Yalpi majlisda senatorlar ishni “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunini ko`rib chiqishdan boshladi.
Ta`kidlanganidek, mamlakat tarixida ilk bor xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni kafolatlash bilan bog`liq munosabatlar to`g`ridan-to`g`ri ta`sir qiladigan yagona Qonun bilan tartibga solinmoqda.
Senatorlar tomonidan ushbu Qonunning qabul qilinishi gender bag`rikenglik va tenglikni qonunchilik darajasida ta`minlashga xizmat qilishini ta`kidlandi. Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.
Shundan so`ng, senatorlar “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo`ravonlikdan himoya qilish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunini ko`rib chiqdilar.
Majlisda ta`kidlanganidek, joriy yilning o`zida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan O`zbekistonda xotin-qizlarga nisbatan bir qancha zo`ravonlik holatlari qayd etildi. Ayrim ayollar sodir etilgan jinoyatlar natijasida jabrlangan. Yangi Qonun bunday muammolarning oldini olishga, xotin-qizlarni maishiy hayotda, ishda, ta`lim muassasalarida va boshqa joylarda jabr-zulmdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Hujjat O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqildi.
Shu bilan birga, Qonunda himoya orderini berish va uning muddatini uzaytirish, tazyiq qurbonlariga nisbatan himoya orderi, himoya orderi mazmuni, shuningdek, himoya orderida nazarda tutiladigan cheklovlar nazarda tutilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.
Shundan keyin senatorlar “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunini ko`rib chiqdilar.
Qonuniylik, xavfsizlik, fuqarolarning hayoti va sog`lig`ini, atrof muhitni himoya qilish ustuvorligi, atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar faoliyati mustaqilligi, ochiqlik va oshkoralik, xalqaro majburiyatlarni bajarish ixtiyoriyligi kabi atom energiyasidan foydalanishning asosiy tushunchalari Qonunda mustahkamlanmoqda, prinsiplari belgilanib, atom energiyasidan foydalanish ob`ektlari – yadroviy qurilmalar, saqlash punktlari, yadroviy materiallar, yadroviy yoqilg`i, yadroviy reaktorlarning issiqlik ajratuvchi to`plamlari, ishlatib bo`lingan yadroviy yoqilg`i, radioaktiv chiqindilar nazarda tutilmoqda.
So`zga chiqqanlar Qonun atom energiyasini rivojlantirish va undan foydalanish sohasidagi yagona davlat siyosatini va strategik yo`nalishni ishlab chiqish nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etishini ta`kidladi. Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.
Senatorlar “Ona suti bilan oziqlantirishni qo`llab-quvvatlash hamda go`daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunini ko`rib chiqish bilan ishni davom ettirdilar.
Qonunning maqsadi ona suti bilan oziqlantirishni qo`llab-quvvatlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, shuningdek, go`daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir belgilangan talablarga rioya etilishini ta`minlashdan iborat.
Ushbu hujjat Qonun O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqildi.
Qonunni dastlabki tarzda ko`rib chiqish uchun manfaatdor vazirliklar va idoralar, ilmiy doiralar hamdafuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi, ularning taklif va tavsiyalari e`tiborga olindi. Qonun har tomonlama o`rganib chiqilib, uni tamomila qayta ko`rib chiqish zarur degan xulosaga kelindi. Xususan, so`zga chiqqanlar ta`kidlab o`tganlaridek, mazkur Qonundagi ayrim normalar uning nomi va maqsadlariga mos kelmaydi, go`daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarining sanitariya holati, sifati va xavfsizligi talablariga rioya qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish mexanizmlari o`z aksini topmagan, qolaversa boshqa qonunlardagi normalar mazkur Qonunda takrorlangan.
Shundan kelib chiqqan holda Oliy Majlis Senati mazkur Qonunni rad etish to`g`risida qaror qabul qildi.
Yalpi majlisda “Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019 yil ikkinchi choragidagi ijrosi yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti ham tinglandi.
Shuning bilan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yigirma birinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.