Долзарб мавзулар Foto

Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha vazifalar belgilandi

Бўлимлар: Siyosat
Теглар:
Добавлено: 04.09.2019, 22:17

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 4 sentyabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda bu borada ham juda ko`p ishlar amalga oshirildi. Sohani boshqarishni takomillashtirish maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkil etildi. 2019-2023 yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Aholining jismoniy tayyorgarligi va salomatligi darajasini belgilovchi “Alpomish” va “Barchinoy” maxsus testlarini o`tkazish tizimi joriy etildi.

Besh tashabbus hamda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida sport ob`ektlari ishga tushirilib, yoshlar sportga faol jalb etilmoqda. Olimpiya o`yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari g`olibi bo`lgan 204 nafar sportchi tuman va shaharlarga biriktirildi, ayrimlarining sport maktablari ochildi.

Yurtimiz vakillari o`tgan yilgi Osiyo o`yinlarida jami 70 ta, jumladan, 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza medalini qo`lga kiritib, umumjamoa hisobida 5-o`rinni egallagan edi.

Joriy yilning o`tgan davrida esa xalqaro musobaqalarda jami 442 ta, jumladan 145 ta oltin, 134 ta kumush va 163 ta bronza medali qo`lga kiritildi.

Yig`ilishda bundan keyingi musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko`rish, buning uchun joylarda zarur sharoit yaratish masalalari muhokama etildi.

2020 yilda Tokioda bo`lib o`tadigan XXXII yozgi Olimpiya o`yinlariga tayyorgarlik ahvoli qoniqarli emasligi, qator sport federasiyalari va hokimliklar yuqori natijalarni ta`minlaydigan sportchilarga sharoit yaratishga etarlicha e`tibor bermayotgani tanqid qilindi.

Milliy Olimpiya qo`mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga saralab olingan sportchilarning yaqin oylarda o`tkaziladigan xalqaro musobaqalarda yuqori o`rin egallab, Olimpiadaga lisenziyani qo`lga kiritishlari uchun yanada keng shart-sharoit yaratish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Albatta, moddiy-texnik baza muhim. Lekin natijani iqtidorli sportchi ta`minlaydi. Bunday yoshlarni topish uchun esa kuchli seleksiya tizimi zarur.

Ammo joylarda tashkil etilayotgan musobaqalar soni va saviyasi hozircha talabga javob bermaydi. Misol uchun, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Toshkent, Xorazm, Farg`ona hamda Qashqadaryo viloyatlaridagi 131 ta shahar va tumanda joriy yilgi musobaqalarni moliyalashtirishga mahalliy byudjetdan mablag` ajratilmagan. Yoki respublika miqyosida o`tkazilgan 230 ta musobaqada ayrim shahar va viloyat jamoalari umuman ishtirok etmagan. Bu milliy terma jamoalar tarkibiga mahoratli sportchilarni saralab olishga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda.

Shu bois yig`ilishda har bir hududdagi sport muassasalarini xatlovdan o`tkazib, sport zaxirasini shakllantirish, seleksiya va iqtidorli sportchilarni tanlab olish tizimini yo`lga qo`yish kerakligi ta`kidlandi.

Ma`lumki, sportchilarning tez tiklanib olishlari uchun farmakologik ko`mak zarur. Lekin, yurtimizda sport farmakologiyasi bo`yicha rivojlangan davlatlar tajribasini o`rganish, yangi dori vositalarini yaratish yuzasidan ilmiy izlanishlar olib borilmagan. Bu sohada malakali mutaxassislar ham yo`q. Ko`pchilik atletlar doping bo`lmagan qanday moddalardan foydalanish mumkinligini bilmaydi.

Sport federasiyalarining birortasida ham terma jamoa a`zolarining musobaqaga tayyorgarligi va tiklanish jarayonini monitoring qilish bo`yicha kompleks laboratoriya mavjud emas.

Shulardan kelib chiqib, tegishli vazirliklarga sport farmakologiyasini rivojlantirish, sport federasiyalarida ilmiy-kompleks laboratoriyalar tashkil etish bo`yicha qaror loyihasi ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.

Xorijiy davlatlar tajribasi asosida Olimpiya o`yinlariga tayyorgarlik ko`rish bo`yicha yagona markaz barpo etish taklifi ilgari surildi.

Jismoniy tarbiya va sport bo`yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta`minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi hamda Respublika sport tibbiyoti markazi faoliyatini takomillashtirish, bu boradagi o`quv dasturlari va metodologiyani yangilash, sportchilarning tayyorgarlik jarayoniga innovasion texnologiyalarni joriy etish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Videselektorda aholini, ayniqsa, yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Bunda, avvalo, umumta`lim maktablaridagi sharoit, muhit katta o`rin tutadi. Lekin maktablarda o`quvchilar jamoaviy sport o`yinlariga to`liq jalb etilmayapti. 2 mingdan ziyod maktabda sport zallari yo`q, 3 mingdan ortig`ida esa ta`mirtalab.

Sportga ixtisoslashgan maktab-internatlarda ham kamchiliklar bor. Masalan, Tayloq, Jizzax, Buxoro, Uchqo`rg`on, Denov tumanlari, Namangan, Qarshi va Andijon shaharlaridagi shunday maktablarda sport zali, yotoqxona, o`quv binolari etishmaydi.

Bolalar-o`smirlar, Olimpiya zaxiralari va oliy sport mahorati maktablari trenerlarining oylik ish haqi umumta`lim maktablarining jismoniy tarbiya o`qituvchilariga nisbatan deyarli 2 barobar past. O`z navbatida, trenerlarning 51 foizi o`rta maxsus ma`lumotga ega, 2 mingdan ortiq oliy ma`lumotli murabbiylarga ehtiyoj mavjud.

Oliy ta`lim muassasalaridagi sport inshootlari talabalarning qariyb 50 foizini qamrab olish imkoniyatiga ega bo`lsa-da, amalda 21 foiz talaba-yoshlar sport tadbirlariga qatnashmoqda.

Umuman olganda, mamlakatimiz bo`yicha 12 mingdan ortiq sport inshooti mavjud bo`lsa, ularning bir kunlik quvvati qariyb 1,5 million kishini tashkil etadi. Ya`ni, aholiga nisbatan sport inshootlari bilan ta`minlanish darajasi 4,5 foizdan oshmaydi. Xususan, bu ko`rsatkich Samarqand viloyatida 3,4 foiz, Surxondaryo viloyatida 3,5, Andijon viloyatida 3,7 foizdir.

Bunday ahvolda sportni qanday qilib ommalashtirish mumkin, deya savol qo`ydi Prezident.

Yig`ilishda shu kabi muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, buning uchun zarur mablag` va resurslar yo`naltirish masalalari muhokama qilindi.

Umumta`lim muassasalarida sport ob`ektlari qurish va ta`mirlash, ularni zamonaviy sport anjomlari bilan jihozlash, ixtisoslashgan maktab-internatlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari belgilandi.

Maktab o`quvchilari o`rtasida sport musobaqalari va jismoniy tarbiya fanidan olimpiada tashkil qilib, ularda g`olib bo`lganlarni oliy ta`lim muassasalariga kvotadan tashqari imtiyozli asosda qabul qilish hamda ularga sport toifasi berish masalasi ko`rib chiqildi. Shuningdek, bunday yoshlarni tayyorlagan jismoniy tarbiya o`qituvchilari ish haqiga qo`shimcha ustama, yuqori toifa va unvonlar berish taklif etildi.

Soha uchun kadrlar tayyorlash qamrovini kengaytirish, intensiv malaka oshirish platformasini yo`lga qo`yish, murabbiylarga talab yuqori bo`lgan yo`nalishlar bo`yicha maxsus sirtqi bo`limlar tashkil qilish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Oliy ta`lim muassasalarini, imkoniyati va xususiyatidan kelib chiqqan holda, ma`lum bir sport turlariga ixtisoslashtirish lozimligi ko`rsatib o`tildi. Bu talabalarning bo`sh vaqtini mazmunli o`tkazish barobarida sport federasiyalari bilan hamkorlik orqali professional sportga mahoratli yoshlarni saralash imkonini beradi.

Mutasaddilarga oliy ta`lim muassasalari va tuman (shahar)larni aniq sport turlariga ixtisoslashtirish, yuqori sport natijalariga erishgan yoshlarni va jismoniy tarbiya o`qituvchilarini rag`batlantirish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha mutasaddilari va hokimlar axborot berdi.


Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

SUG'DIYONA