Amerikalik olimlar olib borgan tadqiqot natijalariga ko`ra bugungi kunga kelib hattoki Arktika ham plastik chiqindilar bilan ifloslangani ma`lum bo`ldi. Bu haqda Euronews.com nashri yozdi.
Amerikalik tadqiqotchilar hududda olib borgan ekspedisiyalari davomida plastik mikro bo`laklarini aniqlashga muvaffaq bo`lishdi. Uch hafta davomida olimlar Lankaster bo`g`ozida muz namunalarini to`plashdi. Muz namunalarida esa turli-tuman rangdagi dog`lar mavjudligi aniqlandi. Mutaxassislarning fikricha, mikroqismlar shamol yordamida tarqaladi va shundan so`ng Arktikaga qor va yomg`ir ko`rinishida kelib tushadi. Plastik chiqindilarning ko`z ilg`amas mayda bo`laklari o`z navbatida keyinchalik dengiz jonivorlari organizmiga tushadi. Ekspedisiya a`zolari tomonidan aniqlangan ifloslanish ko`lami juda kattadir.
Bu erda gap bir litr muz suvida taxminan 10 ming mikrobo`laklar mavjudligini anglatadi. Ekologlarning hisob kitobiga ko`ra, har yili dunyo okeaniga 13 million tonna plastik kelib tushadi. Scientific Reports nashri ma`lumotlariga ko`ra, odamlarning okeanlarga bo`lgan umumiy salbiy ta`siri deyarli 60 foizni tashkil etadi. Ya`ni bugungi kunda okeanlar 10 yil avvalgiga qaraganda 60 foizga ifloslangan va dengiz jonivorlari shunchaga kamayib ketgan.