AsosiyJamiyat

“Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”: 6 oy ichida investisiyaviy loyihalar bo`yicha yaratilishi ko`zda tutilgan 172 488 ta ish o`rinlaridan bor-yo`g`i 38 252 ta ish o`rni yaratilgan

' “Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”: 6 oy ichida investisiyaviy loyihalar bo`yicha yaratilishi ko`zda tutilgan 172 488 ta ish o`rinlaridan bor-yo`g`i 38 252 ta ish o`rni yaratilgan'ning rasmi

Bugun Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Vazirlar MahkamasiningFaol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019 yil ikkinchi choragidagi ijrosi yuzasidan hisoboti tinglandi.

Hisobotni Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov o`qib eshittirdi.

Senat tomonidan o`tkazilgan tahlil va o`rganishlar natijalariga ko`ra, joriy yilning birinchi yarim yilligida Dasturning 139 ta bandi ijrosini ta`minlash belgilangan. Shundan 101 ta bandning ijrosi ta`minlandi va 22 ta band muddatidan oldin bajarildi. Hozirgi kunda ijrosi ta`minlangan bandlar soni jami 123 tani tashkil etmoqda.

Hisobot davrida YaIM o`tgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foizga o`sdi. Byudjet daromadlari qariyb 51 trln. so`mni yoki prognozga nisbatan 109 foizni tashkil etdi. Mahalliy byudjetlar ixtiyorida 2,6 trln. so`mdan ortiq yoki o`tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobar ko`p mablag` qoldi.

Joriy yilning birinchi yarmida asosiy kapitalda to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar ulushi 2,5 barobarga ortdi va 1,7 mlrd. dollarga etdi.

Joylarda tadbirkorlar va investorlarning muammolarini hal qilish maqsadida tashkil etilgan “Bosh vazir qabulxonalari” investisiyaviy muhitni yanada yaxshilashga qaratilgan samarali institutlar sifatida faoliyat ko`rsatmoqda.

Hisobotda ta`kidlanishicha, amaliy ishlarga qaramay, hududlarda investisiyaviy faoliyatni yaxshilash borasida jiddiy kamchilik va muammolar mavjud.Jumladan, xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar bilan bo`lib o`tgan uchrashuvlar chog`ida qonun hujjatlarining barqaror emasligi, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga tez-tez o`zgartish va qo`shimchalar kiritilishi, bir-biriga zid bo`layotgan normalar mavjudligi xorijiy sarmoyadorlar va ichki investorlarga salbiy ta`sir qilmoqda.

Shuningdek, mamlakatimizda investisiyaviy faoliyatni tartibga soluvchi qonunlarni takomillashtirish to`g`risidagi Prezident topshiriqlari to`liq bajarilmasdan qolmoqda. Xususan, xorijiy investorlarning huquqlarini kafolatlash bo`yicha “Investisiyalar va investisiya faoliyati to`g`risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish va kiritish topshirig`i hanuzgacha bajarilmagan.

Bundan tashqari, Dasturning erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish to`g`risidagi bandi ham bajarilmasdan kelmoqda. Ushbu bandda belgilangan “Maxsus erkin iqtisodiy zonalar to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi parlamentga hozirga qadar kiritilmagan.

Investisiyaviy faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar uchun kreditlar olish jiddiy muammo bo`lib qolmoqda. Tijorat banklarida resurslarning etishmasligi, foiz stavkalarining yuqoriligi, kredit buyurtmalarini ko`rib chiqishda byurokratik to`siqlar mavjudligi, o`z navbatida, tadbirkorlarning eksport majburiyatlarini bajarishiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda. Xususan, joriy yilning birinchi yarim yilligida Dasturda ko`zda tutilgan investisiyaviy loyihalar soni 9088 ta bo`lib, ularning umumiy qiymati 60,3 trln. so`mni tashkil etadi, yaratilishi ko`zda tutilgan ish o`rinlari esa 172488 ta. Biroq birinchi yarim yillikda jami 3332 ta loyiha (37%) bo`yicha umumiy qiymati 13,6 trln. so`mlik (23%) loyihalar amalga oshirilib, bor-yo`g`i 38252 ta ish o`rni (22%) yaratilgan.

Hududlarda investisiya loyihalarini birinchi yarim yillikda amalga oshirish darajasi 44 foizni tashkil etdi. Bunda Toshkent shahri (27%), Toshkent viloyati (31%) va Qashqadaryo viloyati (37%) eng ortda qolayotgan hududlar hisoblanadi.

Muhokama yakunlari bo`yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar