41

2019 yilda 1 kg terilgan paxta uchun necha pul to`lanishi rejalashtirilayotgani ma`lum bo`ldi

Jamiyat 18.08.2019, 01:04
1757
2019 yilda 1 kg terilgan paxta uchun necha pul to`lanishi rejalashtirilayotgani ma`lum bo`ldi

Vazirlar Mahkamasining «2019 yil hosili paxta xom ashyosini yig`ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori loyihasi muhokama uchun e`lon qilindi.

O`zbekiston Qishloq xo`jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, «O`zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati, «O`zagroservis» aksiyadorlik jamiyati, «O`zto`qimachiliksanoat» uyushmasi, O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashining 2019 yil hosili uchun etishtirilgan paxta xom ashyosini terib olishda:

  • paxta xom ashyosining mashinada terilgan 1 tonnasi uchun 500 ming so`m xizmat haqi to`lash;
  • paxta xom ashyosining qo`lda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi terimda o`rta tolali paxta navlari uchun — 800 so`mdan, uzun tolali paxta navlari uchun — 1000 so`mdan, ikkinchi terimda o`rta tolali paxta navlari uchun — 1000 so`mdan, uzun tolali paxta navlari uchun — 1400 so`mdan mehnat haqi to`lash;
  • paxta yig`im-terimi mavsumida terim otryadi rahbarlari hamda Sirdaryo viloyatida tashkil etilayotgan dala markazlarining rahbarlari (menedjerlari)ga istisno tariqasida fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg`armasi mablag`lari hisobidan mehnat haqi to`lash to`g`risidagi takliflari

ma`qullanishi mumkin.

O`zbekiston Moliya vazirligi 15 sentyabrga qadar eksperiment tariqasida Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi qishloq xo`jaligi korxonalari tomonidan paxta terish ishlariga jalb qilinadigan paxta terish mashinalari xizmatidan foydalanganlik uchun xarajatlarning 30 foizini qoplab berish mexanizmini joriy etishi kutilmoqda.

Комментарии