42

YuNESKO Bosh direktori Odri Azule O`zbekistonga ilk tashrifi chog`ida Buxoroda ham bo`ldi

Siyosat 27.08.2019, 18:21
556
YuNESKO Bosh direktori Odri Azule O`zbekistonga ilk tashrifi chog`ida Buxoroda ham bo`ldi

Samarqand shahrida “Moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrash: dolzarb muammolari va ularni hal qilish strategiyasi” mavzusida tashkil etilgan xalqaro konferensiya hamda “Sharq taronalari” o`n ikkinchi xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan YuNESKO Bosh direktori Odri Azule bugun, 27 avgust kuni Buxoroga tashrif buyurdi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Yuqori martabali mehmonni Buxoro xalqaro aeroportida O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari A.Abduhakimov, Buxoro viloyati hokimi O`.Barnoev kutib oldi.

YuNESKO Umumjahon merosi ro`yxatiga kirgan 157 mamlakatdagi 962 ta ob`ektning 9 tasi O`zbekistonda joylashgan. Xivadagi Ichan-qal`a, Samarqand, Buxoro va Shahrisabzdagi tarixiy markazlar, G`arbiy Tyan-Shan shular jumlasidandir.

Odri Azule tashrif davomida sharif shahardagi bir qator ana shunday tarixiy ob`ektlarni borib ko`rdi. Xususan, YuNESKO Bosh direktori Poyi Kalon ansambli, ko`hna Ark qo`rg`onini hayrat va havas bilan tomosha qildi. Somoniylar maqbarasi ziyoratida bo`ldi. Tarixiy va me`moriy obidalar, xalqimizning milliy hunarmandchiligi martabali mehmonda katta qiziqish uyg`otdi.

Ma`lumot uchun: 2018 yil oktyabr oyida Shavkat Mirziyoev Parijda Odri Azule bilan uchrashuvi chog`ida O`zbekiston bilan YuNESKO o`rtasida 2018-2021 yillarga mo`ljallangan qo`shma Harakatlar rejasi qabul qilingan. Bu hujjat munosabatlarni yangi bosqichga ko`tarish, tomonlar oldida turgan vazifalarni birgalikda innovasiyalar orqali hal etish va barcha yo`nalishlarda o`zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Комментарии