AsosiyJamiyat

O`zbekiston “Tank biatloni” jamoasi g`alabaga erishdi

'O`zbekiston “Tank biatloni” jamoasi g`alabaga erishdi'ning rasmi

Kecha, 15 avgust kuni Moskva viloyatida joylashgan Alabino dala-o`quv maydonida Xalqaro armiya o`yinlarining “Tank biatloni” yo`nalishi bo`yicha II divizionning final bahslari o`z nihoyasiga etdi. Unda ishtirok etgan vakillarimiz eng yaxshi natijani qayd etib, g`alabaga erishdi.

Qizg`in va shiddatli bahslarga boy bo`lgan chorak final bahslarida ham yurtimiz sharafini himoya qilayotgan harbiy xizmatchilar barcha to`siqlardan muvaffaqiyatli o`tib, eng yaxshi natijani ko`rsatgan edi.

Bugungi bahsda jamoalarning har uchala ekipaj a`zolari katta maydonga tushib, estafeta shartini bajarishdi. Ushbu shart davomida ular to`siqlardan talafotsiz o`tish, belgilangan nishonlarni yo`q qilish va imkon qadar qisqa vaqt ichida finish chizig`ini bosib o`tishi kerak edi. Yurtdoshlarimiz T-72 B-3 tankini mahorat bilan boshqarib, barcha ishtirokchi jamoalar ichida eng yaxshi natijani qayd etishdi. Vakillarimiz jami 2 soat 7 daqiqayu 22 soniyada marraga birinchi bo`lib etib keldi. Bu vaqt ichida 13 ta nishon yakson qilindi.

Hamyurtlarimiz finalda Uganda, Kuba va Vetnam jamoalari bilan kurashdi.

“Tank biatloni” musobaqasi ikki guruhda o`tkazilayotgan bo`lib, vakillarimiz unda ikkinchi guruhdagi jamoalar bilan bahsga kirishgan. Bunda har bir guruhdan alohida g`olib va sovrindorlar nomi aniqlanadi.

Ta`kidlash kerakki, O`zbekiston jamoasi keyingi yilda “Tank biatloni” musobaqasining birinchi divizionida qatnashish uchun yo`llanmani qo`lga kirita oldi.

“Tank biatloni” musobaqasiningbirinchi divizioni final bahsi 17 avgust kuni bo`lib o`tadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

    Boshqa yangiliklar