42

Ochofatlik kasalligining davosi bormi?

Salomatlik 28.09.2019, 12:11
216
Ochofatlik kasalligining davosi bormi?

"Qaynonam juda ko`p ovqat eydi. To`yganini bilmaydi. Ba`zan bo`kib, mazasi bo`lmay qoladi. Bu odatni qanday to`g`rilasa bo`ladi. Yoki bu shunday kasallikmi? Ochofatlik kasalligining davosi bormi?"

Mehribon, Namangan shahri.

Ekspert: Zebiniso AHMEDOVA, psixolog, psixoterapevt

Qisqa vaqt ichida juda ko`p ovqat eyish va bunda o`zini nazorat qila olmaslik holati «bulimiya» deb ataladi. Bulimiya – doimiy ovqat eyish istagi bilan yurish. Hech bir harakat va vaziyat bu istakni so`ndira olmasligi bulimiyaning asosiy ko`rsatkichidir.

Xuddi alkogolizm kasalligida aroqni hurujli ichishga ishtiyoq bo`lganidek, bulimiyada ovqatni xurujli eyish holati paydo bo`ladi. Hurujli va hujumli ovqat eyish paytida bulimiyaga uchragan inson biroz taskin topib, lazzatlanadi.

Bulimiya kasalligida odam ko`p ovqat egandan keyin oshqozonni tozalash va ichaklardan bu ovqatlarni sun`iy yo`l bilan haydash istagi paydo bo`ladi. Ular sun`iy yo`l bilan qo`lini og`ziga tiqib qusishlari, ichni yuvadigan, ichni suradigan dorilar ichishlari, siydik haydovchi dorilar bilan go`yoki semirishdan qutulish uchun vazn to`plashning oldini olish choralarini qo`llashlari mumkin. Ba`zan esa juda ko`p ovqat eganlaridan keyin o`zini qiynoqlarga solish darajasida ko`p harakat qilib, egan ovqatini organizmdan chiqarishga harakat qilishadi.
“Ovqatdan bo`kish” haftasiga bir-ikki marta ro`y beradi. Oshqozonni tozalash istagi semirib ketishdan qo`rqish va havotirlanish fikrlarini kamaytirish uchun o`ylab topilgan sun`iy “shifo”dir.
Psixologik nuqtai nazardan qaraganda bulimiya alkogolizm, norkomaniya, tamakiga qaram bo`lish kabi qaramliklarning bir turidir. Bunday insonlarning o`zini idora qilish qobiliyati kamligi, irodasining sustligi va bu holatlarning asosi o`ziga ishonchning yo`qligidan o`z fikrlariga o`zi qaram bo`lib yashaydi. Bulimiyaga uchragan insonlar ko`p ovqat eb qo`yganidan keyin o`zini yomon ko`rishi bilan birga o`zini ayblaydi, qoralaydi, ich-ichidan o`zini kaltaklaydi go`yo.

Negativ fikrlarning qurboni bo`lgan bu insonlar ovqatga bo`kish sodir bo`lgandan keyin bir necha kun kayfiyatsiz bo`lib yurishadi. O`zidan o`zi uyaladi, o`zini uzoq vaqt davomida “tarbiyalashga» harakat qilishadi. Ko`pincha «boshqa bunday bo`kib ovqat emayman” deyishadi va kayfiyatsizlik, tushkunlik qurboni bo`lib yana bo`kib oqat eb qo`yaverishadi.

Ayollarda ko`p uchraydimi?

Bulimiya ayollarda erkaklarga qaraganda bir necha marta ko`p uchraydi. Bu kasallik ko`pincha o`smirlikda uchraydi va 20-25 yoshlarda avj oladi.
Bulimiyaga uchragan odamlarning xarakterida perfeksionizm ya`ni hamma narsaning judayam yaxshi bo`lishiga intilish kabi sifatlar bo`ladi. Bunday odamlar tartibni yaxshi ko`radigan, aniqlikni talab qiladigan, inpulsiv qarorlar chiqarishga moyil odamlar bo`lishadi. Bulimiya maqtovni istaydigan, xudbin, o`zining imidjiga ko`p e`tibor qilishlarini istagan, asossiz o`zini sevgan odamlarning kasalligidir.

Bulimiyaga uchraganlarda quyidagi ruhiy og`ishishlar bo`ladi:

1. Bulimiyaga uchragan odamlarning aksari qismida depressiya kasalligi bo`lishi kuzatilgan.
2. Fobiya, havotir, obsessivno-kompulsiv buzilish.
3. Ruhiy zo`riqishdan keyingi stress va uning oqibati.
4. Diqqat, xotiraning buzilishi va giperaktivlikning paydo bo`lishi.
5. Dorisiz uxlay olmaslik, ko`p dori iste`mol qilish.

Kasallikka ruhiy jarohat sababmi?

Bulimiya paydo bo`lishiga bolalikdagi ruhiy jarohatlanish va og`ir tarbiya ham hissa qo`shadi. Ayniqsa, seksual zo`rovonlik miyaning bir qismiga o`rnashib qoladi va bu havotir, qo`rqinch keyingi hayotida o`z aksini topadi.
Bulimiyaga uchragan o`smirlarning oilasidagi muhit o`rganilganda ayovsiz tarbiya, qattiqqo`llik, berahmlik kabi munosabatlar borligi ham aniqlangan.

Qanday omillar ta`sir ko`rsatadi?

Bulimiya ruhiy zo`riqishning bir ko`rinishi bo`lib quyidagi vaziyatlarni keltirib chiqaradi:

— oilada, ishxonada, o`zaro munosabatlardagi kelisha olmaslik;
— nazorat qilib bo`lmaydigan va iroda qilishning iloji yo`q bo`lgan g`azabning quyilib kelishi;
— o`zini yolg`iz sezish va tashlandiq odamga o`xshatish;
— dunyoni oq-qora rangda ko`rish, yaxshiliklarni sezmaslik;
— his-tuyg`ularini idora qila olmaslik;
— o`zini past baholash;
— miyadagi yomon fikrlardan qutula olmaslik;
— egulikni sumkasiga solib olib yurish;
-begona joylardagi dasturxondan egulikni o`zi bilan olib ketish;
-ovqat eganda ko`p kulish;
-ovqat eyish haqida ko`p gapirish;
-qishga egulik g`amlashga ko`p urg`u berish;
-dasturxonning ko`p vaqt ochiq turishi va yig`ilmasligi;
-ish qilganida ovqatlanib ish qilish;
-yopishib turadigan va qora kiyim kiyish (go`yoki bu ozg`in ko`rsatadi deb o`ylash);

ASORATLARI

Bulimiyaga uchragan odamlarning aksariyati semiz yoki semizlikga moyil ortiqcha vazni bor insonlardir. O`zini idora qilish uchun kun bo`yi ovqat emasdan o`zini qiynashi va kechki payt ko`p ovqat eyishi oqibatida oshqozon buzilishlariga uchrashi mumkin.

DAVOLASh

Bulimiya psixosomatik kasalliklar turiga kiradi va ong ostidagi nizolarni tahlil qilish bilan uning ildizini davolash mumkin. Kognitiv-xarakat terapiyasi, gipnoterapiya, neyrolingvistik dastur o`rnatish ham bulimiyani engishga yordam beradi.

Bulimiyaga uchragan insonlarga hissiyotlarni boshqarishni ham o`rgatish lozim. Kasallikning og`ir ko`rinishlarida haftasiga uch-to`rt marta bo`kib ovqat eyish kuzatilganida antidepressantlar berish tavsiya qilinadi.

Bulimiya inson irodali bo`lishi uchun, o`zini yaxshi ko`rib, o`ziga ishonch tuyg`usini to`g`ri shakllantirishi uchun bir imkoniyatdir.
Sizda va yaqinlaringizda bulimiya kasalligi bo`lsa, psixoterapevt bilan ishlash ma`qul yo`ldir. Chunki bulimiya ortiqcha vazndan semizlikka, so`ngra qand kasalligi, oshqozon osti bezi kasalliklariga olib kelishi va psixosomatika somatik o`zgarishlarga o`tishi mumkin.
Bulimiyadan qutulish albatta sizni kuchli qiladi.

Manzura BEKJONOVA tayyorladi.

Комментарии