Global iqtisodiy o`sish sur`atlari so`nggi o`n yillikdagi eng past ko`rsatkichga qadar tushib borayotgani oydinlashdi. Bu haqda Euronews.com nashri xabar berdi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ekspertlarining fikricha, joriy yilda dunyo yalpi ichki mahsulotining o`sishi kutilganidan ko`ra ancha past bo`ladi va 2,9 foizni tashkil etadi. Iqtisodchilar mamlakatlar hukumatlari savdo munosabatlaridagi keskinlikni to`xtatishga va infratuzilmalarni rivojlantirishga da`vat etishmoqda. Bordi-yu, bu borada zarur choralar ko`rilmasa, iqtisodiy o`sish ko`rsatkichlari pastga sho`ng`ishda davom etadi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tavsiyalari Evropa Markaziy banki hisob-kitoblariga deyarli mutanosibdir. Tashkilot ma`lumotlariga ko`ra, Evropa Ittifoqi davlatlarida yalpi ichki mahsulot o`sish ko`rsatkichlari joriy yilda 1,1 foizni va 2020 yilda esa 1 foizni tashkil etadi. Ekspertlar fikricha, kelishuvsiz Breksit jarayoni ro`y beradigan bo`lsa, Birlashgan qirollik yalpi ichki mahsulotining o`sish sur`ati 2 foizga qisqarib ketadi va mamlakat iqtisodiyoti turg`unlikka yuz tutadi.