42

O`zbekiston Prezidenti Rossiya Davlat dumasi raisini qabul qildi

Siyosat 16.09.2019, 20:30
496
O`zbekiston Prezidenti Rossiya Davlat dumasi raisini qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 16 sentyabr kuni Rossiya Federal Majlisining Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin boshchiligida mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo`lib turgan delegasiyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, oliy darajadagi muntazamlik kasb etgan samarali muloqot O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlariga mutlaqo yangi sur`at bag`ishlash, ularni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Shu ma`noda Davlat dumasi yuksak darajali delegasiyasining ushbu tashrifi ko`p qirrali hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashga ikki tomon ham intilayotganining navbatdagi tasdig`idir.

Vyacheslav Volodin, o`z navbatida, samimiy qabul uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirdi hamda Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz o`rtasida siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport-kommunikasiya, ilmiy-texnik, ta`lim, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Faol parlamentlararo muloqotlar va almashinuvlarni, jumladan, O`zbekiston va Rossiya parlamentlari palatalari o`rtasida yo`lga qo`yilgan hamkorlik mexanizmlaridan samarali foydalangan holda davom ettirish muhimligiga alohida e`tibor qaratildi.

Qonun ijodkorligi faoliyatining turli masalalari bo`yicha yaqin sheriklikni yo`lga qo`yish, hududlararo aloqalar va istiqbolli kooperasiya loyihalarini qo`llab-quvvatlash, ikki va ko`p tomonlama kelishuvlar, jumladan, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan bitimlarni amalga oshirishga ko`maklashish hamkorlikning ustuvor yo`nalishlari sifatida qayd etildi.

Vyacheslav Volodin O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi keng ko`lamli hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash maqsadida parlamentlararo aloqalarni kengaytirishga intilishi qat`iy ekanini tasdiqladi.

Uchrashuv so`ngida yuqori martabali mehmon joriy yilda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy vakillik hokimiyati organlariga saylovlar muvaffaqiyatli o`tishini tiladi.

Комментарии