, qurilishlardan bir g`isht ham ko`chirilmaydi. Tegishli tashkilotlarning bu boradagi bir qancha ogohlantirish xatlari havoda qolib ketadi. Noqonuniy qurilishlar shuncha ogohlantirilishlardan so`ng buzilish o`rniga qayta qad rostlaydi. Sababi bu fuqarolar ortida ularning mustahkam tog`i, sobiq bo`lsa-da, hech kimga bo`ysunmas oqsoqol turardi-da!

O.Ernazarovning oqsoqollik davrida qishloqda tuman hokimi qarorisiz yuzlab turar joylar qurilganiga nima deysiz? Yaxshiyamki, Prezidentimizning ana shunday noqonuniy qurilgan imoratlarga nisbatan bergan bir martalik amnistiyasi tufayli bu turar joylarga kadastr hujjatlari ishlandi. Ammo, hammasiga emas. Nega? Bilolmadik!

Faqat shularmi dersiz? Bu hali holva! Mazkur mahallaning “Hayotobod” ko`chasida namunali turar joylar qurilishi boshlanganida oqsoqol bundan quruq qolmaslik yo`llarini axtaradi va ozmas – 1200 kvadrat metr er o`rnini “oladi”. Nega oladi so`zini qo`shtirnoqqa bilan yozdik? Sababi shaharsozlik me`yorlari orasida loyihalashtirilgan namunali turar joylar oralig`ida shuncha joy qoldirilgan... va boshqa fuqarolarga “sovg`a qilingan”. Ular esa imoratlarini xom g`ishtdan tiklashgan. Xom g`ishtlar suvoq qilingach, go`yo pishiq g`ishtdan qurilgan imoratlar qatoriga o`tgan. Bu “namunali turar joy hududidan er o`g`irlash operasiyasi”ga esa fuqaro Adolat Polvonova bosh bo`ladi. Adolat Polvonova – oqsoqolning turmush o`rtog`i.

Mazkur noqonuniy qurilishlarni to`xtatish to`g`risidagi mutasaddi va huquq organlarining qator ogohlantirishlari... havoda qolib ketavergan.

Qishloqdagi fermerlarga yoqilg`i quyish shoxobchasi yonida 300 kvadrat metr er atrofini devor paxsa urgani, qishloqqa boraverishdagi 66-konturda noturar joy qurishni o`zboshimchalik bilan boshlagani uchun ham O.Ernazarovga ogohlantirishlar berilgan. Ammo... ana sezdingiz... bu ogohlantirishlar bir chaqaga qimmat bo`lib qolavergan.

O`tgan yili avgust oyida tuman er resurslari va davlat kadastri bo`limi, tuman irrigasiya bo`limi va tuman qishloq va suv xo`jaligi bo`limi mutaxassislari fuqarolarning o`z tomorqalaridagi ekinlarini sug`orishga qiynalishayotgani, “Adolat Bekzod” fermer xo`jaligi esa hech qanday hujjatlarsiz 3.4 gektar maydonda sun`iy hovuz qazib, baliq boqayotgani, barcha suv shu havzaga ketayotgani haqidagi arzlarini o`rganib, aynan noqonuniy tarzda sun`iy hovuz tashkil qilingani va bu bilan 1.8 gektar er maydoni mutlaqo yaroqsiz holga keltirilgani sabab davlatga jami 44 million to`rt yuz yigirma ming uch yuz ellik sakkiz so`m zarar etkazganini aniqlashadi...va bu hujjatlar ham qaysidir idoralarning g`aladonlarida qolib ketadi.

Va yana R.Ernazarov “Adolat Bekzod” fermer xo`jaligining 6.9 gektar er maydoniga o`zboshimchalik bilan sholi ekadi va 3 gektarini zahkashdan sug`oradi. Bu bilan er tarkibi buzilib, yaroqsiz holga keladi. Bu ishi uchun unga ma`muriy javobgarlik ishi qo`zg`atiladi. Ya`ni, bu shaxs suvdan quruq chiqib ketadi. Familiyadan R.Ernazarov ortida kim turganini bilish qiyin emas. Yana ayni shu paytda sobiq oqsoqol tuman fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi raisi vazifasida ishlayotganini aytsak... rahbarning o`zi shuncha qonunni buzsayu, boshqa fermerlardan qonuniylikni qanday talab qilganiga hayron qolasan kishi.

Ana shu tekshirishlar davomida O.Ernazarov o`z arizasiga binoan ishdan bo`shaydi, ya`ni ma`lum vaqt panada turishni ma`qul ko`radi.

Fuqarolar arizalari yuzasidan viloyat prokuraturasi o`tkazgan tekshirishlar yakuniga etmagani va vaqt kelib... O.Ernazarov yanada kattaroq mansabga loyiq ko`rilgani ajablanarli. Bu sobiq oqsoqolning ortida kimlardir turganmikan, degan gumonga olib keladi. Bo`lmasa, bir emas, ikki emas, qanchalab qonunlarni buzgan, davlat erlarini o`zboshimchalik bilan egallab olgan, bunga oila a`zolarini ham jalb qilgan, oqsoqollik mansabidan o`z manfaati uchun foydalangan O.Ernazarov hech balo ko`rmagandek yurmasdi.

...O.Ernazarov oqsoqollik paytida qonunbuzilishlarga yo`l qo`ygani, davlat erlarini o`zboshimchalik bilan egallab olgani, erlarning tuzilishini buzgani, qanchalab zarar etkazgani uchun vaqtida munosib chora olsa, adolat qaror topsa... u bugun eski “xastaligi” qo`zib, yana qilmishlarini boshlamagan bo`lardi. Aynan o`zboshimchalik bilan qazdirgan sun`iy ko`lni amaldagi yilda yana kengaytirgani, yana sholi ekib, atrofidagi fermerlarga tegishli suvni iste`mol qilayotgani, ularga bir tomchi suv bermayotgani haqdagi yangi mish-mishlar yana o`rlab ketmagan, tag`in O.Ernazarov ustidan jabrdiydalar turli idoralarga arizalar yozishmagan bo`lardi.

...Qishloqdagi “Xushnudbek” fermer xo`jaligining 6.9 gektar er maydoni to`rt yil oldin hokim zahirasiga olinadi va keyinchalik yana fermerga qaytarib beriladi. Ammo, muqaddam 6.9 gektar bo`lgan er maydoni bu safar 5.3 gektarga “tushib qoladi”. Qolgan 1.6 gektari osmonga uchdimi dersiz? Yo`q, uchmagan, aynan noqonuniy tarzda O.Ernazarov tomonidan oldin tashkil qilingan sun`iy hovuzga “qo`shilib ketgan”. Go`yo erning oyog`i bor-u, o`zi sekingina hovuzga borib qo`shilgan.

“Xorazm” MChJning chorvachilik va parrandachilikka ixtisoslashgan yordamchi xo`jaligi Ostona qishlog`ida 13 gektar er maydoniga ega. Bu er maydonlarida beda, qora kungaboqar, makkajo`xori va ikkinchi ekin sifatida sholi parvarishlanyapti. Shu yilning 23 iyul kuni O.Ernazarov mazkur maydonlarni sug`orish uchun o`rnatilgan, ariqqa tashlangan quvurlarni texnika yordamida buzdirib tashlatadi. Oqar suvni nega qizg`andi, dersiz? Sababi, o`zining sun`iy hovuzi va sholisini rosa suvga bo`ktirish uchun. Tadbirkorlarning suvsiz ekinlari qurib qolayotgani uni mutlaqo qiziqtirmaydi.

Ha, yana bir gap. O.Ernazarov rahbar bo`lgan idoradagi bir emas, uchta ekskavator mana, uch oyki, nima ish bilan mashg`ulligini o`zidan boshqa birov bilmaydi. Bu yoqda suv va zax yo`llarini qazish, tozalash “unut bo`lib” kuchli texnikalar chakana ishlarga yuborilgan.

...O. Ernazarov haqda shularni yozayapmizu...bu safar ham suvdan quruq chiqib ketar, huquq organlari, ayniqsa prokuratura bu masalaga yana ko`z yumar, degan hadigimiz ham yo`q emas. Axir aynan viloyat prokuraturasi o`tgan yillarda ana pishay, mana pishay deb turgan “osh”ni (“ish”ni deb o`qing) chala qoldirib, qay bir g`aladonga ag`darib tashlagandi. Bunga sabab... sobiq oqsoqolning soyasidan qo`rqishmi yoki?..

Bu yog`ini bilmadik. Buni aniqlaydigan tegishli idoralar topilar, degan umiddamiz. Aks holda, har qanday jazosiz qolgan qonunbuzilish yangidan yangilarini boshlab kelishi, boshqalarga “ibrat” bo`lishi mumkin.

MirzoDEVONIY

Шарҳлар