42

To`y-hashamlarni tartibga solish bo`yicha qat`iy qaror qabul qilindi

Jamiyat 14.09.2019, 12:53
575
To`y-hashamlarni tartibga solish bo`yicha qat`iy qaror qabul qilindi

To`ylar va boshqa marosimlarda me`yoridan ortiq dabdaba, isrofgarchilikka yo`l qo`yish kabi holatlar davom etayotgani og`riqli muammolardan biri bo`lib qolmoqda.

Shu sababli to`y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag`ishlangan tadbirlar o`tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishga ehtiyoj tug`ildi.

Bugun Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi kengashlarining qo`shma majlisida tashkil etilib, unda aynan shu masala muhokama markazida bo`ldi.

Senat raisi Tanzila Norboevaning qayd etishicha, o`rganishlar tahlili, shuningdek aholi bilan bevosita o`tkazilgan muloqotlar, jamoatchilik vakillaridan kelib tushgan murojaatlar ushbu sohada bir qator jiddiy muammo va kamchiliklar hamon saqlanib qolayotganini ko`rsatdi. Xususan, ayrim fuqarolar dabdabali to`y marosimlari va ularni o`tkazishga sarflanadigan katta xarajatlar oqibatida qarzga botmoqda va undan qutulish maqsadida chet elga ishlash uchun chiqib ketmoqda.

Bunday holatlarga chek qo`yish maqsadida “To`y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag`ishlangan tadbirlarni o`tkazish tartibi to`g`risida”gi Nizom ishlab chiqildi.

Nizomga ko`ra, oilaviy tadbirlar o`tkazilishini tartibga solishda ijtimoiy adolat va qonuniylik, milliy urf-odat va qadriyatlarga sodiqlik, boshqa din va millat vakillarining urf-odatlarini hurmat qilish hamda jamoatchilik fikrini inobatga olish tamoyillariga rioya etiladi.

Ushbu hujjat bilan bunday tadbirlarni o`tkazish tartibiga umumiy talablar qo`yildi. Unga ko`ra, oilaviy tadbirlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 23:00 oralig`ida o`tkaziladi.

Soat 23:00 dan keyin oilaviy tadbirlarni davom ettirishga yo`l qo`yilmaydi.

Oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi.

Qo`shaloq to`y-hashamlarda 250 nafargacha, u bilan bog`liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin.

Dafn etish va motam marosimlari ko`pi bilan uch kun mobaynida cheklanmagan miqdordagi fuqarolar ishtirokida o`tkazilishi mumkin, osh berish marosimi bundan mustasno.

Oilaviy tadbirlarni o`tkazishda quyidagi talablarga rioya etish shart:

to`y-hashamlarni o`tkazuvchi shaxslar tadbirlarni o`tkazishdan kamida bir hafta oldin yashash joyidagi fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarini xabardor qilishi;

nikohni davlat ro`yxatidan o`tkazish, kelin-kuyovning to`yxonaga kelishi va ketishi bilan bog`liq oilaviy tadbirlarda 3 tadan ko`p bo`lgan engil avtomashinadan yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa transport vositalaridan foydalanmaslik;

oilaviy tadbirlarda (dafn etish marosimidan tashqari) pulli avtotransport xizmati lisenziyaga ega bo`lmagan tashuvchilar tomonidan ko`rsatilishiga yo`l qo`ymaslik, to`y egalarining shaxsiy avtomashinalaridan hamda homiylar yordamida jalb etilgan avtotransport vositalaridan foydalanilgan hollar bundan mustasno;

shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilikka yo`l qo`ymaslik;

mahallalardagi ijtimoiy-ma`naviy muhit barqarorligiga putur etkazmaslik, jamiyatda shakllangan odob-axloq qoidalariga qat`iy amal qilish.

Oilaviy tadbirlarda diniy mavzuda ma`ruza ko`zda tutilgan bo`lsa, ushbu ma`ruza din idorasining vakolatli vakili tomonidan o`qiladi.

Milliy an`analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo`lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo`shimcha rasm-rusumlarni (“kelin navkari”, “chorlar”, “ota ko`rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog`ora yuborish” va hokazolarni) o`tkazishga yo`l qo`yilmaydi.

Dafn etish va motam marosimlari bilan bog`liq ortiqcha tadbirlarni (“etti”, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “hayit”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va hokazolarni) o`tkazishga yo`l qo`yilmaydi.

Oliy Majlis palatalari kengashlari a`zolari, deputatlar, senatorlar, vazirlik va idoralar mutasaddi rahbarlari, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etan tadbirda ushbu masala bo`yicha Senat va Qonunchilik palatasi kengashlarining qo`shma qarori qabul qilindi.

Nizomda yuqorida tilga olinganida tashqari to`y-hashamlar bilan bog`liq yana boshqa ko`plab jihatlar qamrab olingan.

Комментарии