41

Oliy ta`limga zamonaviy texnologiyalar joriy etiladi

Jamiyat 21.09.2019, 17:39
598
Oliy ta`limga zamonaviy texnologiyalar joriy etiladi

Mamlakatimizda ta`lim sohasini taraqqiy ettirish, xususan, oliy ta`limni rivojlantirish orqali sohalarga zamon talablari asosida faoliyat ko`rsatuvchi malakali kadrlarni tayyorlash imkoniyati oshirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 mayda Oliy ta`lim muassasalari rektorlari va respublika ilmiy jamoatchiligi bilan o`tkazgan yig`ilishida ham ayni shu masala, oliy ta`limni tubdan isloh qilish va rivojlantirish, oliy ta`lim sifatini oshirish, ta`lim jarayoniga axborot texnologiyalarini keng joriy etish kabi dolzarb vazifalar qo`yilgan edi.

2019 yilning 21 sentyabr kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat universitetida Bosh vazir o`rinbosari A.Abduhakimov, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri I.Majidov hamda oliy ta`lim muassasalari rektorlari ishtirokida davlatimiz rahbari tomonidan qo`yilgan vazifalarning ijrosi, oliy ta`lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ularning samaralari muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi.

Yig`ilishda oliy ta`lim muassasalarida ta`lim sifatini oshirish, talabalarga har tomonlama qulay sharoit yaratish, ta`lim jarayoniga axborot kommunikasion texnologiyalarni joriy etish kabi masalasi muhokama qilinib, sohadagi yutuqlar hamda yuzaga kelayotgan muammolar o`rganildi.

Ma`lumki, o`tgan 2018 yil oxirida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta`lim muassasalarida ta`lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida “SMART universitet” elementlarini joriy etishga qaratilgan loyihani amalga oshirish ishlari boshlangan edi.

O`tgan davr mobaynida pedagogika sohasida tayanch oliy ta`lim muassasasi hisoblangan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida ta`lim jarayoniga SMART elementlarini joriy qilish bo`yicha qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan:

  • universitetning ta`lim, ilmiy va ma`muriy faoliyati jarayonlarini boshqarishni avtomatlashtirishga qaratilgan“E-univesitet”” axborot tizimining 15 ta komponentdan iborat tarkibiy tuzilmasi ishlab chiqildi. Bugungi kunda “E-univesitet” axborot tizimining boshlang`ich 8 ta komponenti dasturiy platforma ko`rinishida ta`lim jarayoniga joriy qilindi;
  • Talabalar va professor-o`qituvchilarni identifikasiya qilish tizimi (FingerPrint texnologiyasi) orqali ularning davomatini nazorat qilishning elektron tizimi joriy etildi;
  • Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instutida tadbiq etilgan axborot tizimlaridan E-minbar tajribasi o`rganilib, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida ayni vaqtga qadar joriy qilingan axborot tizimlarini o`zaro integrasiya qilish natijasida Smart-auditoriya faoliyati yo`lga qo`yildi. Smart-auditoriya o`zida FingerPrint, Smart-minbar, multimediya proektori kabi zamonaviy axborot texnologiyalarini jamlagan tizim bo`lib, unda ta`limning barcha jarayonlarini onlayn tarzda boshqarish imkoniyati mavjud.

FingerPrint texnologiyasi talaba va professor-o`qituvchilarning barmoq izlarini skanerlash asosida davomatni avtomatik tarzda aniqlaydi hamda markaziy serverda qayd etib boradi. Ushbu texnologiya o`qituvchining dars boshlanishida an`anaviy yo`qlama (davomat aniqlash) uchun sarflaydigan vaqtini tejash bilan birga fakultet va kafedralardagi mas`ul xodimlarning ish samaradorligini va shaffofligini oshiradi.

Smart-minbar dasturiy platformasi professor-o`qituvchiga o`zining virtual kabinetidagi ishini tashkil qilish, joriy sana uchun dars jadvali, taqvim-mavzuli (kalendar-tematik) reja , bugungi mavzu va darsga oid boshqa ma`lumotlar bilan tanishish, mashg`ulot davomida talabalarga mavzu doirasida yanada ko`proq ma`lumot berishda qulay vosita hisoblanadi.

Bugungi kunda universitetning “Innovasion pedagogika” qo`shma fakultetida ma`ruzalarga Belarus davlat pedagogika universitetining etuk professor-o`qituvchilari jalb qilingan bo`lib, ular conf.uzcloud.uz maxsus platformasi yordamida onlayn vebinar ma`ruza mashg`ulotlarini olib bormoqda. Ushbu platforma video, ovoz hamda o`qituvchining kompyuteridagi taqdimotini bir vaqtda translyasiya qilish, shuningdek vebinarni to`liq yozib olish imkonini beradi.

Yig`ilishda universitetning “SMART-auditoriya”si taqdimoti o`tkazilib, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti misolida oliy ta`lim muassasalarining axborot texnologiyalari infrastrukturasini tizimli takomillashtirish, ta`lim jarayonini tashkil etish, boshqarish va nazorat qilishni avtomatlashtirish, bu boradagi xorijiy davlatlar tajribalarini tanqidiy tahlil qilish va ta`lim jarayoniga tadbiq qilish masalasi muhokama qilindi. Mazkur universitetning axborot texnologiyalarini takomillashtirish sohasidagi ishlarini boshqa oliy o`quv yurtlarida ham joriy etish zarurligi ta`kidlandi.

Bizning oldimizga oliy ta`limni, umuman ta`lim tizimini rivojlantirish vazifasi qo`yilgan, – dedi Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov. – Tizimni rivojlantirishda asosan axborot texnologiyalarini yanada chuqurroq joriy qilish bilan yuqori samaraga erishish mumkin. Ushbu tatbiq qilinayotgan tizimlarning samarasi shuki, avvalo davomatni tekshirishga o`qituvchilarning vaqti ketmaydi. Biz bilamizki, avval darsning bir qismi talabalarning davomatini qayd qilish bilan o`tib ketardi. Demak o`qituvchi talabalarga dars mavzusini yanada ko`proq ochib berish va ular ham darsda yoki ma`ruzada olgan bilimlarini, qobiliyatini namoyon qilish imkoniyatiga ega bo`lishadi. Oliy ta`lim muassasasi rahbarlari ham bu dars jarayonini bevosita kuzatib borishadi. Bundan tashqari, agar talaba ham qandaydir sabab bilan darsga qatnasha olmagan bo`lsa jarayonni onlayn rejimida ko`rib borishi mumkin. Endi darslarga komissiya guruhi kirib nazorat qilishi shart emas. Dars jarayonini bemalol onlayn tarzda har kuni nazorat qilish mumkin bo`ladi. Bu, albatta, o`qituvchilar mas`uliyatini oshirish bilan birga ta`lim sifati yaxshilanishiga xizmat qiladi. Chunki asosiy maqsad faqat diplom olish emas!

Manzura BEKJONOVA

Комментарии