Му5
46

O`MI matbuot xizmati: “Millatning fikrini buzmang, shoumenlar”

Erkin minbar 31.08.2019, 18:23
1633
O`MI matbuot xizmati: “Millatning fikrini buzmang, shoumenlar”

O`zbekiston Musulmonlari idorasi matbuot xizmatining tahliliga ko`ra, telekanallarimizda bugun efirga uzatilayotgan aksariyat shou ko`rsatuvlar mualliflarining shartlari va talablari sog`lom odam qiladigan ish emas.
Yapon olimlari muttasil tarzda televizor tomosha qilish inson venalarining bekilib (to`silib) qolishiga sabab bo`lishini ma`lum qildilar.

Unga ko`ra, bir kun davomida 2,5 – 4 soat televizor tomosha qilish inson venalarining bekilib qolishini 70%ga oshishiga olib kelishi aniqlandi.

Bu – televizorning inson salomatligi uchun bo`lgan zararlari. Ammo, so`ngi paytlarda telekanallar soni oshgani sayin uning ijtimoiy zararlari va ruhiyatga salbiy ta`siri ham kuchayib bormoqda.

Bugun televizor oddiygina tomosha qutisi emas, u turli g`oyalar va mafkuralar targ`ibotchisi, mahsulotlar reklamachisidir. Normal holatda fikrlaydigan inson oila davrasida unga ming hadik bilan qaraydi.

Ishdan so`ng biror yaxshi dastur yoki film ko`rish ilinji bilan kanallarni ko`zdan kechira boshlaysiz. Namoyishlarning aksariyati sevgi-muhabbat (yigit va qizning bir-biriga shahvat ila ehtirosli qarashlari), bema`ni tomoshalar (ochiq-sochiq kiyingan aktyor va aktrisalarning noo`rin harakatlari) va bachkana shoulardan iborat... Nahotki, telekanallarimiz shundan boshqa ishlarga yaramasa?.. Ayniqsa, xususiy telekanallarda namoyish etilayotgan ko`rsatuvlardan ma`no qidirib charchaysan kishi. Eng ayanchlisi, ayni damlarda xususiy kanallar orqali efirga uzatilayotgan xorijiy dasturlardan to`g`ridan-to`g`ri ko`chirilgan g`arb mentaliteti bilan sug`orilgan turli xil shoular orqali xalqimizga nima bermoqchi bo`l­yapti bu “xumparlar”?

Televidenie juda katta kuch. Ta`sir ko`rsatish nuqtai nazaridan uning imkoniyatlari siyosat va ilmdan ancha yuqori. Shuning uchun ham telekanallardagi namoyishlar omma orasida tez “shuhrat” qozonadi va anchagacha muhokamalarga sabab bo`ladi. Ko`pchilikning e`tibor markazida turadi. Bu holat o`z-o`zidan insonlar dunyoqarashiga, fikrlashi va o`y-xayollariga ta`sir ko`rsatmay qolmaydi. Misol tariqasida, “Aldama meni”, “Xafa bo`lish yo`q” yoki “Yoshimni top” va boshqa turli nomdagi insonning aqli va vaqtini o`g`irlovchi, asabini taranglashtiruvchi ko`rsatuvlarni olaylik. Bu bemazalarni ko`rmagan tomoshabin qolmadi. Badiiy kengash (bor bo`lsa agar) bu dasturlarga qaysi nuqtai nazar bilan ruxsat bergan ekan?..

Birigina “Aldama meni” ko`rsatuvini olaylik. Taniqli san`atkorni taklif etib, unga o`ta shaxsiy bo`lgan holat yoki voqe`alar haqida savol berish (nega eringizdan ajrashgansiz, nechta xushtoringiz bor, o`sha kecha kim bilan nima bo`ldi, falonchi aybingizni bilasizmi va boshqa shunga o`xshash behayo savollar), agar javob bera olmasa ma`lum bir shart (sichqon, qurbaqa, suvarak, kaltakesak kabi jonivorlarni ushlash, og`izda tishlab olish...)ni bajarishga majburlash, sog`lom odam qiladigan ish emas. Yana bir jihat, ko`rsatuvning mohiyatiga e`tibor qaratsangiz, asosan mehmonlarning aybu nuqsonlarini ochish, omma oldida sharmanda qilish, agar bunga ko`nmasa inson jirkanadigan ishlarni qilishga majburlashdan iborat ekanligini anglaysiz.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Banda dunyoda bir bandaning aybini yashirsa, Alloh qiyomatda uning aybini yashiradi”(Imom Muslim rivoyati)

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim birodarining aybini to`ssa, Alloh taolo qiyomat kuni uning aybini to`sadi. Kim birodarini aybini ochsa, Alloh taolo uning aybini ochadi, hatto uyini ichida bo`lsa ham sharmanda qiladi”. (Ibn Moja rivoyati)

Ulamolar aytadi: Banda xatodan xoli emas. Bilib yo bilmasdan bir ayb ish qilsa, uni o`zi yoki o`zgalar oshkor qilishi joiz emas. Zero, Alloh ochmagan pardani ochmagan ma`qul. Kishi birodaridan bir ayb yo xatoni ko`rsa, uni isloh qilishga, to`g`rilashga harakat qilmog`i lozim. Bu ish qo`lidan kelmasa, u aybni yashirishi yaxshidir.

Yuqoridagi hadislardan kelib chiqsak “Aldama meni” ko`rsatuvining mualliflari bir insonning aybini butun dunyoga oshkor qilib, shu orqali obro` orttirishni niyat qilgandek. Kamiga, Dinimiz (nafaqat Dinimiz, balki aqli raso har bir inson) tomonidan qattiq qoralangan isrofgarchilikni ko`rsatib, nodonlikning eng yuqori cho`qqisini targ`ib etgan holda, odamlar ongini zaharlamoqda. Isrofgarchilik orasida eng kattasi bu – vaqtni isrof qilish, behuda, Dini va dunyosi uchun foydasi bo`lmagan ishlar bilan mashg`ul bo`lishdir.

Alloh taolo O`z Kalomi Qur`oni karimda shunday marhamat qiladi:

“Batahqiq, mo`minlar najot topdilar… Ular behuda narsalardan yuz o`girguvchilardir” (Mo`minun surasi, 1-3).

Albatta, vaqtni, umrni, Alloh taolo in`om etgan ne`matlarni qadrlovchi mo`minlar najot topadi. Allohning najoti esa ikki dunyo saodatidir. Isrofdan tiyilganlar dunyo va oxiratda aziz bo`ladi!

Xulosa. Hurmatli “ijodkor”lar, efir vaqtini to`ldirish, tomoshabinlarni ko`proq jalb etish, reytingda yuqori pog`onalarda turish uchun kurashayotgan telekanal “shoumen”lari va rahbarlari: bugun xalqimiz orasida axloqsizlik, behayolik, oriyatsizlik, benomuslik, iste`molchilik kayfiyati, dangasalik va beparvolik xavfli epidemiya kabi tarqalmoqda. Mazkur holatning rivojlanishida “siz”larning ham hissalaringiz kattagina foizni tashkil etadi.

Xitob: xalqni ma`naviy inqiroz tomon boshlamang. O`zingizni ham, tomoshabinlarni ham puch g`oyali, behayolik va axloqsizlikka asoslangan namoyishlaringiz bilan aldamang! Hayosizlik, axloqsizlik, olamoncha madaniyatni targ`ib etmang!

Zero, buning badali barchamiz uchun juda og`ir bo`ladi. Bunga tarix guvoh.

So`zimiz so`ngida, Alloh taolo O`z Kalomida, uyatsiz, behayo va fahsh ishlarni qoralab, bunday jinoyatlarni targ`ib etuvchi hamda bundan manfaat ko`ruvchilarni qattiq ogohlantirgan ushbu oyatni keltirib o`tmoqchimiz:

“Albatta, iymon keltirganlar ichida fahsh tarqalishini yaxshi ko`radiganlarga bu dunyoyu oxiratda alamli azob bordir. Alloh biladir, sizlar bilmassizlar” (Nur surasi, 19-oyat).

Шарҳлар