Sog`liqni saqlash vazirligi Samarqanddagi tug`ruqxonada yangi tug`ilgan chaqaloq 4 kun och qolib, tomiriga ukol qilinib, hatto ignasi ham olinmasdan uyiga javob berib yuborilgani haqidagi xabarga munosabat bildirdi. Ma`lum bo`lishicha, voqeaga oydinlik kiritish maqsadida Samarqand viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tashkil etilgan, o`rganish ishlari olib borilib, quyidagilar aniqlangan.
Qayd qilinishicha, 16 sentyabr kuni taxminan soat 12:40 atrofida Samarqand davlat tibbiyot instituti 1-klinikasining tug`ruq bo`limiga Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanidan 1996 yilda tug`ilgan M.A qorinning pastki qismida, oldingi operasiyadan keyingi chandiq sohasidagi kuchli og`riq va tug`ruq dardi bilan shoshilinch murojaat bilan kelgan.
Homilador ayolning birinchi tug`ruq jarayoni 2017 yil Qashqadaryo viloyati tug`ruq kompleksida jarrohlik (kesarcha kesish) yo`li bilan amalga oshirilgan bo`lgan. Bundan tashqari, M.A Samarqand viloyatidan ro`yxatdan o`tmaganligi, uning homiladorlik davri Qashqadaryo viloyatida o`tganligi bois homila davri, skrining tekshiruvlari homiladorlik varaqasida ko`rsatilmagan. Bu esa shifokorlarga ma`lum ma`noda qiyinchilik tug`dirgan.
M.A Samarqand davlat tibbiyot instituti 1-klinikasining tug`ruq kompleksiga shoshilinch ravishda qabul qilinib, to`liq tegishli tibbiy tekshiruvlardan o`tkazilgan. Unga ikkinchi homiladorlik, homila 38-39 haftalik, bachadonda kesarcha kesish operasiyasidan keyingi chandiq nosozligi, anemiyaning engil darajasi kabi tashxislar qo`yilgan. M.Aga 16 sentyabr kuni soat 13:25 da shoshilinch ravishda kesarcha kesish operasiyasi o`tkazilib, jinsi qiz tirik homila olingan.
Chaqaloq tug`ilganidan so`ng 2 soat davomida vrachlar nazoratida bo`lgan, kuzatuv davomida chaqaloqning og`iz-burun atrofida ko`karish alomatlari bo`lganligi va tug`ruqxona sharoitida kislorod terapiyasi o`tkazilishiga qaramasdan ko`karish alomatlari kuchayganligi sababli to`liq tibbiy tekshiruvlardan o`tkazish maqsadida viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazining neonatal reanimasiya bo`limiga yuborilgan. Markazda barcha laborator va instrumental diagnostik tekshiruvlari (yurakni exokardiografiyasi, ko`krak qafasi obzor rentgenografiyasi, bosh miya neyrosonografiyasi) o`tkazilgan.
Markazning malakali mutaxassislari, jumladan, bolalar kardiojarrohi tomonidan o`tkazilgan diagnostik tekshiruvlar chaqaloqda tug`ma yurak nuqsoni, atrioventirikulyar kommunikasiyasi, yagona qorincha (uch kamerali yurak), o`pka arteriyasining atreziyasi, yurakning me`yordagi chegaralaridan kattalashishi tasdiqlangan.
Shundan so`ng, markaz mutaxassislari chaqaloqning ota-onasiga go`dakda tug`ma yurak nuqsoni va boshqa nuqsonlar borligi, uning ahvoli og`irligi to`g`risida tushuntirgan. Bemor chaqaloqqa kompleks reanimasion davolash muolajalari davom ettirilishiga qaramasdan ijobiy o`zgarish kuzatilmaganidan so`ng ota-onasi tilxat asosida chaqaloqni uyiga olib ketishgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, muhokamalarga sabab bo`layotgan mazkur xabarning ikki jihatiga alohida e`tibor qaratishni lozim topdik. Birinchidan, xabarda bolaga ukol qilinib, ninasi olinmaganligi iddao qilingan. Vaholanki, chaqaloqning qon tomiridagi nina emas, balki tomir kateteri bo`lgan.
Tibbiyotda kateter aynan bola muolajalarda qiynalmasligi uchun ham foydalaniladi. Asosiysi, kateter faqatgina malakali mutaxassislar tomonidan o`rnatilishi mumkinligi va ushbu kateter davo muolajalarini davom ettirish uchun juda qulay hamda chaqaloqqa salbiy ta`sir ko`rsatmasligini alohida ta`kidlash joiz.
Ikkinchidan, xabarda chaqaloq shifoxonada bo`lgan davrida biror marotaba onasiga ko`rsatilmaganligi, emizilmaganligi sababli bola och qoldirilganligi aytilmoqda. Aslida esa chaqaloq muntazam kislorod ostida bo`lgani va sanitariya talablaridan kelib chiqib reanimasiya tozaligi va tibbiy talablarga rioya qilish maqsadida yaqinlariga ko`rsatish imkoni bo`lmagan. Ammo chaqaloqqa har ikki soatda zont orqali sun`iy oziqa berib borilgan.
Xulosa o`rnida shuni aytishimiz mumkinki, vena qon tomiriga qo`yilgan tomir kateteri bemorda saqlangan holda uyga javob berib yuborilganligi shifokorlarning chaqaloq qisqa fursatlarda nobud bo`lishi mumkin, degan fikrda emas, aksincha go`dakni davolash ishlari davom ettirilishi uchun qoldirilganligini bildiradi.
Sog`liqni saqlash vazirligi.